Yuldasheva Diyora, TTA 4-kurs talabasi

Yuldasheva Diyora, TTA 4-kurs talabasi


Men Yuldasheva Diyora Toshkent tibbiyot akademiyasi 4-kurs talabasiman, hozirda tibosfera oilasining 117-guruhi farzandiman.
Tibbiyot bilim yurtiga o’qishga qabul qilingan onimda yelkamga qay darajadagi mas’uliyatli, mashaqqatli, uzoq vaqt tinimsiz izlanuvchanlikni hamda har sohada ilg’or bo’lishimni talab qiladigan vazifa yuklatilayotganligi hayolimning bir chetiga ham kelmagan. Meni tasavvur olamim ”imtihondan o’tdim, o’qishga kirdim, endi shifokorman” degan so’zlar bilan to’la edi. Lekin “o’qishga kirdim” va “endi shifokorman” degan ikki og’iz so’z orasida nimalar borligi meni qiziqtirmas edi.

Ta’lim muassasalarida o’quv jarayonlari boshlandi, biz ham o’qishga sho’ng’ib ketdik. Tonggim quyosh nurlari ko’zimga tushib uyg’onish bilan boshlansa, kunim yarim tungacha internet tarmoqlarida yaqinlar, yor-u do’stlarga talabalik gashti haqida gapirib berish, telegramga “ENDI TALABAMAN” kabi yorqin statuslar joylash bilan yakunlanar edi. Atrofdan yuzaki qaraganda ilm bilan mashg’ul bo’lgan baxtli talabadek ko’rinar edim go’yo. Menda na kun tartibi, na oliy maqsad bor edi. Xattoki “vaqtimni nimalarga sarflayapman“ degan savol ham tug’ilmas edi. Shu darajada talabalik tojini kiyib olib qaysidir osmonda uchar edim. Xonadoshlarim (ko’pchilik talabalar kabi men ham yotoqxonada turaman)dan biri tongda erta uyg’onib namoz o’qir, biri “essential“ degan ingliz lug’atidan so’zlar yod olar, biri esa tongda uyg’onib qandaydir o’quv kursida anatomiya o’qir edi. Insitutdagi men va online o’quv kursiga qatnashadigan dugonam oramizda ancha farq sezila boshladi. Uning kuni tartibli, har soatda qilishi kerak bo’lgan ishlari bor edi, xattoki bir xil vaqtda uyg’onib bir xil vaqtda uyquga yotar edi. Mana shu farqni anglab his qilishimga naq 1 yilcha vaqt ketdi.


Oradan kunlar o’tib meni “Sening maqsading bormi”, ”Qayerga qarab ketyotganligingni bilasanmi”, ”Ertangni yaratish uchun kecha va bugun biron arzigulik ish qildingmi”, ”Sarhisob kuningda o’tgan umring haqida savol berishsa Yaratgan oldida javob bera olasanmi”, ”Ota-onang peshona teri bilan topayotgan, Toshkentda o’qib kursdoshlari, do’stlari oldida kam bo’lmasin deya singillaring rizqidan olib senga ilinayotganlarini haqqini ado qilyapsanmi?” degan savollar qiynay boshladi. O’zbek tilidagi kitoblarni o’qiy boshladim, lekin uni tushunish qiyin edi. Ustozlardan maslahat so’raganimda “Chet tilidagi kitoblarni o’qi” deyishdi. Afsuski biron bir tilni kitob o’qiy oladigan darajada bilmas edim.


Shu zaylda 1-kursni tamomlab yozgi ta’tilga chiqdik.  2021-yil sentabr oyida ilmga bo’lgan himmatim oshib o’qishga qaytdim. Tibosferada 204-guruhda anatomiyani angiologiya bo’limidan o’qishni boshladim. Ilmimga ,vaqtimga baraka kirganligi sezila boshladi. Tongda uyg’onib dars o’tar edik, kechroq esa tonggi dars uchun tayyorlanar edik. Ustozlarimiz faqat shu bilan cheklanib qolmadi, albatta. Kurs a’zolarining bo’sh vaqtini hisobga olgan holda umumiy guruhda suhbat bo’lardi. Bu suhbat siz va biz uchun zarur bo’lgan, bizni qiynayotgan savollarga javob bo’ladigan mavzularda bo’lardi. Bu suhbatlarni intiqlik bilan kutar edik. Til o’rganish, maqsad qo’yish, kun tartibi tuzish, xattoki kun tartibi uchun kundalikni qanday to’ldirish kerakligini ham suhbat davomida o’rgana boshladim.


