Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv

MoliyaPress

Joriy yilning 27 sentyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Hargitai, YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, YeTTB bosh kotibi Kaxugiho Koguchi hamda komplians nazorat bo‘limi rahbari Bernd Traksler ishtirok etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov hamda Davlat xususiy sherikligini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Zokir Bozorov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida davlat banklari va davlat korxonalarini xususiylashtirish, dekorbonizatsiya va yashil o‘sish, xususan, yashil iqtisodiyotga o‘tish, metan emissiyasini kamaytirish, yashil shaharlarni tashkil etish, shuningdek, kapital bozorini rivojlantirish, YeTTB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, shu jumladan, energetika, ta’lim va transport sohasida davlat xususiy sherikligi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar kichik va o‘rta tadbirkorlik sohasini rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda ushbu sohadagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Moliya vazirligi va Davlat xususiy sherikligini rivojlantirish agentligi o‘rtasida O‘zbekiston davlat xususiy sheriklik loyihalarini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish yuzasidan mandat bitimi imzolandi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page