Zangiotada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish koʻpaytiriladi

Zangiotada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish koʻpaytiriladi



Tumanimizning Navro‘z hududida “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridan samarali foydalanib mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.


Unda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid Ergashev, boshqarma rahbarlari, Zangiota tumani hokimligi mutasaddilari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.


Seminar davomida dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan oziq-ovqat yetishtirish hajmini oshirish, fermer xo‘jaliklarining daromadlarini ko‘paytirish va dala madaniyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.


Tadbirda Xurshid Ergashev Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridan samarali foydalanish va mahsulot yetishtirishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-465-sonli qarorining ijrosi doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida ma’lumot berdi.


Seminarda 2025-yilda dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlar, aholi tomorqalari, xonadonlar, ko‘p qavatli uylar oldi va mahalla ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida o‘tkazilgan xatlov natijalari taqdim etildi. Tumanda jami 61 gektar dala chetlari va 2,6 gektar kanal-kollektor atrofidagi yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan.


Amaliy mashg‘ulotda dala chetlarida mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish texnologiyalari amaliy ko‘rsatib berildi. Bahorgi ekish mavsumida har bir hududda namunaviy ishlarni tashkil etish bo‘yicha tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda boshqa mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.




Report Page