Yer nazorat tadbirlari davom etmoqda

Yer nazorat tadbirlari davom etmoqda


Umummilliy boyligimiz bo‘lgan yerlarni avaylab asrash, undan unumli foydalanish va o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda qonun buzilish holatlariga nisbatan keskin choralarni ko‘rish Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasining asosiy vazifasidir.

Joriy yilning 1-may kunidan boshlab Namangan viloyatida kuchaytirilgan tartibda yer nazorati ishlari olib borilmoqda.    

Hozirgacha Viloyat bo‘yicha maxsus dronlar yordamida 75 marotaba uchishlar tashkil qilinib Ishchi guruhlar tomonidan 398 ta holatda 27,8 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari aniqlandi.

Ushbu aniqlangan qonunbuzilishlarning 391 ta holatda 10 gektari, aholi punkti yerlarida, 7 ta holatda esa 18 gektari qishloq xo‘jaligi yerlarida sodir etilgan. Aniqlangan barcha qonun buzilishi holatlariga tegishli ma’muriy choralar ko‘rildi.

Masalan, Norin tumani “Nurziyo” MFY hududida fuqaro E.A. tomonidan 300 kv.m. yer maydonini hech qanday hujjatlarisiz egallab olib devor bilan o‘rab olinganligi aniqlandi.

Yana bir holatda “Otbozor” MFY hududida fuqaro I.S. tomonidan auksion savdolari orqali sotib olgan yer maydonidan 150 kv.m ortiqcha maydonni egallab olib, o‘zboshimchalik bilan beton poydevor quyish ishlarini amalga oshirganligi aniqlandi.

Har ikki holat bo‘yicha MJtK 60-modda 3-qismi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi hamda 15-kunda noqonuniy qurilmalarini bartaraf etish bo‘yicha yozma ogohlantirish berildi. Hozirda fuqarolar tomonidan ushbu holat o‘z ixtiyorlari bilan bartaraf etildi.

Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi ogohlantiradi:

Barcha yer nazorati tadbirlari “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda va zamonaviy maxsus dronlar bilan olib borilmoqda. Shu sababli noqonuniy qurilishlar tezda aniqlanadi va tegishli qonuniy chora ko‘riladi.

Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar! Sizlardan noqonuniy qurilish qilmaslikni, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olmaslikni va egalik huquqi mavjud bo‘lganda esa o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlaringizni so‘rab qolamiz.

 

 Bizdan uzoqlashmang, Yer nazorati tadbirlari haqida Sizlarni xabardor qilib boramiz.

Matbuot xizmati.


Report Page