ADLIYA YORDAMI BILAN NAFAQA PULI TO‘LANADIGAN BO‘LDI
@adliyaFuqaro S.Nning nafaqa pullarini olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati Shirin shahar adliya bo‘limi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan yetim bolalar hamda ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar toifasiga kiruvchi S.N.ga ta’lim muassasasini tugatishi munosabati bilan kiyim-bosh, poyabzal, boshqa zarur buyumlar hamda yo‘l xarajatlari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa puli o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar ta’lim muassasasini bitirganda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 35 barobari miqdorida bitiruv nafakasi bilan ta’minlanishi shart. Shuningdek, Nizomning 31-bandiga ko‘ra, mazkur nafaka bir marta, bevosita o‘quvchi tahsil olgan ta’lim muassasasi tomonidan berilishi belgilangan.
Yuqoridagi qonunbuzilish holatlaridan kelib chiqib, S.N. manfaatida Shirin shahar adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada mazkur da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hisobidan S.N. foydasiga 44 million 485 ming so‘m miqdorida bitiruv nafaqasi undirilishi belgilandi.
Jamshid Urinbayev,
Shirin shahar adliya bo'limi boshlig'i