Yer uchastkalarini mulkdorning roziligi va kompensatsiya to‘lovlarisiz davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish ta’qiqlanadi
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiIjtimoiy hayotda mulk va mulkning daxlsizligi masalasi juda muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, mulk huquqi va daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan.
Shunga qaramasdan, so‘nggi yillarda fuqarolar va tadbirkorlarning mulk huquqining buzilishi, xalq tilida “SNOS”lar bilan bog‘liq holatlarga duch kelmoqdamiz.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Shuningdek, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Ushbu sohada jismoniy va yuridik shaxslar mulk huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2022-yilning 29-iyun kuni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun joriy yilning 1-oktabr kunidan kuchga kiradi.
Ushbu qonun bilan nimalar o‘zgaradi?
Birinchidan, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qaysi hollarda olib qo‘yilishi mumkinligi aniq belgilandi.
Yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:
· mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ular faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
· xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
· foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
· respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temiryo‘l transporti obektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimi muhandislik obektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
· tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalari obektlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
· davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.
Endilikda, Yer uchastkalari har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari qanday tartibda olib qo‘yiladi?
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy kengashlarning yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha tashabbusni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq o‘tkaziladi.
Mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar huquq egalari bilan kompensatsiya shartlari, turlari va miqdori bo‘yicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi.
Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida ko‘chmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu o‘rinda e’tibor qaratish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga asosan yer uchastkalarini olib qo‘yish tog‘risida qarorlarni faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyat Kengashlarigina qabul qilishlari mumkin.
Endilikda, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining ushbu masalada yer uchastkalarini olib qo‘yish vakolati tugatildi.
Yana bir muhim jihati, viloyat darajasidagi mahalliy Kengashlarning yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tog‘risidagi qarorlari loyihalari majburiy ravishda hududiy adliya organlaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingan taqdirdagina qabul qilinadi.
“Snoslar”lar bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yuzaga kelganda yoki noqonuniy ravishda yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari sifatida talqin qilinib olib qo‘yilgan yohud kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilmagan (to‘liq to‘lab berilmagan) holatlarda adliya, prokuratura organlariga yoki sudga murojaat qilish lozim.
Mulk huquqi va daxlsizligi davlat muhofazasidadir.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini himoya qilish
bo‘limi boshlig‘i
Abbosxon A’zamxonov