Yer ijarasi

                        Yer ijarasi

 

2022 yil 31 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudi raisi R.N.Kamalova va fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi raisi Yu.Keunimjaevlar, Beruniy tumanidagi “Do‘stlik” va “Navoiy” MFY dagi yer uchastkalarini  ijaraga olgan fuqarolar bilan yer uchastkalaridan foydalanish tartib qoidalari yuzasidan tushuntirishlar berdi.

Bugungi kundagi sharoit va imkoniyatlarni to‘g‘ri tushungan fuqarolarimiz har qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda. Prezidentimiz tomonidan aholini turmush darajasini yaxshilash, ularning moddiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti va Hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida 2022 yilda paxta va g‘alladan bo‘shagan 80 ming gektar yerlar aholiga bo‘lib berildi.

Ushbu yerlar aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun, 10 sotixdan 1 gektargacha 10 yil muddatga, ochiq elektron tanlov o‘tkazish orqali ijaraga berildi. Bunda, asosiy mezon – yerdan samarali foydalanish va yaratiladigan ish o‘rinlari etib belgilandi.

Yerdan unumli foydalanish oilaviy biznes uchun juda qulay desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ishonamizki, Sizga davlat tomonidan aholining keng qatlamlarini mehnat bilan band qilish orqali kambag‘allikni qisqartirish, aholining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida ajratilgan yer uchastkalaridan samarali va oqilona foydalanasiz.

Aks holda dehqon xo‘jaligi yerdan oqilona foydalanmasa, ijara shartnomasi sud orqali muddatidan oldin bekor qilinadi. Buni har bir dehqon qonuniy tushunishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 16-moddasiga ko‘ra:

yuridik shaxslar mulk, doimiy foydalanish va ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishi mumkin.

jismoniy shaxslar mulk va ijara huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo‘lishi mumkin.

Yer uchastkasining ijarasi yer uchastkasiga ijara shartnomasi shartlarida muddatli, haq evaziga egalik qilish va foydalanishdan iboratdir.

Ijaraga berilgan yer uchastkalari oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash ob’ekti bo‘lishi mumkin emas.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.

Ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan foydalanishda bozor tamoyillarini joriy qilish, paxta va g‘alla maydonlaridan qisqartiriladigan yerlarda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha Prezidentimiz va Hukumat tomonidan o‘tgan yilda 2 ta muhim qarorlar qabul qilinib, yer ajratishni yangicha tartibi - ijaraga berishning huquqiy asosi yaratib berildi.

Jumladan, paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida aholining keng qatlamlarini mehnat bilan band qilish orqali eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, shuningdek aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–20-son qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021 yil 24 noyabrdagi 709-sonli qarori bilan quyidagilar tasdiqlandi:

dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarish materiallarini tayyorlash, tanlovni tashkil etish, unda ishtirok etish, tanlov g‘olibini aniqlash va tanlov natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish hamda tanlov g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;

qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga chiqarish materiallarini tayyorlash, tanlovni tashkil etish, tanlov g‘olibini aniqlash va tanlov natijalarini tasdiqlash hamda tanlov g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi, ikkilamchi ijaraga berganlik uchun to‘lovlarni amalga oshirish, ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga o‘zgartirish kiritish va uni bekor qilish tartibini nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

 Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik berildi.

Shu sababli hurmatli Prezidentimiz yerlarni ajratishda ustuvorlik eng avvalo mahalladagi sharoiti og‘ir, lekin ishlashga ishtiyoqi baland oilalarga berilishini va bunga hokim yordamchilari bosh qosh bo‘lishini qayd etib o‘tdilar.

Shu sababli vazifa yer maydoni ajratish emas, balki aholini daromadini oshirish uchun imkoniyat yaratish bo‘lib hisoblanadi. Ya’ni, yerni ijaraga olgan oila yil davomida yaxshi ishlasa kamida 40-50 mln. so‘m daromad topishi kerak. Bu daromad bilan oyiga 3-4 mln. so‘m daromad olishi orqali o‘rta hol oilaga aylanadi.

Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Yer to‘g‘risidagi qonunchilikning asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini ko‘zlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan shu jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 1-moddasi.

