Zakovat haqida

Zakovat haqida

Sukhrob Sharipov


Bolalikdagi havas

“Zakovat” o’yini dastlab ekranga chiqqanida maktabga borishni boshlagan paytlarim edi. O’yinning bironta sonini qoldirmasdan ko’rardim. Yosh bo’lganim boisidan ko’plab savollarning mantig’iga yaxshi tushunmas edim, lekin o’yindagi nimadir o’ziga rom qilib qo’ygan, bilimdonlar esa men uchun “Kapitan Amerika” kabi edi))

Maktab davrida Zakovatga juda ko’p savol yo’llaganman. Lekin birotasi o’ynalmagan. Savollarning darajasi past deb baholangan bo’lishi ehtimoli va shu sababdan ekranda o’ynalmaganligi yanada ko’proq kitob va gazeta o’qishga va kuchli savol tuzishga undardi.


Xushnudbek aka effekti

Zakovatga qiziqishimni kvadratga ko’tarib yuborgan voqealardan biri o’zimizning Chiroqchidan yangi bilimdon – Xushnudbek Xudoyberdiyevning ekranlarda paydo bo’lganligi bo’lgandi. Xushnudbek aka ham o’sha paytlarda juda yosh edi, lekin yetarlicha bilimi bilan har bir o’yinda ajralib turardi. Men uchun o’yinda yangi kumir paydo bo’lgandi.

Litsey davrida har shanba kuni zakovatning klub o’yinlari bo’lishi, olti kishidan iborat jamoa tuzib borib qatnashish mumkinligi haqida ko’p eshitardim. Fandan chalg’imaslik maqsadida bu ishni ortga surib yurardim. Niyat – qachondir albatta o’z jamoam bilan qatnashish edi.

2013-yil 16-avgust. Milliy universitetga o’qishga kirganligim haqida tong sahardan sms keldi. Xursandchilikning cheki yo’q. O’sha kuni odnoklassniki tarmog’i orqali Xushnudbek akaga yozgan xabarim mana:


Talabalik yillari

O’qish boshlanishi bilanoq klubga bordim. Ekran o’yinlaridagi “yirtqich” bilimdonlarning oldida biz xuddi ojiz o’lja kabi edik)) Ular bilan raqobat qilish uchun o’zimning “Ekonomist-O’zMU” nomli jamoamni tuzdim.

2014-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar paytida Xushnudbek aka Chiroqchi tumani nomidan o’z nomzodini qo’ygandi. Saylov oldi targ’ibot ishlari uchun bizni qishloqqa ham kelib, tashviqotlar o’tkazgandi. O’sha paytda butun qishloq Xushnudbek akani qo’llab-quvvatladi. Eng qizig’i, qishlog’imizda 2014-2015 yillarda tug’ilgan o’g’il bolalarning 60-70% qismiga Xushnudbek ismi qo’yilgandi. Zakovat uchun ishtiyoq esa kuchayib borardi…

Jamoam va uning tarkibi shakllanishda davom etdi. 2016 va 2017 yillarda ekran o’yiniga yo’llanma beradigan Zakovat Festivalida bitta ochko yetmagani hisobiga alamli mag’lubiyatlar bo’ldi. Bu xuddi 1-avgust imtixonidan yiqilgan abiturientning ahvoli bilan bir xil edi.  


O’zgarish payti: Mutlaq yangi jamoa

Qiziq holatlar ko’p bo’ladi. Ekran o’yiniga chiqish uchun qanchalik harakat qilsam, u mendan uzoqlashib bordi. 2017-yilda Oliy Ligada bir necha yillardan beri qatnashib kelayotgan Zafar Rahimov jamoasi tarkibiga qo’shildim (hozirgi jamoam). Buni qarangki, o’sha mavsum eski jamoam Oliy Ligaga chiqdi, yangi jamoam esa yana ochko hisobiga ekran o’yinidan mahrum bo’lib qoldi.

Yangi jamoada mutlaqo o’zgacha atmosfera edi. Jamoadagi yosh jihatdan eng kichkinasi men edim (hozir ham shunaqa). Bu jamoaga qo’shilish eng to’g’ri qarorlarimdan biri bo’lgan, chunki aynan shu jamoada Zakovatga qatnashishdan maqsad – Oliy Ligaga chiqish emasligini tushunib yetdim. Individual rivojlanish eng muhim narsadir, klubdagi mashg’ulotlar esa Zakovat maktabidagi ta'lim. Agar peshonaga yozilgan bo’lsa ekran o’yinida qatnashish qochib ketmaydi…


Salom Oliy Liga!

2018-2019 yillarda zakovat klubida Number One jamoaga aylandik desam nokamtarlikka yuymang. O’sha paytda mavsum oldi tayyorgarlik daxshatli darajada kuchli bo’ldi. Natijada 2020-yilgi Oliy Liga o’yinlarida qatnashish huquqi qo’lga kiritildi.

Mart oyida bo’lishi kerak bo’lgan syomka karantin sababli noma’lum muddatga qoldirildi. Avgust oyining oxirlariga kelib bizning jamoaning o’yinini yozish uchun televideniyaga chaqirishdi, ammo baribir biz o’ynamadik, o’zimning kumirim boshchiligidagi blogerlar jamoasi bizning o’yinni “chopgan edi”.

Xullas, uzoq kutilgan orzulardan biri shu tariqa amalga oshdi. Allohga shukur.


Quyidagi rasmda esa ketma-ket ikkita o’yinning eng yaxshi bilimdonlari bo’lgan chiroqchiliklar))

Har bir finish – bu yangi start!


@Iqtisodplus

Report Page