Yo'qotilgan avlod
Doston Kasimoff MD
60-yillardan to 80-yillargacha Yaponiya iqtisodiyoti shiddat bilan rivojlanadi. Natijada Yaponiya iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlar orasida uchinchi o'ringa chiqib oladi. Bu ketishda u Amerikani ham ortda qoldirishi hech gap emas edi. Lekin... Har doimgiday "lekin" sodir bo'ladi... Buni menga nima aloqasi bor deyotgan bo'lsang, maqolani oxirigacha o'qish!
90-yillarga kelib Yaponiya iqtisodi qisqa vaqt ichida 43% ga qulaydi. Bu nafaqat Yaponiya balki butun jahon tarixidagi eng katta iqtisodiy pufakning yorilishiga olib keladi. Sabab Keiretsu - korrupsion tizimning giperinflyatsiyaga sabab bo'lishi. Buning oqibatida 1991-yildan 2001-yilgacha bo'lgan AVLOD - BITIRUVCHILARning taqdiri ayanchli yakun topadi.Bu avlod Yaponiya tarixida - YO'QOTILGAN AVLOD nomi bilan o'chmas iz qoldiradi. Ma'lumot uchun ular Yaponiyaning 15 millionini tashkil qilar edi. Nima bo'ldi?
Yaponiyada ishga kirish jarayoni Shushoku katsudo aprel oyidan avgust oyigacha davom etadi. Bu vaqtda barcha bitiruvchilar gala-gala bo'lib katta-katta kompaniyalarga ishga kirish maqsadida suhbat uchun to'planishadi. Yaponiyada ishga kirgan odam umrining oxirigacha yaxshi oylik va ish bilan ta'minlanadi. Buni Shushinkoyo deb atashadi. Iqtisodiy rivojlanish davrida bitirgan talabalarning deyarli hammasiga ish topilar. Ishga kirgandan so'ng esa ular oila qurishar, uy olishar va farzandli bo'lishar edi. Lekin yuqoridagi iqtisodiy qulash tufayli kompaniyalar ishga olishni to'xtatadi, Shushinkoyo-umrbod ish tufayli esa hech kim ishini tark etmas edi. Bu esa 90-yillardan 2000-yillargacha bitirgan talabalarni ishsiz, oilasiz, uysiz, farzandsiz qolishiga olib keladi. Joy kam, bitiruvchilar esa ko'p...
Sanoqli - o'z ishining ustalari vatanini tashlab AQShga va Yevropaga immigratsiya qilishga majbur bo'ladi.
O'z ishingni ustasi bo'l shunda har qanday holatda ish topishing mumkin deyish oson. Lekin statistika bo'yicha 10 tadan 1 ta "zo'ri" chiqishi mumkin xolos. Va bu juda ham qiyin. Nima uchun Ilon Mask bitta? Shunchalik "zo'r" bo'lsang qani hunaringni ko'rsat! Qolgan 90% i esa o'zini ijtimoiy hayotdan uzib qo'yadi. Uydan ko'chaga chiqmaydi. Buni Hikikomori deyishadi.
Mana senga aloqador qismi. O'zimizda nima gaplar? Esimda 5-6 yil avval AyTi(IT) sohasi trendga chiqqan edi. Chunki oyligi yaxshi, ozroq kodlashni o'rganib olsang, Oyiga kamida 500-600 dollar bor. Hozir ham bu sohada shuncha yoki undanda ko'p pul topish mumkin. Lekin joy yo'q. Buni iqtisodiyotda marja(margin) deb atashadi. O'rtancha AyTishniklarga ish yo'q. Har doimgiday "zo'r" tanish bilishi borlariga bor. Nima, o'rtancha odam emasmi? Yuqorida aytganimday. Nima uchun Ilon Mask bitta? Eng zo'ri bo'lish uchun juda ham ko'plab faktorlar seni foydanga ishlagan bo'lishi kerak. Olimpiadadan keyin esa hamma bokschi bo'lishni istab qoldi. Hammasida bittadan Tahoe bor. Hozir esa hamma shaxmatchi bo'lmoqchi.
Doktorlarda nima gap? 6 yil o'qib bitirganingdan keyin, 2 million 400 ming so'm oylik olasan. Toppa to'g'ri bu pulga ijaraga uy olishing, uylanib, bola chaqali bo'lishing mumkin. Tushingda... Yana o'sha eng zo'ri bo'lish mojarosi. 99% ni ichida bo'lsang, yeganing shu. Natijada Yaponlardan o'rnak olib, yoki #surishing yoki ijtimoiy hayotdan butunlay uzulishingga to'g'ri keladi. Chunki 1% ni ichida emassan...
Xullas, diplom tunel so'ngidagi yorug'lik emas!
Do'stlar, bu maqola aslida video uchun tayyorlangan ssenariyimning bir qismi! Agar bu mavzu nafaqat siz va do'stlaringiz balki butun yoshlar uchun aktual deb hisoblasangiz, kanal shapkasidagi manzilga fikrlaringizni yuborishingizni so'rab qolardim! Oldindan rahmat!