O‘zbekistonning bir nechta shaharlari GCoM tashabbusiga qo‘shildi

O‘zbekistonning bir nechta shaharlari GCoM tashabbusiga qo‘shildi

EconomyMoliyaPress

Mamlakatimizda 2022-yil fevral oyidan boshlab Yevropa Ittifoqi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida “Hokimlarning global kelishuvi kotibiyatini iqlim va energetika bo'yicha qo'llab-quvvatlash” (Support to the Secretariat of the Global Covenant of Mayors for the climate and energy GCoM) loyihasi amalga oshirilmoqda.

GCoM loyihasining asosiy maqsadi shahar va tumanlar darajasida iqlim o‘zgarishining oldini olish, ekologik barqarorlikni ta'minlash, aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, “yashil” iqtisodiyot hamda “yashil” energetikani rivojlantirish hisoblanadi.

Mazkur loyiha doirasida 10 000 dan ortiq shaharlar mahalliy tashabbuslari, innovatsion moliyalashtirish modellari va barqaror infratuzilma orqali iqlim hamda iqtisodiy inqirozlarni hal qilish uchun milliy va xalqaro institutlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Ushbu loyihada Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Xorazm viloyatining Urganch shahri, Buxoro viloyatining Buxoro shahri, Namangan viloyatining Namangan shahri va Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani ishtirok etmoqda.

Bugungi kunga qadar Yevropa Ittifoqining xalqaro va mahalliy ekspertlari, tegishli hokimliklarning mas’ul xodimlari va muttasadi vazirlik, idoralar bilan birgalikda 5 ta shahar (tuman)ning har biri bo‘yicha СO2 tashlamalarining miqdori aniqlandi va ularni kamaytirish maqsadida “Iqlim bo‘yicha harakatlar rejasi”ni ishlab chiqish ishlari yakunlanmoqda.

Joriy yilning 27—29-sentabr kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining xorijiy ekspertlari tomonidan tabiatga asoslangan moslashuv harakatlari va yechimlari, chiqindi va oqova suvlarni boshqarish, energiya samaradorligi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, iqlim loyihalarining ko‘lami va tuzilishini aniqlash mavzusida navbatdagi seminar tashkil etildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi


Report Page