“Yosh gvardiyachilar” harbiy-vatanparvarlik sinfining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

“Yosh gvardiyachilar” harbiy-vatanparvarlik sinfining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi


Mamlakatimiz kelajagini belgilashda shijoatli, qatʼiy, maqsadni aniq qoʻyib, shu asosda harakat qilayotgan yoshlarning oʻrni katta. Kelajagimiz egalarining barkamol boʻlib voyaga yetishi, haqiqiy vatanparvar, ona Vataniga sadoqatli boʻlib yetishishi shuningdek, ularni harbiy yoʻnalishga qiziqtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Maktablarda harbiy vatanparvarlikka ixtisoslashtirilgan Milliy gvardiya sinflarining tashkil etilayotganini ham bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.   

Uchtepa tumanidagi 109-sonli umumtaʼlim maktabida “Yosh gvardiyachilar” harbiy-vatanparvarlik sinfining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda maktab maʼmuriyati, Milliy gvardiya rahbariyati, Toshkent shahar harbiy prokuraturasi vakillari, mahalla faollari, oʻquvchilar va ota-onalar ishtirok etdi.

Dastlab, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbir, 6-sinfning 32 nafar oʻquvchilari xalqning vatanparvar farzandi boʻlish, oʻqishda, sportda va axloq-odobda oʻrnak boʻlish, kattalarni hurmat qilish, buyuk sarkarda va davlat arbobi sifatida tarixda qolgan ajdodlar singari vatanparvar boʻlishga, ona-Vatani, xalqi va Prezidentga sidqidildan xizmat qilishga vaʼda berishi bilan davom etdi.

Mehmonlar oʻquvchilarni tantanali vaʼda qabul qilganligi bilan tabriklab, bugungi kunda ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini taʼkidlab, oʻqishlarida omad va muvaffaqiyat tilashdi.

Tadbirning badiiy qismida iqtidorli oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan chiqishlar namoyish etildi.

Aytish kerakki, harbiy- vatanparvarlik sinflarida oʻgʻil-qizlarga muntazam ravishda harbiy bilim va koʻnikmalar berib boriladi, mahorat darslari tashkil etiladi. Bu oʻz navbatida, kelajak avlodning vatanparvarlik ruhida kamol topishiga mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi.

Report Page