Homiladorlik nafaqasi undirilishi belgilandi

Homiladorlik nafaqasi undirilishi belgilandi

@adliya


Sardoba tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazildi.

O‘rganish davomida patronaj hamshirasi lavozimida faoliyat yuritgan M. A. 2025-yil 31-oktyabr kuni homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqaniga qaramay, unga belgilangan nafaqa pullari o‘z vaqtida to‘lab berilmagani aniqlandi. Xususan, fuqaro M. Aga 11 861 010 so‘m miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hisoblab chiqarilgan bo‘lsa-da, mazkur mablag‘ amalda to‘lanmagan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar belgilangan muddatlarda to‘lanishi shart.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 244-moddasida ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirishi majburligi ko‘rsatilgan.

Shunga qaramay, Sardoba tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan amaldagi qonunchilik talablari buzilib, xodimga tegishli nafaqa o‘z vaqtida to‘lab berilmagan.

Mazkur holat yuzasidan Sardoba tuman adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada sud buyrug‘iga asosan Sardoba tuman tibbiyot birlashmasidan fuqaro M. A. foydasiga 11 861 010 so‘m qarzdorlik, 20 600 so‘m pochta xarajatlari hamda davlat foydasiga 474 440,40 so‘m miqdorida davlat boji undiriladigan bo‘ldi. 


Ilhom Yunusov,

Sardoba tuman adliya bo‘limi boshlig‘i

 


Report Page