Endi mening kunim quyosh nuri yuzimga tushishi bilan emas, balki, bomdodga azon aytilishidan oldin boshlanadigan bo’ldi. Bunga sabab nima deysizmi? Sababi shundaki, Tibosfera oilasida hech bir talaba nazardan chetda qolmaydi, tongda hamma bir-birini uyg’onganligini nazorat qiladi, qo’ng’iroq qilib uyg’otadi.


Kunlar o’tib o’tgan umrimga qarab qanchalik dangasa, intizomsiz, himmati past, uyquchi va hayotga faqat bir tomondan qaraganligimni tushunib yetdim. Bir yil davomida anatomiya va gisto-fiziologiya fanlarini o’qidik. Oilamdagi ba’zi muammolar sabab bir muddat kursni tark etdim. Mana shu bir muddatda kurs davomidagi MENni va kursga qatnashmaydigan MENni taqqoslab ko’rdim. Yer bilan osmonchalik tafovut bor edi. Ilmimdan, vaqtimdan baraka qochgan, bir kunda qilishi kerak bo’lgan ishlarni yarmiga ham ulgurmay qoldim. Vanihoyat, Tibosfera meni bir qismim ekanligini yana bir bor tushunib yetdim. Tibosferaga qaytganimda esa men bilan 204-guruhda talaba bo’lgan kursdoshlarim menga ustozlik qildi. Shu joyida bir narsaga e’tibor berishingizni so’ragan bo’lar edim. Agar men ham o’qishni davom ettirganimda ustozlarim bilan birga o’qiyotgan bo’lar edim. Albatta, bu gaplar bilan ustozlar sizlarni shu darajaga olib chiqadi demoqchi emasman. Balki ular sizga eng to’g’ri bo’lgan materiallar (video darslik, konspekt, przentatsiya) hamda to’g’ri yo’nalish beradi, sustkashlik qilib qolsangiz tergab turadi.


Kursga qaytganimdan so’ng yana xuddi yo’lsiz (yo’nalishsiz) maydondan poyezd relsiga (aniq maqsad sari yo’nalish) o’xshash rejalashtirilgan tizimga tushdim. Albatta, boshida qiyinchiliklar bo’ladi. Ertalab uyg’onishda qiynalasiz, har kunlik darslarda charchab qolishingiz mumkin. Menda ham yuqorida aytganlarimning deyarli hammasi bo’lgan. Lekin kun kelib siz oldin o’qigan lekin tushunmagan narsangizni tushunib qolsangiz, bir soniyada boshingizdan o’tgan barcha qiyinchiliklar o’z-o’zidan unutiladi, mana shu payt ortda qolgan barcha qiyinchiliklarlarni mevasi borligini tushunib yetasiz. Hamda bu narsa sizni yana o’qishingizga, izlanishingizga turtki beradi.


Yuqoridagilarni umumiylashtirgan holda quyidagilarni aytishim mumkin:

1. Barcha fundamental fanlardan (anatomiya, fiziologiya, gistologiya, biokimyo, patologiya, farmokologiya) ishonchli va tushunarli materiallar (video+prezentatsiya+konspekt)

2. Kuningizni tartiblashni o’rganasiz (kunlik, oylik, yillik, bir umrlik reja tuzish)

3. Vaqt menejmenti, ya’ni vaqtni taqsimlash

4. Dunyoqarashni kengaytirish (guruhlarda badiiy kitob mutolaasi bo’ladi)

5. Guruh bo’lib ishlashni o’rganish

6. Iymoningiz mustahkamlanadi (qozonga yaqin yursangiz qorasi yuqadi)

7. Yetakchi talabalar uchun oylik grantlar ham ajratiladi, olimpiadalar o’tkaziladi 

8. Takrorlash bilimning onasi degandek Tibosferada ham oylik imtihonlar, fanni yakuniy imtihonlarini o’tkazib takrorlab boriladi.


