ZAMONAMIZ JADIDI
Nurboy Jabborov
Jadidlarimizning serqirra iste’dod egalari bo‘lgani ayon. Jumladan, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Fitrat – barchalari shoir, yozuvchi, dramaturg va publitsist sifatida qizg‘in ijod qilgan. Har uchalasi ham adabiyotshunoslikka doir benazir tadqiqotlar muallifi. Mohir pedagoglar ham bo‘lishgan. Shukrlar bo‘lsinki, bizning zamonamiz ham ana shunday fozillardan xoli emas. Shulardan biri qadrdon do‘stimiz, filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonovdir. U – tilshunos, adabiyotshunos va matnshunos olim, atoqli dramaturg, mohir pedagog sifatida badiiy ijod, fan va ta’lim rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelayotir.
Matnshunos sifatida Nafas Shodmonov hammaning ham iqtidori yetavermaydigan qo‘lyozma manbalar ustida e’tiborga molik tadqiqotlar yaratgan. Nomzodlik dissertatsiyasi Abdurahmon Jomiyning “Risolai musiqiy” asari haqida. Nafasxon bu asarni fors tilidan tarjima qilgan, til xususiyatlari va musiqa ilmi takomilidagi o‘rnini teran tahlil etgan. Ilmiy rahbari akademik Alibek Rustamov bu murakkab asarning o‘sha paytgacha amalga oshirilgan tarjimalari talab darajasida bo‘lmaganini alohida ta’kidlab, Nafasxonning tarjimasi mukammal chiqqanini e’tirof qilgan.
2005-yili bo‘lsa kerak, Nafas Shodmonov Toshkentga kelganida menga: “Domla, menga doktorlik dissertatsiyasi mavzusi berib, o‘zingiz ilmiy maslahatchi bo‘lsangiz”, degan taklifni bildirdi. Men: “Sizday adabiy tafakkuri yuksak, arab va fors tillarini, Qur’oni karim va hadisi shariflarni chuqur biladigan tadqiqotchini qidirib yuribman. Tishimning kovagida asrab kelayotgan bir mavzu bor: uni sizdan boshqa tadqiq qila oladigan mutaxassis borligini bilmayman. Muhammad Rizo Ogahiyning “Shohid ul-iqbol” asarini o‘rganasiz”, dedim. Nafasxon bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi. Yagona qo‘lyozmasi Rossiya FA Sankt-Peterburg Sharq qo‘lyozmalari instituti fondida saqlanayotgan Muhammad Rizo Ogahiyning “Shohid ul-iqbol” asari fotonusxasini ustoz Qavomiddin Munirovdan so‘rab olib berdim. Nafasxon Milliy universitet doktoranturasiga qabul qilindi. Doktorantura muddatida asarni joriy imloga tabdil qilib, ilmiy izohlar bilan nashr ettirdi va dissertatsiyani ham yakunladi. Rasmiy opponenti professor Boqijon To‘xliev uning dissertatsiyasini: “Ilmda qo‘riq ochgan tadqiqot” deya baholagan. Holbuki, asar qo‘lyozmasi Ogahiy qoralamasi ekani, tili va uslubi murakkabligi, matnida arabiy va forsiy so‘zlar, oyat va hadislar ko‘p qo‘llangani bois bu asarni necha o‘n yillar davomida taniqli sharqshunoslarimiz ham to‘liq nashr ettira olmagan. Nafas Shodmonov qo‘lyozma manbalar ustida ishlar ekan, o‘zini xuddi suvdagi baliqdek his etadi. Matnning tomir urishini inja his etadi, uni o‘zigacha bo‘lgan birorta olimni takrorlamagan tarzda chuqur tahlil eta biladi. Ana shu fazilatlari bois doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Alisher Navoiy ijodining tasavvufiy mohiyatiga doir “Alisher Navoiyning badiiy tafakkuri” nomli kitobi Turkiyada nashr etilib, qardosh xalq olimlari tomonidan yuqori baholanganiga shaxsan guvohman. Kitob shu paytgacha navoiyshunoslikda e’tibor qaratilmagan tasavvufiy obrazlar, irfoniy ramz va timsollar tadqiqiga bag‘ishlangani, ilmiy qarashlarning ohorli ekani, fikrning tahliliy quvvati, ifoda uslubining jozibasi jihatidan ham alohida ahamiyatga ega. Olim nafaqat adabiyot tarixi, balki zamonaviy adabiy jarayon tahliliga doir chuqur ilmiy qarashlari aks etgan tadqiqotlari bilan ham adabiyotshunosligimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotir.
Nafas Shodmonov – zamonamizning e’tirof etilgan dramaturglaridan ekani bilan ham jadidlar vorisidir. U yozgan dramalar respublikamizning juda ko‘p teatrlarida sahnalashtirilgan. Respublika va xalqaro miqyosdagi ijodiy tanlovlarda bir necha marta g‘olib bo‘lgan. Ular boshqa biror dramaturgning yetti uxlab tushga kirmaydigan uzoq moziy voqealari talqiniga bag‘ishlangani bilan ham diqqatga sazovordir. Jumladan, insoniyat tarixidagi ilk qotillik Qobil va Hobil tarixi, mashhur Shiroq afsonasi, kalom ilmining ulug‘ namoyandasi Abulmu’in Nasafiy hayot yo‘li yoritilgan dramalari munosib e’tirof qozongan. “Oqsaroy”, “Baxshi” singari sahna asarlari zamonaviy dramachiligimizning ulkan yutug‘idir.
Uning she’rlar yozgani haqida dastlab shoir Sirojiddin Raufdan eshitgan edim. Kamtarligi bois o‘zi bu haqda so‘zlamagan. Yaqinda “Nafasxon bitiklari” nomi bilan telegram kanali ochdi va unga o‘zi bitgan bir g‘azalni joyladi. Mumtoz g‘azalchilikning barcha fazilatlarini mujassam etgan ushbu g‘azal Nafas Shodmonovning g‘azalnavis sifatida ham e’tirofga loyiq ekaniga dalil bo‘la oladi. Mana, o‘sha g‘azal matni:
Kel, ey do‘st, tuzgil endi bazm, diydoringni istarman,
O‘zimni yo‘q etib bazming aro, boringni istarman.
O‘zimni senga baxsh etmakdin o‘zga ne murod o‘lsun,
Rizolik sendin, ushbu ishqg‘a iqroringni istarman.
Yiroqdin termulib mushkin bo‘yingdin qilma mast, ey gul,
Kirib bag‘rimga, ko‘ksimga chekar xoringni istarman.
Muhabbat lazzatin nedin tamanno qilg‘usi g‘ofil,
Dilimga bu tamannodin yetar noringni istarman.
Nafasxon qilsa dunyo tarkini, sirri ayon senga,
Azal xattida paydo kashfi asroringni istarman.
“Bir ko‘hna daftarimda bitib qo‘ygan g‘azalimni topib oldim. Siz azizlarimga uni havola qilishni ma’qul topdim. Zora, Sizga ham ma’qul bo‘lsa”, degan qayd bilan kanal o‘quvchilariga taqdim etilgan ushbu g‘azal, avvalo, irfoniy mazmunning go‘zal badiiy ifodasi ekani, ikkinchidan, yuksak obrazli tafakkurni aks ettirgani bilan alohida qimmatga ega. G‘azal aruzning hazaji musammani solim vaznida yozilgan bo‘lib taqte’i:
mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun
V – – – V – – – V – – – V – – –
Ushbu g‘azal kamtarin muallifning ko‘hna daftarida hali yana ko‘p g‘azallar borligidan va uning ushbu janrdagi yuksak badiiyat namunalarini bita olgan shoir ekanidan darak beradi.
Yana bir muhim fazilati, Nafas Shodmonov – oliy ta’lim sohasidagi mahoratli pedagogdir. Uning darslari o‘quv jarayoniga ilmdagi eng so‘nggi yangiliklarni olib kira olishi, nutqining talabalar diqqatini jalb etadigan darajada sohir va jozibali ekani, qo‘yilgan mavzuning mohiyatini har tomonlama chuqur yoritib bera bilishi jihatidan hayratga loyiqdir. O‘zbek adabiyoti tarixi, aruz va qofiya ilmiga doir alohida o‘quv adabiyotlari nashr ettirgani, ular ilmiy-nazariy jihatdan teran, o‘quv-metodik nuqtai nazardan talab darajasida ekanini alohida ta’kidlash kerak.
Bugungi kungacha Nafas Shodmonov adabiyotshunoslik va matnshunoslik yo‘nalishlarida yigirmaga yaqin filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega shogirdlar yetishtirdi. Ular o‘z sohasining e’tirof etilayotgan mutaxassislari ekani olimning ilmiy kadrlar tayyorlash borasida ham salmoqli yutuqlarga erishayotgani dalilidir.
Gapning xulosasi shuki, ana shu fazilatlarining o‘ziyoq Nafas Shodmonovning zamonamiz jadidlaridan ekaniga dalil bo‘la oladi. Ana shunday olim-u fozil, vatanparvar va millatparvar, o‘z sohasining yetuk namoyandasi bilan zamondosh ekanimiz qanchalar yaxshi-ya... Yaratgan Egam serqirra iste’dod ega bo‘lgan zamonamiz jadidini har doim panohida asrasin! Umriga, ilmiy-ijodiy ishlariga barakalar ato etsin!
Nurboy Jabborov