Shartnoma majburiyatlari "unitildi"

Shartnoma majburiyatlari "unitildi"

@adliya

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Ibratli yo‘l loyiha” MCHJ rahbarining murojaati o‘rganildi. 

Aniqlanishicha, “Ibratli yo‘l loyiha” MCHJ bilan Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida 2020-yilda avtotransport vositalari va mashina mexanizmlar bilan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilgan hamda bajarilgan ishlar uchun haq 200 000 000 so‘m etib belgilangan.

Jamiyat tomonidan yuk xatiga ko‘ra 77 799 360 so‘m miqdoridagi yuklar yetkazilib, texnika xizmatlari ko‘rsatilgan, biroq unitar korxona tomonidan to‘lovni amalga oshirish pasalga solinib, shartnoma majburiyatlari bajarilmagan.

“Ibratli yo‘l loyiha” MCHJ rahbari tomonidan Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasiga bir necha bor og‘zaki va yozma talabnoma asosida qarzdorlikni to‘lash yuzasidan qilingan murojaat ham javobsiz qolgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa – ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak. 

Ushbu kodeksning 705-moddasiga ko‘ra, buyurtmachi o‘ziga ko‘rsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda va tartibda to‘lashi shart. 

Yuqoridagilarga asosan, adliya boshqarmasi tomonidan “Ibratli yo‘l loyiha” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. 

Natijada mazkur da’vo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi hisobidan “Ibratli yo‘l loyiha” MCHJ foydasiga 77 799 360 so‘m asosiy qarz, 18 000 000 so‘m miqdorida penya hamda respublika byudjetiga 2 333 080, 8 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.


Javohir Komilov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash shoʻbasi bosh maslahatchisi

Report Page