Respublika ishchi guruhi tashrifi doirasida Guliston shahrida "Huquqiy axborot kuni" hamda Sirdaryo tumanida yoshlar bilan muloqot tashkil qilindi
@adliya axborot xizmati
Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatida aholi muammolariga eʼtibor qaratish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan Davlat rahbarining topshirigʻiga binoan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatida bo'lib turibdi. Tashrif doirasida Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan aholining huquqiy muammolari o‘rganilmoqda.

Ana shu ma’noda Sirdaryo viloyati yuridik texnikumida tashkil etilgan “Huquqiy axborot kuni” keng qamrov kasb etdi.
Viloyatda bugungi kunda 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari qonuniy faoliyat olib bormoqda.

Tadbirda dastlab nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni muhim ekanligi yuzma-yuz muloqotlarda alohida ta’kidlandi.

“Huquqiy axborot kuni”da “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida iqtidorli nogironlar tomonidan ishlab chiqarilgan, tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish etildi.

“Yagona oilada” shiori ostida Milliy madaniy markazlar tomonidan namoyish etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasi va badiiy chiqishlar xalqimizga xos bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni o‘zida ifoda etdi.

“Huquqiy axborot kuni” doirasida sayyor qabul tashkil etilib, aholining muammolari o‘rganildi. Jarayonda adliya, notariuslar, advokatlar, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDY, professional mediatr, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlari tomonidan aholiga tegishli huquqiy maslahatlar berildi.





Sayyor qabulda 119 ta murojaatlar kelib tushdi, shundan, 24 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi, 48 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi va o‘rganish muddat talab qiladigan 47 ta murojaat ish yurituvga olindi.



Shuningdek, fuqarolarga 50 ga yaqin sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Elektron raqamli imzo olish, Mobil-ID ga ulanish, Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish, sanatoriyada davolanish uchun yo‘llanmalar berish, kadastr pasportini shakllantirish kabilar shular jumlasidandir.

“Adliya va yoshlar”. Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh tomonidan Sirdaryo tumanida tashkil etilgan tadbir ochiq muloqot formatida bo‘ldi.

Tadbirda tuman hokimi B. Mirzaqulov, Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Shayjigitov tomonidan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tildi.




Yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va samimiy uchrashuvda ularning kundalik turmushida uchrayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarning murojaati yuzasidan zarur tavsiya va huquqiy tushuntirishlar berildi.
Respublika ishchi guruhning o‘rganishlari viloyat bo‘ylab davom etamoqda.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati