Respublika ishchi guruhi tomonidan Sirdaryoda aholining huquqiy muammolari o'rganilmoqda
@adliya axborot xizmati
Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruhi topshirig‘iga binoan Sirdaryo viloyatida aholining huquqiy muammolarni aniqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar ko‘rish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida hududlarda uzluksiz huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Sayxunobod tumani “Shodlik” mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabul xalq bilan muloqot uchun asos bo‘ldi.
Mahallada aholi soni 3955 nafarni tashkil qiladi. Hududda jinoyatchilik soni nisbatan oshganligi bois “qizil” toifaga kiritilgan.

Sayyor qabulda dastlab mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birgalikda kurashish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Sayyor qabulda “Farovon” mahallasida yashovchi fuqaro Umidjon Boboyev marhum otasining nomida bo‘lgan uy-joyni o‘z nomiga rsamiylashtirishda amaliy yordam so‘radi.


Halima Salomova va Jahongul Soxiyarova mahalladoshlarini qiynab kelayotgan muammolarni ko‘tardi. Murojatda Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun futbol maydonchasini barpo etish, tunggi yoritkich chiroqlarini o‘rnatish zarurligi bildirildi.

Muloqot davomida ishga joylashish, kredit olish, tibbiy ko‘rik, pensiya ta’minoti va boshqa masalalarda o‘ttizga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Shundan 5 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi, 18 ta murojaat bo‘yicha zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, o‘rganish muddat talab qiladigan 6 ta murojaat ish yurituvga qabul qilindi.

Shuningdek, tadbir mobaynida davlat xizmatlari markazi tomonidan aholiga elektron raqamli imzo olish, Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va boshqa masalalar bo‘yicha 20 dan ziyod sayyor tartibda davlat xizmatlari ko'rsatildi. Fuqaro Mukarram Xalbayeva ham sayyor xizmatdan unumli foydalanib, yakka tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tdi.
Respublika ishchi guruhning o‘rganishlari viloyat bo‘ylab davom etadi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati