Yolg'izlik azobi

Yolg'izlik azobi

Bek Olimjon

Yanvar kunlaridan biri. Norvegiya. Qahraton qish. Tashqarida minus 16. Bugun ish ko'p. Qabulimga 30 ta bemor yozilgan. Hamma band. 


Eshikdan usti yupqa bir inson kirib keladi. Kiyimi bir ahvolda. Sovuq yegani yaqqol bilinar edi. Tanish chehra. U bir necha marta kelgan. Hamshira issiq qahva beradi va yumshoq kresloga o'tqazadi. 


Hamshiram bugun qabulga yozilganlar ro'yhatini qaraydi. Bemor ro'yhatda yo'q. Bu birinchi marta emas. 


Hamshiram, boshqa bir bemor qabuli o'rtasida meni bezovta qiladi, eshikni qiya ochib "Adolf" deydi. Boshqa hech narsa demaydi. Ikkimiz vaziyatni tushunamiz. 


Adolf, 85 yoshga kirgan qariya. Unda Alzgeymer kasalligi bor. Xotirasi yomonlashgan. Muhim uchrashuvlarni eslab qolishga juda qiynaladi. 


Boshqa klinikalarda, boshqa mutahassislarga borishi kerak bo'lgan paytlarda ham adashib bizning klinikaga keladi. Bu bir necha marta sodir bo'lgan. 


Bugun ham shunday bo'ldi. Uning ko'zida muammo yo'q. Bel og'ri'gi sabab boshqa shifokorga borishi kerak edi. Ammo...


Bemorlar orasida Adolf bilan 2 daqiqa bo'lsada gaplashishga xonamga chaqiraman. 


Yoshi katta ekanligiga qaramay, jismonan tetik, qadamlari shahdam. Ammo nigohlarida qo'rquv bor. Qandaydir xato qilganini sezgan, ammo eslay olmaydi. 


Juda qiyin vaziyat. 


Finjonni qo'lidan olaman. Stulga o'tirishini iltimos qilaman. Finjonda qaltiragan qo'llar izi yaqqol ko'rinib turadi. 


Hech narsa bo'lmaganidek, uni ko'zidan shikoyatini so'rayman. Yaqinda operatsiya qilinganini birga eslaymiz. Hayoti davomida bunday tiniq ko'rganini eslay olmasligini aytib hursand bo'ladi. Va so'zida davom etadi...


Suhbatdosh qidirayotgani yaqqol ko'rinib turar edi. 4 xonali, ayvoni katta daryoga qaragan xonadonda yolg'iz yashaydi. Oilasi yo'q. Qo'shnilari bor, yordam berishadi. Davlat tashkilotlari bor, har kuni kelib dorilarini beradi, uyini yig'ishtiradi, ovqat qilib beradi. Ammo unga suhbatdosh kerak. Qattiq hafa bo'ladi. 


Qo'limni qo'liga qo'yib, operatsiyadan oldin ko'zi qanchalik xira ko'rganini eslataman. 


Adolf, bolaligidagi xotirasi esiga tushadi. Hikoyani so'zlab beradi: 


"Biz Norvegiya shimoliy viloyatida, chekka qishloqda yashar edik. 5 yoshman. Qish edi. Bir kuni onam bilan kasalxonaga bordik. Onam meni hamshira bilan qoldirdi, shifokorlar uni operatsiyaga olib kirib ketishdi. Chiqdi, onamda qattiq og'riq borligini ko'rib turar edim. Shifokor 10 kun uyda dam olishini aytdi. 


Uyga keldik. Onam men otang kelgunicha kirlarni yuvib qo'yishim kerak deb, og'riganiga qaramay daryoga tushib ketdi. Kasalxonaga borganimizni hech kimga aytmasligimni buyurdi. 


Onamni uzoq kutdim. Kelmadi. Otam ishdan keldi. Onamni so'radi. Men bilmayman dedim. Keyin otam jahl bilan hovliga chiqdi. Keyin 2 ta qo'shni keldi, keyin yana 2 tasi. Mendan 6-7 yosh kattaroq qiz onasi aytgandan keyin meni o'z uyiga olib kirib ketdi. 


O'sha kuni nimalar bo'lganini aniq eslay olmayman. Menga kattaroq bo'lganimda aytib berishdi. Onam o'sha kuni abort qildirgan ekan. U paytda abort degan narsa juda yomon qaralar edi. Daryoga kir yuvgani tushgan. O'sha joyda hushidan ketgan. O'ziga kela olmagan. Juda sovuq kun edi. Qattiq qor yog'ar edi. Onam izlarini qor bosib, ko'rinmaydigan qilgan ekan. Uni topishganida qon ketib, hushidan ketgani va hech kim yordamga vaqtida kelmagani uchun sovuqdan vafot etgan ekan. 


O'shanda men 5 yosh edim. 


Hayotimdagi jahannam shundan keyin boshlangan. O'gay onadan yomoni yo'q. Men qilmagan yomon ishlarim uchun har kuni otamdan kaltak yer edim. Bu holat 9-sinfni tugatguncha davom etdi. Keyin men uydan ketishga qaror qilganman va janubga kelganman. 


O'gay onam shu darajada yomon ediki, men hatto uni bir marta daryoga itarib yuborgan edim."


....


Adolf yangi hikoya boshlamasidan oldin undan bugungi rejalari qanday ekanligini so'rayman. Do'konga kirishi kerak ekanligini aytadi. Hamshirani chaqiraman. Adolfni kuzatib qo'yaman. 


Adolf farzandlari yo'q. Oilasi yo'q. Qarindoshlari yo'q. Hech kimi yo'q. U yolg'iz. 85 yoshida, xotirasi pand beradigan bir vaqtda yolg'iz. 


.....


Bu holatdan qanday darslar olaman men? 

  • biz keyinchalik afsuslanadigan xatolar qilmasligimiz zarur. Oila qurish muhim, farzand muhim. Adolf bolalik xotiralari o'ta qorong'u. Balki shu sabab ham oila qurmagandir. Bu tahminim xolos. 
  • ota yoki ona sifatida oilamizga zulm qilmasligimiz juda muhim. Adolf hikoyasiga ko'ra otasi qattiq zulm qilgan. Shu sabab ham ota bo'lgisi kelmagandir. Bu ham tahmin xolos. 
  • ijobiy xotiralarni ko'paytirish juda muhim. Ijobiy xotiralar qancha ko'p bo'lsa qarilikdagi hayot sifati shuncha yaxshi bo'ladi. [link 1]
  • ijobiy xotiralarni ko'proq hujjatlashtirib borish kerak. Rasmlar, videolar, insholar. Biz unutuvchan jonzotmiz. Kuniga miyamizdan 6000dan ortiq xayollar o'tadi [link] Ular 1% ham esimizda qolmaydi. Shuning uchun hujjatlashtirish muhim
  • Alzheimer va demensiya bu achinarli kasallik. Unga chalinmaslik uchun harakat qilishimiz muhim. Eng yaxshi dori bu sport bilan shug'ullanish. Haftasiga 3 marta, yarim soat, yengil yugurish o'zi Alzheimer xavfini karra kamaytiradi [link][link]
  • vaqt o'tgan sari biz uchun moddiy boyligimiz emas, balki ijtimoiy boyligimiz muhimligi ortib boradi. Adolf puli bor, xizmatni sotib olishi mumkin. Ammo unga insoniy rishta yetishmaydi. Bu pulga sotib olinsa soxta bo'ladi. Mohiyat yo'qoladi. 
  • inson ba'zan oddiy suhbat uchun "bemor" bo'lishga tayyor bo'ladi. 
  • Adolf bugun yolg'iz bo'lib qolmagan. U butun o'zi bilib-bilmagan holda shunga tayyorlangan. Biz bugungi harakatlarimiz natijasi nima bo'lishi haqida bir ozga to'x'tab tafakkur qilishimiz zarur. 
  • Eng og'riqli hissiyotlardan biri bu o'zingni keraksiz his qilishing


Inson hayoti davomida yig‘ilgan tanlovlar va xotiralar keksalik poydevoriga aylanadi. Poydevor mustahkamligi faqat pul bilangina emas...


Bek Olimjon
28.01.26
Norvegiya

PS. Adolf ismi o'zgartirilgan

Report Page