Yashil eshik

Yashil eshik

Saidova Mushtariy

Yoshgina pianino sotuvchisi Rudolf Steyner o‘lguday sarguzashtsevar yigit edi. U atiga ikki-uch oqshomdan buyongina kutilmagan hodisalar izlashdan o‘zini tiyib turardi, xolos. Lekin unga negadir hayotdagi eng qiziq hodisalar mana hozir, naq oyog‘i ostidan chiqib qoladiganday bo‘lib tuyulaverardi. Yigit hammavaqt yangi-yangi sarguzashtlar to‘g‘risida xayol surib yurardi.

 Bir kuni Rudolf ko‘chada xardamxayol bo‘lib o‘zicha aylanib yurgandi, birdan qandaydir bir dasta qog‘ozlarni odamlarga bir-bir tarqatib yurgan bitta negr uning e’tiborini tortib qoldi. O‘sha negr Rudolfning qo‘liga ham bir tashrifnomani qistirib ketdi. Yigit qiziqsinab qog‘ozni ushlagancha unga ilkis nazar tashladi. Tashrifnomaning bu tomoniga hech nima yozilmagan edi; lekin uning orqa tomoniga uch donagina so‘z yozib qo‘yilgandi: “Yashil eshik”. Shu payt o‘zidan uch qadam oldinda qo‘liga negr berib ketgan o‘shanday tashrifnomani bir chetga beparvo uloqtirib ketgan erkakka yigitning ko‘zi tushdi. Rudolf o‘sha qog‘ozni ham yerdan yig‘ishtirib oldi. Bu tashrifnomaga ham tish doktorining nomi bilan uning manzili qayd etib qo‘yilgandi.

 Sarguzashttalab pianino sotuvchisi muyulishga borib ozgina to‘xtab turdi-da, o‘ylanib qoldi. So‘ngra u ortiga qaytib, yana odamlar oqimiga qo‘shildi. Yigit ikkinchi marta negrning yonidan o‘tib ketayotganida u yana Rudolfga tashrif qog‘ozi berdi. Yigit o‘n qadamcha nariroqqa bordi-da, qog‘ozni o‘zicha tekshirib chiqdi. Birinchi tashrifnomadagi kabi bunisida ham bir xil husnixat ko‘rinib turar, bunisiga ham “Yashil eshik”deb yozib qo‘yilgandi. Keng trotuar yo‘lak ustida yana uch-to‘rtta o‘shanday tashrifnomalar sochilib yotardi. Ularning hammasida tag‘in o‘sha tish doktorining ismi bilan uning manzili bor edi. Qiziq, bu qog‘ozlarda yozilgan so‘zlar nimani anglatgan taqdirdayam o‘sha negr shuncha gavjum olomon ichidan nima sababdan aynan Rudolfni ikki martalab tanlab oldi ekan...

 Bu gala izdihom ichidan sug‘urilib chiqib ketdi-da, yosh sotuvchi yigit unga yangi sarguzasht va’da qilib turgan qarshisidagi baland bino tarafga alla-pallagacha tikilib turdi. Bino besh qavatdan iborat ekan. Uning birinchi qavati katta do‘kon bo‘lib, tepasi kvartiralar bilan band edi. Qunt bilan o‘tkazilgan ko‘z tekshiruvini nihoyasiga yetkazib, Rudolf o‘sha binoning zinalari bo‘ylab tepaga dadil chiqib keta boshladi. Uyning kirish qismi nimqorong‘u, qavatlar tomon olib chiqadigan zinalar arang ko‘rinib turardi. Rudolf tavakkal qilib, o‘ziga yaqinroq turgan eshik tarafga nigoh tashladi-yu, eshikni yashil rangda ekanligini ko‘rdi. U bir lahza ikkilanib qoldi, so‘ngra to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha eshik tomonga shaxdam bordi-da, taqillata boshladi. Eshik ancha xayallanib ochildi. Ostonada hali yigirmaga ham chiqmagan yoshgina oyimqiz paydo bo‘ldi. Qizning yuzi bo‘zday oqarib ketgandi, hatto Rudolfga shunday bo‘lib ko‘rindiki, u shu onning o‘zidayoq hushidan keta boshlayotganday edi. Chindanam qiz oyoqda turolmay, holsizlanib to‘satdan yiqilib tushdi, Rudolf uni darrov ko‘tarib oldi-da, xonadagi eski divan ustiga asta yotqizdi. So‘ngra eshikni yopib, begona xona ichiga bir qur ko‘z yugurtirib chiqdi. Ko‘rganlaridan ancha batartib, ammo ulkan qashshoqlik in qurgan makon ekan, degan fikrga keldi.

 “Hushimdan ketib qoldimmi?”- deya ovoz chiqardi notanish qiz arang. “Qo‘rqmang, buning hech ajablanarli joyi yo‘q. Agar siz ham uch kun ovqat yemay qadam bosishga urinib ko‘rsangiz edi, ana o‘shanda ko‘rardingiz nima bo‘lishini”.

 “O, Xudoyim! Nimalar deyapsiz?!”- deb baqirib yubordi Rudolf sakrab turib ketarkan. “Shoshmang, siz shu yerda mening qaytishimni kutib o‘tiring”. U yashil eshikdan quyundek otilib chiqdi-da, yigirma daqiqadan so‘ng qo‘lida non, saryog‘, yaxlagan go‘sht, piroglaru sut va issiq choy bilan qaytib keldi.

 “Och qorin bilan bunaqa ahvolda yurish g‘irt ahmoqlikning o‘zi-ku. Qaytib bunaqa ish qila ko‘rmang”- deya dag‘dag‘a qildi Rudolf qizga qarab. “Mana, kechki taomingiz ham tayyor bo‘ldi”.

 Og‘ziga ozgina u-bu narsa tekkan qiz biroz dadillanib, boshidan o‘tganlarini yigitga hikoya qilib berdi. Bu qiz shahardagi millionlab chorasiz g‘ariblardan biri sifatida, bu miskin yerda avj olib borayotgan berahmlik va loqaydlikdan tortib ishxonalardagi past moyanalar, oqibatda o‘ta qiynalib ketib, oxiri kasal bo‘lib yotib qolgunicha kuyunib so‘zladi, baxtga qarshi u bor ishidan ham ayrilib qolibdi, umidlari xor bo‘lib, sarob orzulari daryosida uvol bo‘layozgan bir onida xuddi Xizr kabi oliyhimmat bu yosh yigit uning eshigini qoqib kelibdi.

 Rudolf qizga achinib qarab o‘tirardi. “Shuncha ko‘rgulikni yolg‘iz o‘zingiz boshdan o‘tkazganingizga qaraganda”, deb xitob qildi u keyin, “bu yerda na bir qarindoshingiz va na bir do‘stingiz borga o‘xshaydi?”

 “Ha, hech kimim yo‘q”.

 “Aslini olganda, men o‘zim ham bu dunyoda butkul yolg‘izman”, - deb qo‘ydi Rudolf biroz jimlikdan so‘ng.

 “Men bundan xursandman”, - deya suyunib ketdi qiz beixtiyor, uning bu so‘zlari Rudolfga ham negadir xush yoqdi.

 Andak vaqt o‘tgach, qiz chuqur xo‘rsinib, boshini yostiqqa tashladi: “Kechirasiz, lekin meni o‘lguday uyqum kelayapti”, - dedi u shivirlab.

 Rudolf o‘rnidan turib, shlyapasini qo‘liga oldi. Birdan qiz yana tilga kirib: “Aytgancha, siz nega aynan mening eshigimni taqillatib kelgandingiz?” – deb so‘rab qoldi.

 “Ha-ya, shu binoda bizning bir pianino sotuvchimiz yashardi. Men adashib ketib, sizning eshigingizni qoqibman”.

 Qizni bu gapga ishonqiramay, dargumon bo‘lishi uchun hech qanday asos qolmagandi, yigit o‘z yolg‘oniga o‘zi ham ishongan usulda gapirgandi.

 Rudolf eshikni yopib, tashqariga chiqdi-da, nogoh atrofidagi hamma eshiklarni yashil tusda ekanligini ko‘rib, karaxt bo‘lib qoldi.

 Ko‘chada u yana tanish negrni uchratdi.

Report Page