Tadbirkorning manfaatlari himoya qilindi

Tadbirkorning manfaatlari himoya qilindi

@adliya

“Narmax lider quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Xovos tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida transport xizmati ko‘rsatish shartnomasi imzolanib, shartnoma shartlariga ko‘ra, jamiyat avtoransportda yuklarni tashish xizmatini ko‘rsatish, unitar korxona o‘z navbatida bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlarni qabul qilish hamda ularning haqini to‘lash majburiyatini olgan va shartnoma qiymati 788 500 000 so‘mni tashkil etgan.

Shartnomaga asosan jamiyat tomonidan yuk avtomashinasida xizmatlar ko‘rsatilgan, biroq, Xovos tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan ushbu xizmatlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qisman avans tariqasida 236 550 550 so‘m to‘lab berilgan, xolos.

Xovos tuman adliya bo‘limi tomonidan “Narmax lider quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ushbu qarzdorlikni undirish yuzasidan murojaati o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnoma, unda belgilangan huquq va majburiyatlarning qonunchilik talablariga muvofiqligiga asosiy e’tibor qaratildi. 

Ish hujjatlariga ko‘ra, da’vogar tomonidan shartnoma shartlari bajarilib, javobgarga yuklarni tashish xizmati ko‘rsatilgani lekin javobgar tomonidan ko‘rsatilgan xizmat haqi to‘lab berilmaganligi o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa – ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak. 

O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasida Yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun sotib oluvchi (buyurtmachi) yetkazib beruvchiga o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan o‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida, ammo kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida penya to‘laydi, deb belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan “Narmax lider quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati manfaatida Boyovut tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Natijada ushbu da’vo arizasi qanoatlantirilib, tadbirkorning huquq va manfaatlari himoya qilindi. Sudning hal qiluv qarori bilan «Xovos tuman yo‘llardan foydalanish» davlat muassasasi hisobidan «Narmax lider quruvchi» mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 551 297 370 so‘m asosiy qarz, 5 000 000 so‘m penya, Respublika Byudjetiga 11 392 008 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.


Elyor Amanbayev,

Xovos tuman adliya bo'limi boshlig'i




Report Page