Yosh gandbolchilarimiz Italiyadagi xalqaro turnirda gʻalaba qozonishdi

Yosh gandbolchilarimiz Italiyadagi xalqaro turnirda gʻalaba qozonishdi


Joriy yil 9-20-dekabr kunlari Italiyaning Kyeti shahrida 2004-2005-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida gandbol boʻyicha “ABRUZZO CUP-2021” xalqaro turniri oʻtkazildi. Italiya gandbol federatsiyasi tomonidan uyushtirilgan ushbu nufuzli musobaqada Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Xalqaro turnirda hamyurtlarimizdan tashqari Portugaliya, Serbiya, Polsha kabi xorijiy davlatlar, shuningdek mezbon Italiya oʻsmirlar terma jamoasi hamda Italiyaning hududiy klublar terma jamoalari gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.

Yosh gandbolchilarimiz turnir mobaynida jami 9ta uchrashuv oʻtkazib, ularning barchasida zafar quchishdi. Jumladan, vakillarimizga biroz jiddiy qarshilik taqdim etilgan Italiya oʻsmirlar terma jamoasiga qarshi oʻyinda hamyurtlarimiz 38:27 hisobida gʻalabaga erishdi. Qolgan barcha oʻyinlarda oʻzbekistonlik yosh gandbolchilar raqiblarini kamida 20ta toʻp farqi bilan magʻlub etishgan. Yakunda hamyurtlarimiz “ABRUZZO CUP-2021” sohibiga aylanishdi.

Musobaqada vakillarimizdan Gʻayrat Baratov, Davron Bozorboyev, Behruz Yakubov singari umidli yoshlar barchada iliq taassurot qoldirishdi va xalqaro turnirning eng yaxshilari qatoridan joy oldi.

Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining oʻzagini Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilari tashkil etishadi. Bugun vakillarimiz Italiya safaridan qaytib kelishdi.


Report Page