Yerlarini talon-taroj qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
Umummilliy boyligimiz bo‘lgan yerlarni avaylab asrash, o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda qonun buzilish holatlariga nisbatan keskin choralarni ko‘rish Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasining asosiy vazifasidir.
Ushbu ishlarni samarali tashkil qilish uchun boshqarmada va barcha tumanlarida jami 16 ta Ishchi guruhlar tuzilib ular o‘z hududlarida yer uchastkalarini talon-taroj qilishni oldini olish bo‘yicha faoliyat olib bormoqdalar.
Hozirgacha Viloyat bo‘yicha 97 marotaba maxsus dronlar uchirilib, ular yordamida nazoratchilar tomonidan 490 ta holatda 60,9 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari aniqlandi.
Misol uchun, Kadastr agentligi Norin tuman bo‘limi tomonidan tumanning “Nurziyo” MFY hududida fuqaro E.A. tomonidan 300 kv.m. yer maydonini hech qanday hujjatlarisiz egallab olib devor bilan o‘rab olinganligi aniqlandi.
Yana bir holatda, “Otbozor” MFY hududida fuqaro I.S. tomonidan auksion savdolari orqali sotib olgan yer maydonidan 150 kv.m ortiqcha maydonni egallab olib, o‘zboshimchalik bilan beton poydevor quyish ishlarini amalga oshirganligi aniqlandi.
Har ikki holat bo‘yicha ko‘rilgan tezkor choralar natijasida fuqarolar tomonidan ushbu holatlar o‘z ixtiyorlari bilan bartaraf etildi va yer zaxiraga qaytarildi. Yer bilan bog‘liq qonun buzilishlarni oldini olish uchun "Past Cho‘ja" MFY hududida mahalla Raisi, Hokim yordamchisi hamda mahalla faollari ishtirokida fuqarolarga profilaktik tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar!
Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi Sizlardan noqonuniy qurilish qilmaslikni, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olmaslikni va egalik huquqi mavjud bo‘lganda esa o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlaringizni so‘rab qoladi.
Viloyatning Norin tumani yer nazorati inspektorlarining bir kunlik ish faoliyatidan videolavhalarni ushbu videoda kuzatishingiz mumkin.
Matbuot xizmati.