Zamon bilan hamnafas: talabalarning qiziqishi, intilish va ehtiyojlari o‘rganilmoqda

Zamon bilan hamnafas: talabalarning qiziqishi, intilish va ehtiyojlari o‘rganilmoqda


Shiddat bilan o‘tayotgan davrning o‘z talablari ham mavjud. Bu birinchidan zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish masalasi bo‘lsa, ikkinchisi ana shu bilimlarni egallashga bo‘lgan ehtiyojni qondirish. Agrar sohada ham bugun dunyo bozorida raqobat kuchli. Nafaqat mahsulot kesimida, balki ta’lim yo‘nalishida ham. Ko‘p mamlakatlar yangicha modul asosida dars berish uslubini o‘zlashtirmoqda. Talabaning takliflari tinglanib, uning intilishlari rag‘batga yuz tutayapti. Ayni O‘zbekistonda ham mazkur jarayon tez sur’atlarda rivoj topmoqda. Sohaga mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarining bilimlar raqobati tarkibida qo‘shilishi, albatta, vaziyatni ijobiy yechim topishiga xizmat qilishiga zamin yaratyapti.

Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent davlat agrar universiteti faoliyati va turar joy binolarida talaba yoshlar uchun yaratilgan sharoit bilan yaqindan tanishish maqsadida universitetga tashrif buyurdi.

Aytish kerak, bugun, Toshkent davlat agrar universiteti bakalavriat yo‘nalishlari kunduzgi ta’lim shaklida 7180 nafar talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonov universitet hududidagi 13 son talabalar turar joyi bilan yaqindan tanishar ekan, u yerda talabalarga yaratilgan sharoit, muammo va takliflar bilan qiziqdi.

Vazir iqtidorli talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘lib, agrar sohadagi islohotlar, ularning samaralariga to‘xtaldi. Ularning tadqiqot loyihalari, g‘oyalari va kelajakdagi rejalari bilan qiziqdi. Vazir o‘z navbatida talabalar tomonidan amalga oshiriladigan har bir loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Talabalar faqat auditoriyalarda saboq olish bilan chegaralanmasdan, o‘z bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlab borishlarini ta’kidladi.

Universitet infratuzilmasini yanada yaxshilash, talabalarga har tomonlama amaliy yordam berish, ularga imkoniyat yaratish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha vazirlikka ishga jalb qilish yuzasidan mas’ul mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Bundan tashqari zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirishda ortda qolmasliklari uchun vazir universitet qoshida chet tillarni o‘rgatuvchi maxsus kurslarni tashkil qilish, agroinnovatsiya va startap loyihalarini jamlovchi markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish davr talabi ekanini qayd etdi. Ushbu yo‘nalish tez fursatda amaliyotga joriy qilinishi belgilab olindi.

Amaldagi talabalar turar joylarda jami 2414 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda barcha sharoit jam qilingan. 5 muhim tashabbus doirasida kompyuter xonalari tashkil etilgan bo‘lib, har bir xona 10 donadan jami 50 dona zamonaviy kompyuter, internet tarmog‘i va bepul Wi-Fi bilan ta’minlangan. Lekin bu talabalarning turar-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkoniyatini bermayotgan edi. Shu bois, talabalarga 2023-2025 yillarda jami 2 ta 800 o‘rinli talabalar turar joyi qurish haqida qaror qabul qilindi.

O‘z navbatida bugun Toshkent davlat agrar universiteti va ”Newbrendhouse” MChJ o‘rtasida universitet hududida davlat-xususiy sheriklik asosida yangi 400 o‘rinli talabalar turar joyi binosini qurish, jihozlash va binodan foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

Maqsad yagona: talaba ilm olish bilan birgalikda o‘zidagi iste’dod va qobiliyatni shakllantirsin. Zamonaviy fikrlaydigan hamda yangilik yarata oladigan shaxs bo‘lsin. Tillarni bilishi, to‘garaklardagi ishtiroklari uning kelgusi faoliyati hamda oila muhitida aks etishi joiz. Shunda agrotarmoqning zamonaviy menejerlari zamonaviy qishloq xo‘jaligini aqlli yo‘nalishlarini vujudga kelishiga zamin yarata oladilar.


Report Page