Fuqaro 20 yil yashagan uyiga egalik huquqini oldi

Fuqaro 20 yil yashagan uyiga egalik huquqini oldi

@adliya

Fuqaro M.U. “Shukrona” mahallasida 2006-yildan buyon yashab kelayotganligini bildirib, ushbu xonadonga egalik faktini sud orqali belgilashda huquqiy yordam ko‘rsatishni so‘rab Yangiyer shahar adliya bo‘limiga murojaat qilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida fuqaro M.U. mazkur xonadonda qariyb 20 yildan ortiq vaqt davomida yashab kelayotgani, u xonadonga nisbatan mulk huquqini o‘z vaqtida rasmiylashtirmagan bo‘lsa-da, ushbu davr mobaynida xonadondan o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, barcha kommunal to‘lovlarni muntazam to‘lab, xonadonni o‘z hisobidan bir necha marotaba ta’mirlagan.

Mazkur holatni qo‘shnilar ham tasdiqladi. Bundan tashqari, xonadon bo‘yicha kommunal to‘lovlardan qarzdorlik mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomalar ham mavjud.

Kadastrlar palatasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi Yangiyer shahar bo‘limining tegishli ma’lumotiga ko‘ra, mazkur xonadon kadastr raqami bilan V.Sh. nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasi hamda Oliy sud Plenumining 1999-yil 24-sentyabrdagi 16-son qarori talablari asosida, ko‘chmas mulkka 15 yil davomida halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs ushbu mol-mulkka mulk huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.

Mazkur huquqiy normalardan kelib chiqib, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Sud tomonidan ish holatlari atroflicha ko‘rib chiqilib, fuqaro M.U.ning murojaati qanoatlantirildi hamda xonadonga egalik qilish huquqini belgilash to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.


Javohir Komilov,

Yangiyer shahar adliya bo'limi boshlig'i v.b.


Report Page