Zilzila

Zilzila

Abdulla Qodiriy.

Koʻbdan beri tez tez yer qimirlab turadir. Subhonollo, subhonollo, subhonollo... "Birniki mingga, mingniki tumanga", deydilar. Azizlarni Xudo rahmat qilsun!

Koshki yomonlarning oʻz kasofati oʻziga ursa, yana yomongʻa oʻlim yoʻq. Andijon zilzilasida ham oʻlgʻanlarning hammasi yomonlar, deysizmi? Yoʻq. Eng koʻb yana qoʻy ogʻzidan choʻb olmagʻan, birovning tishkavlaguchidan hazar qilgʻan holda butun boshliq xarini hazm qilib yuborgʻan mullalar, el xalqning dardiga davo, ranjiga shifo berib turgʻan ottoʻrvasoqol eshonlar, shayxlar, duoxonlar, folbinlar, xulosa, dunyo bilan hech aloqasi boʻlmagʻan ulugʻ zotlarning koʻbi tuproq tegida koʻmilib ketmaydimu? Subhonollo, subhonollo, subhonollo... Har kuni yer qimirlaydur.

Hozirgi yer qimirlashning oxiri xayrlik boʻlsun edi. Zamonamiz buzuq, obroʻmand yaxshi odamlar beobroʻ, ulamogʻa hurmat yoʻq, eshonlargʻa hurmat yoʻq. Oh... Zamonamiz dinsizlar, dahriylar zamoni. Eski odatlarimiz kundan kunga yemirilmakda va eski odatimizning orqa tayanchi boʻlgʻan hurmatlik zotlarimiz birin birin chirib qulamoqda. Bas, bularning hammasi alomati oxir zamon, dajjoli maʼlunning xurujiga ishoratdir. Binobarin, yer qimirlaydir.

Butun tevaragimiz nahs-kasofat bilan oʻralgʻandirkim, bundan qutulish soat sayin qiyinlashib bormoqdadir. Yer nega qaʼriga tortmasun, nega yulduzlar tutdek toʻkilmasun, nega dunyoyi va mohifo ostin ustun boʻlmasun? Qorixona oʻrnigʻa jadid maktabi, koʻknorixona oʻrnigʻa teatru qurmoqchilar. Demak, yaxshilarning oshigʻa zahar-zaqqum toʻkildi. Qiz-xotunlarda tasattur nisvongʻa riyosasizliq, yoshlarda toat ibodatka kohillik; subhonollo, subhonollo...

Binobarin, yer qimirlaydir.

Hozirgi yer qimirlashdan xavfnok boʻlib bir qancha moʻmin bandalar toʻplanib borub, bir necha zabardast ulamolarimizgʻa murojaat qilgʻon edik. Ul muborak vujudlar bizga tasalli berdilar. "Buzuqlarni, inshoolloh, yer yutar, oʻzingizni kufr va zalolatdan asrang", deb marhamat buyurdilar.

Biz: "Kufrning boisi nimadir, zalolatning omili qaysi?" deb soʻragʻan erdik, subhonollo, subhonollo, derdilar. Va yana dedilarkim, razolatning omili "Mushtum" jurnalidir, kufrning sababi ham "Mushtum"dir. Va kunda deyarlik yer qimirlashning ham boisi "Mushtum"ning kasofatidandir. Subhonollo, subhonollo deb koʻzlaridan dona dona yoshlarini jori qildilar.

"Mushtum", 1924-yil.

Report Page