“Yashil makon” umummilliy loyihasi: qadriyatlar bilan qadr topayotgan tashabbus

“Yashil makon” umummilliy loyihasi: qadriyatlar bilan qadr topayotgan tashabbus


Daraxt ekish, vatanni obod va fayzli maskanga aylantirish barchamiz uchun muhim qadriyat sanaladi. Ota-bobolardan qolgan bu udum, farzand uchun nihol qadashdek ulug‘vor maqsadlarda davom etayotir. Shu bois ham keyingi yillarda daraxt ekish xayrli an’anaga aylanmoqda.

Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham, yurtni obod qilish hamda ko‘kalamzorlashtirish borasida aniq ko‘rsatmalar berilganligi bejiz emas.

Buning natijasi o‘laroq, yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasining navbatdagi mavsumiga start berilgan edi.

Davlatimiz rahbarining mazkur yo‘nalishdagi ezgu tashabbusini bugun nafaqat Qishloq xo‘jaligi vazirligi, balki uning barcha tizim tashkilotlari va muassisligidagi oliy ta’lim muassasalari ham birdek qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yurt obod bo‘lishida agrar tarmoq xodimlarining ham hissasi borligi qo‘lga belkurak olib, shijoat bilan mehnat qilishga undashi bor gap. Birgina, 28 gektar maydonni o‘z ichiga olgan Toshkent davlat agrar universitetining turli hududlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida alohida maydonlar ajratilganligi fikrimiz dalilidir. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida shunday maydonlardan birida “Qishloq xo‘jaligi vazirligi bog‘i”ga asos solindi.

Vazirlik markaziy apparati, departament va boshqarma boshliqlaridan iborat jamoa o‘zlarining umid nihollarini yerga qadadilar. Boisi, endi hammaning o‘z niholi, o‘z daraxti bo‘ladi. Uni o‘zi parvarishlaydi, mevasidan esa talabalarga tortiq qiladi. O‘zi ham chekkada qolmaydi albatta. Bugun bu bog‘ga 60 tup mevali daraxt ekildi. Olma, nok, behi mevaga kirishi uchun endilikda hamma birdek mehnat qiladi. Shugina emas. Vazir tashabbusiga ko‘ra bu yerda “Voish” usulida uzum ko‘chatlari ekish ilgari surildi.

Agrar universitet o‘z nomiga munosib qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi islohotlarni avvalo o‘zida boshlab berishi lozimligi ta’kidlandi. Maqsad bitta. Talaba ochiq maydondagi tajriba uchastkasida har bir o‘sayotgan daraxt, tok, manzarali ko‘chat bo‘lsin ilmiy yondashuv bilan davriyligini kuzatadi. Kasallik va begona o‘tlardan himoya qiladi. Unga bu hayot maktabi ham demak.

Bu ishlar boshlangani rost. Faqat tajriba xo‘jaliklarida edi. Endi bevosita universitet hududida amalga oshiriladigan ham bo‘ldi. Har yili oliygohga 4000 dan ziyod talaba qabul qilinishini e’tiborga olsak, har bir qabul yilida shunchadan nihol qadasak buning nimasi yomon? Universitetda ayni kunga qadar faqat mazkur loyiha doirasida 4400 ta mevali hamda manzarali ko‘chatlar ekildi. Tajriba xo‘jaliklari atrofi obod qilindi.

Daraxt ko‘chatlari universitet hududining iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar hosil qilish va ko‘kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olinmoqda.

Vazir o‘z navbatida, universitet hududida tok ekish, sug‘orish tizimini takomillashtirish, terak qalamchalarini yetishtirish, har bir talabaning o‘z nomidan guruh asosida ko‘chat ekish va parvarishlash hamda ota-onalar bog‘ini yaratish taklifini berdi.

Bunday sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — har bir xodim, talaba avvalo tashabbusni o‘z zimmasida sezsin. Mas’uliyatni o‘ziga olsin. Joylarda targ‘ibotga borganida o‘z hayotiy misollari yordamida fikrlasha olishi lozim. Obodlik va ko‘rkamlik hammaga xush yoqadi. Ammo uni bunyod qilish uchun qunt, sabr hamda harakat darkor. Mana shu xislatlar hammamizda lozim darajada shakllansa, demak, o‘zimiz bosh bo‘lib oila va mahallamizni ham bu ishga boshlashga tashabbus yetarli bo‘ladi.


Report Page