Yuqoridagi ro’yxatni yana davom ettirish mumkin. Lekin sizni ko’proq qiziqtiradigan va savollar tug’iladigan punktlarga izoh berib o’tsam:

  • Siz kursga qabul qilinganingizdan boshlab doimiy nazoratda bo’lasiz (uyqu,dars qilish). Agar guruhda eng faollardan bo’lsangiz, siz ham bu kursda ustozlik qilishingiz mumkin. Ya’ni ustoz-shogird an’anasiga ko’ra guruh ustozi talabalar orasidan qobiliyatli talabani ustozlikka tayyorlab boradi. Buni ahamiyati shundaki, ko’proq talabalarni ilmga jalb qilish uchun bilimli ustozlar safini oshirish.
  • Shu bilan birgalikda kurs davomida kunlik, haftalik, oylik reytinglar bo’ladi. Bu reytinglar orqali kursdagi faoliyatingiz kuzatib boriladi. Shunga qarab guruhlar 1-, 2-, 3- va shunga o’xshash darajali nishonga ega bo’ladi. Ularga oylik grantlar ajratiladi. Bunga yana boshqa tomondan qaraydigan bo’lsak, nishonga erishish uchun guruhdagi barcha talaba reytingda, imtihonda 90% dan yuqori natijaga ega bo’lishi kerak. Buni qanday tushunish mumkin? Bu orqali guruhni jipslashishini, hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun harakat qilishini, hamjihatlikni shakllantirish nazarda tutilgan. Agar guruhda bir kishi sustkashlik qilsa butun guruh nishondan, grantdan quruq qoladi. ”Bir bolaga butun tibosfera ota-ona”desak ham bo’ladi. Albatta, bu grantlar guruhni yanada yaxshi o’qishiga ruhlantiradi.
  • Menga eng ma’qul bo’lgan punktlardan biri - bu oylik imtihon. Nega, bilasizmi? Oylik imtihonda bir oy davomida qaysi mavzularni o’tgan bo’lsangiz, ana shu barcha mavzulardan imtihon oluvchi ustozga video chatda imtihon topshirasiz. Shunday paytlar bo’ladiki, 1 minut oldin aytgan gapimiz esimizdan chiqadi. Endi o’ylab ko’ring, siz kursda faqat mavzu o’qib ketaversangiz lekin takrorlamasangiz, ilm sizga yuqadimi? Ha, albatta u ilm yuzaki ilm bo’ladi. Bu ilm bilan siz uzoqqa bormaysiz. Shu sababli kursimizda imtihonlar joriy etilgan. Bu imtihonga, albatta, guruh bilan savol-javob qilib tayyorlanasiz.
  • Kursdagi materiallar bir qancha rus, ingliz adabiyotlaridan faqat mag’zini, kerakli joylarini umumlashtirib tuzilgan. Tushunishingiz va o’zlashtirishingiz oson bo’lishi uchun ma’lum ketma-ketlikda tartiblangan.


Yakunida shuni aytmoqchimanki, barchamiz amallarimiz uchun o’zimiz hisob beramiz. Shunday ekan, vaqtingizni qadrlang, nima uchun yo’lga chiqqaningizni va qaysi yo’lda ekaningizni doimo yodda tuting. Ertaga biz shifokorlar inson hayoti bilan ishlaymiz. Sizning birgina ilmingiz bilan uning ko’zi ochilishi yoki sizning birgina xatoyingiz bilan uning aksi bo’lishi mumkin. Barchamizga birinchisini hayrli qilsin. Ustozimiz aytganidek: ”Eng zo’r shifokor emas, yaxshi shifokor bo’lish harakatini qilaylik”


Report Page