Zulfiyaga qarama...

Zulfiyaga qarama...

Iqbol Mirzo she'ri

“Zulfiyaga qarama,

Naq enangni koʻrasan!

Meni yaxshi koʻradi,

Soʻra, kimdan soʻrasang!”

Kaltak yerdi Abdulla,

Kaltak yeb ham qaytmasdi.

– Ol-e, oʻsha Zulpini,

Kerakmas! – deb aytmasdi.


Aqlli qiz Zulfiya,

Hammasini biladi:

Menga koʻzi tushganda

Miyigʻida kuladi,

Darslar kirmas quloqqa,

Samolarda xayolim:

Zulfiyaning qoʻllari

Ipakdayin muloyim...

Kitobimning ichida

Jilmayadi suvrati.

Meni yaxshi koʻradi,

Meni yaxshi koʻradi...


... Yillar oʻtdi, Abdulla,

Hayot bizdan kuldi-ya.

Sen-u mendek yigitdan

Voz kechdi-ya Zulfiya!

“Zulfiyaga qarama,

Naq enangni koʻrasan!

Meni yaxshi koʻradi,

Soʻra, kimdan soʻrasang!..”


Aqlli qiz edi-ku,

Hammasini bilardi:

Menga koʻzi tushganda

Miyigʻida kulardi. Men-ku, mayli...

Seniyam

Toza ahmoq qildi-ya.

Biz harbiyda yurganda

Tegib ketdi Zulfiya...


Kitobimning ichidan

Uchib tushar suvrati,

Sevmaganman men uni,

Abdul yaxshi koʻradi!

Yirtaman deb suvratin,

Yirtolmayman har kuni,

Sevmaganman men uni!

Sevmaganman men uni!..


1988

Report Page