Yaxshi o‘qituvchi bo‘lish uchun o‘qi, izlan!

Yaxshi o‘qituvchi bo‘lish uchun o‘qi, izlan!

#ustozimga_maktub
Shogirdlar qalbiga topa olgan yo‘l,
Quvonchiga quvonch qo‘sha olgan qalb,
Yutug‘in eng avval baholay bilgan,
O‘sha ham o‘zingiz ustoz muallim.
Bugun yuragimning butun qatida,
Sizga ehtiromim aylayin bayon,
Qo‘llarim ko‘ksimda qilaman ta’zim,
Mehridaryo ustoz, aziz muallim.

Umr biram go‘zal, ne’matlari ko‘p. Yashamoq baxtidan diling entikar. Boring qurshab olar, shirin tashvishlar. Goh birni unutib, birni yodlaysan. Kimdan burchdorsanu kimdan qarzing ko‘p. His etganing sari qalbing tozarar!

Onam, deysan, undan burchdorman abad, padarim iziga izimni bosay, yaxshilardan ko‘rgan yaxshiliklaring, ko‘nglingga ezgulik urug‘in qadar. Xotira uyg‘onar uzoq-yaqindan. Oppoq binolarning bo‘yi ko‘rinar… Mo‘jazgina sinf. Darsxonalardan mo‘jizalar sari eshik ochilar. Bir zot chiqib kelar – Hazrati Ustoz. Beixtiyor qo‘ling ko‘ksingga borar. Ilm bog‘i go‘yo sehrli diyor. Qo‘ng‘iroqlar takror-takror chalinar. Saboqlar boshlanar, saboqlar tugab. Olamning qulfiga kalit solinar. Muallimsiz ko‘rdir kurrai zamin. Yo‘limizga o‘chmas chiroqlar yoqib, biz bo‘lib o‘qigan, biz bo‘lib uqqan. Yomonu yaxshimiz sevib-siylagan, muallimni asli qanoat tuqqan. Sabrning farzandi asli u zotlar, mehnatin mahsulin yillab kutarlar. Saodatga to‘lsa umr degan baxt, omad chiqaversa qarshingdan kulib. Ortingga bir qara, hu-u o‘sha Maktab, muallim yashaydi hamon o‘qitib. Ulug‘ bir millatning vijdoni bo‘lib, oddiy muallimning mehnati porlar!

“Ustoz” degan so‘z yuragimning tub-tubidan joy olgan, yuragimdan chiqib butun tanamni ta’minlayotgan qon desam aslo adashmayman.

Ustozim Toshpo‘lat Narziyev! … Meni ham siz kabi “Ustoz” degan sharafli nom olishimga sizning hissangiz katta.

O‘ng qo‘li xasta adabiyot muallimim G‘ulom Egamovning chap barmoqlarida juda chiroyli husnixatda yozishi, hatto bo‘rning ushalishiga ham yo‘l qo‘ymay, bir tomonini qog‘ozga o‘rab ishlatuvchi kimyo fani ustozim Yusuf Ro‘ziyev kabi sizning ham matematikadan toki mavzu butun mazmun-mohiyati bilan shuuriga singmaguniga qadar erinmasdan takror va takror tushuntirishlaringiz, gard enmagan libos, yaltirab turgan poyafzalda sinf xonasiga kirib kelishingiz, oppoq ko‘ylak yoqasi, englaringiz hozirgina dazmollangandek qati buzilmaganligi xotiramdan o‘chmaydi. Sizlar kabi bilimdon, halol, to‘g‘riso‘z, bolajon o‘qituvchi bo‘lishga qaror qilib, so‘zimni ustidan chiqdim.

Mana, 36 yildirki, matematika fanidan dars berib kelayotgan bo‘lsam-da sizni “Yaxshi o‘qituvchi bo‘lish uchun o‘qi, izlan”-deb takror-takror aytgan o‘gitingiz qulog‘im ostida hamon jaranglab turibdi.

Ha, aytganday, yana bir muhim jihatingiz bilan boshqalardan ajralib turardingiz. Qaysi bir asarni qo‘lingizga olmang, bir yoki ikki kunda o‘qib, bizlar o‘qigan bo‘lsak obdan savol-javob qilardingiz. Agar ozgina adashsak, o‘qigan bilan birga uqish kerak. Badiiymi, ilmiymi farqi yo‘q sevib o‘qish kerakligini aytishdan charchamasdingiz. Shu boismi, doimo badiiy asar o‘qib boraman. Tez-tez maqolalar yozib turaman. Men uchun bu o‘gitingiz bir turtki bo‘lgandir.

Dastlab, 22-maktabda ishga kelgan kezlarim yaqin kasbdosh do‘stingiz G‘aybulla Narziyev juda ko‘p amaliy yordam berib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi. Hozir nafaqada bo‘lsalar-da maslahatlarini ayamaydilar. Ustoz “Hatto o‘qituvchining ovoz toni ham darsning sifatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Shunday ekan, har soniya o‘zingizni tergab turing…” - degan fikrni ko‘p uqtiradilar. Garchand o‘tgan yillar davomida ozmi ko‘p tajriba to‘plagan bo‘lsam-da hamisha ularning bu kabi xulosalariga tayanaman.

Bir paytlar sizlardan ibrat olib, o‘qituvchilik kasbini egallagan bo‘lsam, bugun o‘nlab yoshlar ortimdan ergashib muallim bo‘lganlar.

Meni kamtarona mehnatlarim evaziga davlat mukofoti, Xalq ta’limi vazirligining “Faxriy yorliqlari”, turli diplom va sertifikatlar bilan taqdirlashganda, avvalo, sizni hissangiz katta ekanligini his etib turaman.

Ustoz, siz hozirda oramizda yo‘qsiz, ammo qalbimizda abadiy yashaysiz.

Siz uchun dilimda kechayotgan tilaklarimdan guldasta yasamoqdaman. Bog‘imizdagi eng sara gullarni ham Sizga baxshida etgum. Bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, hayot saboqlarini o‘rgatishdek beminnat va sharafli mehnatingiz hamisha ardoqqa, ehtiromga loyiq.

Men o‘z tasavvurimda Sizni go‘yo bog‘bonga qiyoslayman. Chunki bog‘bon gulzoru mevazorlariga qanchalik jon ato etganidek, ustoz ham shogirdining kamoliga yetishishi uchun shunchalik mashaqqat chekadi.

So‘zim so‘nggida, Ustoz, oxiratingiz obod, joyingiz jannatda bo‘lsin deyman.

Sizgadir yurakda asragan so‘zim,
To mangu ta’zimda turaman o‘zim.
Dilimning tubida yangragan sozim,  
Qalbimda yashaysiz mangu, Ustozim.
Hayot yo‘llarimda dildosh, deb bildim,
Yo‘limni yoritgan quyosh, deb bildim,
Tole yo‘llarida yo‘ldosh, deb bildim,
Qadringiz bilinar Ustozim, har on!

Sizga hurmat ila shogirdingiz Rayima.

Kanalga obuna bo`lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram

Report Page