 Ijaraga berilgan yer uchastkasini saqlash vazifasi qonunchilikka muvofiq quyidagi majburiyatlar bilan ta’minlanadi:

yer uchastkasini sotish yoki o‘zgacha tarzda boshqalarga o‘tkazish taqiqlanadi;

yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga va yordamchi pudratga berish taqiqlanadi;

yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini o‘zgartirish taqiqlanadi;

yer unumdorligini saqlash va oshirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini soz holatda saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirish lozim;

tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilish, shu jumladan yer uchastkasidagi tuproq qatlamini asrash lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 29-moddasi.

 Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanuvchi yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar:

1) biznes-rejalarda tuproq unumdorligini oshirish va yerlardan oqilona foydalanish yuzasidan aniq tadbirlarni nazarda tutishlari;

2) zona sharoiti va xo‘jalikning ixtisoslashuviga muvofiq ilmiy asoslangan almashlab ekishni, dehqonchilikning eng samarali va iqtisodiy jihatdan oqilona tizimlarini joriy etishlari;

3) haydaladigan yerlar asralishi va kengaytirilishini ta’minlashlari;

4) meliorativ jihatdan nobop sug‘oriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilishlari, pichanzor va yaylovlarga suv chiqarishlari hamda ularning holatini yaxshilashlari;

5) xo‘jalikning butun ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmog‘ini hamda undagi inshootlarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashlari;

6) qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini sug‘oriladigan yerlarning sho‘r bosishi va zaxlanishiga, yerlarning va suv manbalarining ifloslanishi va zararlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan usullar bilan amalga oshirishlari;

7) qishloq xo‘jalik ekinlari va dov-daraxtlarni parvarish qilishning suv tejaladigan texnologiyalarini, sug‘orishning ilg‘or usullarini joriy etishlari;

8) yerlarni muhofaza qilish yuzasidan, shu jumladan sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar ko‘rishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 48-moddasi.

Butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:

1) yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;

2) yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda;

3) yuridik shaxs tugatilganda;

5) xizmatda foydalanish uchun chek yer berib qo‘yishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda, agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa;

6) yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida;

7) yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda;

8) yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;

9) qonunchilikda belgilangan muddatlarda yer solig‘i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda;

10) qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;

11) meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi order kimoshdi savdosi asosida sotib olinganidan keyin yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi garovda bo‘lgan taqdirda esa — garov shartnomasi muddati mobaynida foydalanilmaganida. Foydalanilmayotgan yer uchastkalari ularning avvalgi egalari to‘lagan qiymat ushbu egalarga kompensatsiya qilingan holda olib qo‘yiladi;

12) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashlari rayosatining qaroriga muvofiq fermer yoki dehqon xo‘jaligining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi tugatilganda;

13) yer uchastkasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yilganda.

Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3 va 5-bandlarida ko‘rsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga ko‘ra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining qarorlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladi.

Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 6 — 11-bandlarida ko‘rsatilgan hollarda tugatish sud tomonidan amalga oshiriladi.

Yer to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan hollarda yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirganidan keyin yer uchastkasini bergan organga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritadi.

Yer uchastkasini bergan organ taqdimnoma asosida bir oylik muddatda uni olib qo‘yish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi.

Ijaraga oluvchi yer uchastkasiga huquqini tugatish haqidagi mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tugatish yer uchastkasining ijara shartnomasini bekor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

 Yodda tuting! Yer to‘g‘risidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda yerga bo‘lgan huquq Yer kodeksi va «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunga

sud tartibiga asosan bekor qilinadi.

 IV. Yer QONUNChILIGINI BUZGANLIK UChUN MA’MURIY HAMDA JINOIY JAVOBGARLIK

   Yer qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilangan.

 Yerdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish yoxud yerga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlar sodir etish, tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga esa — uch yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi.

 Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik

  Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rilmaganligi, shu jumladan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi fakti to‘g‘risida vakolatli organlar xabardor etilmaganligi, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 601-moddasi.

 Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik

  Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha, shu jumladan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi fakti to‘g‘risida vakolatli organlarni xabardor etish bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rmaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-1-moddasi.

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish

 Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish, —

bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi.

 

R.N.Kamalova, Jinoyat ishlari bo‘yicha Beruniy tuman sudi raisi                                                  

Report Page