«Uch avlod uchrashuvi" o‘tkazildi

«Uch avlod uchrashuvi" o‘tkazildi

@adliya

Katta avlod aytish mumkinki, tajriba, saboq, ibrat, o‘rnak va namuna maktabidir. O‘rta va kichik avlod bilan uchrashuvlarda, odatda samimiyat va maslahatlar ustuvorlik qiladi. Shu asnoda xulosalar qilinadi, boy tajribalar orttiriladi. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan «Uch avlod uchrashuvi" tadbiri ana shunday ezgu maqsadlar uchun xizmat qildi. 

Tadbirga uzoq yillar adliya tizimida faoliyat yuritgan faxriy huquqshunoslar taklif etildi.

Shuningdek, uchrashuvda hozirgi vaqtda adliya organlarida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar, yuridik texnikum o‘quvchilari, Guliston shahar va Mirzaobod tuman adliya bo‘limiga biriktirilgan yoshlar ishtirok etishdi.

Samimiy ruhda o‘tgan tadbir davomida faxriy ustozlar Shavkat Niyozov, Dilbar Nabiyeva o'zlarining sohaga kirib kelishi, hayotiy tajribalari, mehnat faoliyatidagi qiziqarli voqealar bilan o‘rtoqlashdilar.

Faxriylar yoshlarga alohida murojaat qilib, tanlagan kasblarining jamiyat uchun ahamiyati, bu kasb bilan faxrlanish, jamiyat oldidagi burchlarini sharaf bilan ado etish nechog‘li muhim ekanini aytib o‘tishdi.

Dilkash suhbatlar Guliston ixtisoslashtirilgan san'at maktabi o'quvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar bilan yanada fayzli bo'ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Uch avlod uchrashuvi” yoshlarni yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash, huquqshunoslik kasbiga mehr uyg‘otishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Eng muhimi, yoshlar o'zlari uchun yangi maqsad va marralarni belgilab oldilar. Taassurotlar esa fotosuratlarga muhrlandi.

Tadbir so‘nggida faxriylarga ehtirom ko‘rsatilib, sovg‘alar ulashildi.

  

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati

Report Page