Yaxshi sharoit, yuqori haq, jamoatchilik nazorati — ijodiy imtihonlardagi adolat garovidir! – A.Toshqulov

Yaxshi sharoit, yuqori haq, jamoatchilik nazorati — ijodiy imtihonlardagi adolat garovidir! – A.Toshqulov


Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida ijodiy, kasbiy imtihonlarni puxta tayyorgarlik asosida shaffof o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati mas’ullari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, prorektorlar va ijodiy imtihonlar komissiya a’zolari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi dolzarb masala – ayni kunda boshlangan ijodiy, kasbiy imtihonlarni shaffof va xolis o‘tkazish bo‘ldi.

“Bugun oliy ta’lim korrupsiyadan xoli sohaga aylanmoqda. Buni so‘nggi vaqtda tizimdagi islohotlar, jumladan, o‘qishni ko‘chirishni tartibga solingani, magistraturaga qabulni sertifikat orqali amalga oshirilayotgani hamda tizimning to‘liq raqamlashganida ko‘rishimiz mumkin. Endi galdagi muhim masala - oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ijodiy, kasbiy imtihonlarni adolatli va shaffof o‘tkazishdir”, – dedi vazir.

O‘z so‘zida davom etar ekan, A. Toshqulov mas’ullarga imtihonlarni nazorat qilishga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar uchun yetarli sharoitlar yaratish, jumladan jarayonlarni adolatli o‘tkazishda halolligini ko‘rsatgan mutaxassislarni katta miqdordagi qo‘shimcha pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi. 

Qayd etish lozimki, imtihonlarni adolatli va xolis o‘tkazish maqsadida vazirning tegishli buyrug‘i bilan vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan ijodiy imtihonlar komissiyasi raislari va a’zolari tajribali, halol, pok, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlardan tasdiqlangani, ular o‘zlari faoliyat yuritmaydigan boshqa oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan holda shakllantirilgan.

Kasbiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami qabul parametrlari 2 515 tani tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abiturientlar soni 1 mln 200 ming nafardan oshgan. Ulardan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 60 177 nafar, test bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni esa 66 371 nafarni tashkil etmoqda.

Majlisda vazir oliy ta’lim maskanlari rahbarlari hamda komissiya raislariga murojaat qilib, “Sizlarga katta ishonch bildirgan holda shunday mas’uliyatli vazifaga jalb qildik, bunda sizdan faqat halollik talab etiladi”, – dedi.

Shuningdek, abituriyentlar ota-onalari va kuzatuvchilar uchun muassasa hududida imtihonni sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazish, jarayonlarni videotranslyatsiya qilish, har bir hududni navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlash, jarayon haqida tezkor axborot berib borish, apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish, imtihon jarayonlariga ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari, blogerlarni taklif etish bo‘yicha ham mas’ullarga topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektorlari so‘z olib, imtihonlarni o‘tkazishdagi tajriba va fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

A.Toshqulov yig‘ilish yakunida magistraturaga hujjat qabul qilishga ham to‘xtalib, topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilayotganini qattiq tanqid qildi. Mas’ullarga ushbu holatni qat’iy nazoratga olishlari, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirishlari, soxta sertifikat topshirganlarni o‘qishdan chetlatish bo‘yicha zarur ko‘rsatma berdi. 





Report Page