Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Qaror
MoliyaPressYoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirish va buning uchun keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, joriy yil 30- iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida ushbu qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq 2022-yil 1-oktyabrdan boshlab Moliya vazirligi huzuridagi Ta'lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublikadagi nodavlat ta'lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning ta'lim olishi uchun ta'lim krediti ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu kredit bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravarigacha (19,5 mln. so‘m) miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4-yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida (15 foiz) ajratiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga ta'lim kredit uchun garov va kafillik talab etilmaydi.
Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilganda resurs mablag‘lari va ta'lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilganda esa o‘zgarishsiz qoladi.
Shuningdek, hududlarda tashkil etilgan 100 ta o‘quv markaziga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasida (15 foiz) kredit ajratiladi.
Shuningdek mazkur qarorda 2022-yil 1-noyabrdan boshlab AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATB tomonidan IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoki ishtirokchi sertifikatini olgan yoshlarga komp'yuter va butlovchi qismlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan (7,5 mln so‘m) miqdorda Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan (22,5 foiz) foiz stavkasi bilan iste'mol kreditlari ajratiladi.
Bunda:
iste'mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan to‘liq kompensasiya qilinadi;
sertifikatlarning yagona elektron reestri IT-park tomonidan yuritiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlarga “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikat olgan holda komp'yuter xarid qilish maqsadida kredit olish uchun Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kafillik berish tizimi joriy etiladi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati