Yaqinlik - eng muhim ehtiyojimiz… Nega?

Yaqinlik - eng muhim ehtiyojimiz… Nega?


Yaqin munosabatlar – bizning bazaviy ehtiyojimiz, ammo ularni qo‘llab-quvvatlashni deyarli bilmaymiz.

 

Qo‘ng‘iroq, sms, ijtimoiy tarmoqdan xabar – muloqot hali hech qachon bunchalik oson bo‘lmagan edi. Internetda e’tibor, reaksiyalar va baholar bilan qurshab olingan bo‘lsak ham, baribir o‘zimizni yolg‘iz his qilamiz. Nega boshqalar bilan yuzaki, ammo tez-tez bo‘lib turadigan aloqalar yetishmaydi? Yaqinlik nimadan iborat?

 

Odam – orol emas, farovon yashashimiz va rivojlanishimiz uchun bizga munosabatlar zarur. “Yo‘qotilgan aloqalar” kitobida Yoxann Gari travma va psixik salomatlik sohasida o‘n yillab olib borilgan ishlar haqida gapiradi. Uning tushuntirishicha, biz qiynaladigan deyarli hamma muammolarning ildizi – buzilgan va biz tiklay olmagan munosabatlardir.

 

Bundan tashqari, Gari semizlikni davolash klinikasi haqida yozadi. Bu klinikada vazni inqirozli ko‘rsatkichga yetgan patsientlar hayotini saqlab qolish maqsadida nazorat qilinadigan suyuq dieta joriy qilishadi. Davolash samara beradi va ko‘plab patsientlar o‘nlab kilogramm vazn tashlab, yangi hayotga umid bilan klinikadan chiqishgan.

 

Keyinroq yuzaga chiqqan yondosh natijani esa hech qaysi vrach oldindan bilmagan. Ba’zi bemorlar yo‘qotgan vaznini yana tiklab olgan. Boshqalarida psixotik portlashlar yuz bergan. Bir kishi joniga qasd qilgan. Bu patsientlarda nega bunday salbiy emotsional reaksiyalar yuz berganini aniqlashga urinishar ekan, shifokorlar muhim bir narsani aniqlashdi.

 

Odatda patsientlar travmatik hodisada ortiqcha ovqatlanishni boshlashgan va vaziyatdan chiqishning boshqa yo‘lini topa olishmagan. Gari shunday xulosa qiladi: “Biz muammo deb atagan narsa odatda hech kim bilmagan muammoning simptomi bo‘lgan ekan”.

 

Albatta, ortiqcha vaznga ega odamlarning hammasi ham anglanmagan travmadan qiynaladi deb tushunmaslik kerak. Gap shundaki, biz hech ham hal qila olmaydigan ko‘pchilik muammolar aslida – ancha chuqurroq, ehtimol, biz anglamagan muammolarning simptomlaridir. Gari yonayotgan uyning tutunini qiyos sifatida keltiradi: “Tutun bulutlarini haydashga harakat qilishingiz mumkin, biroq olovni o‘chirmas ekansiz, hamma harakatlaringiz zoye ketadi”.

 

Travma – ko‘pchilik odamlarning hayotidagi eng katta muammo va aynan travma bizning yaqin munosabatlar o‘rnatish ko‘nikmamizga ziyon keltiradi. “Travma” deganda nafaqat odamlar bilan yuz bergan eng qo‘rqinchli, shafqatsiz hodisalar tushuniladi. Har safar, nimadir bizni qo‘rqitganida va bu qo‘rquvni yenga olmaganimizda travma hosil bo‘ladi.

 

Biror muammo yoki stimulni yengga olishga resurs yoki qobilyatlarimiz yetishiga ishonmaganimizda, biz adaptiv xulq-atvorni shakllantiarmiz va bu muammodan qochishni yoki uni inkor qilishni boshlaymiz. Uzoq muddatli ziyod keltiradigan narsa – travmaning o‘zi emas, balki uning psixikaga yetkazuvchi vayronkor ta’siridir. Travma boshqa odamlar va notanish vaziyatlarga hayiqmasdan qarashimiz mumkin bo‘lgan normal sog‘lom hayotga qaytishga halal beradi.

 

Ehtimol, mana bu jumlani eshitgandirsiz: “Qaramlikning aksi – hushyorlik emas, yaqinlikdir”. Baxt asosi – mansublik hissi va hayotning mazmundorligidir. Ko‘proq jamoalashgan madaniyatlarda odamlar psixik jihatdan sog‘lomroqdir. Yolg‘iz odamlar ko‘pincha barvaqt vafot etadi, ungacha esa kasal bo‘lishadi.

Biz – qabilaviy yashovchi turmiz. Yuqori individualistik madaniyatlarda nima deyishlariga qaramasdan, bu faktni chetlab o‘tish imkonsiz. Odam – orol emaski, yolg‘iz yashay olsa. Biz yaqinlik natijasida dunyoga kelamiz va yaqinlik tufayli hayotdagi deyarli hamma narsaga erishamiz. Biz shunchaki sog‘lom munosabatlarni maqul ko‘rmaymiz, biz ularga muhtojmiz.

 

Yaqinlik juda muhim, ammo unga yetarlicha e’tibor berishmaydi va bizni deyarli yaqin munosabatlar qurishga hech qayerda o‘rgatishmaydi. Ammo nimadir yordam berishi mumkin.

 

Yaqinlik – siz uchun nima ekanini aniqlang

Yaqinlik – birlik hissi, birga olingan tajriba, o‘xshash tuyg‘ular va g‘oyalardir. Bu o‘zingdan kattaroq nimagadir tegishli ekaning hissi. Do‘stlaringiz bilan sport musobaqalarini tomosha qilayotganingizda yaqinlik hissini kechirasiz. Oilangiz bilan kechki ovqat dasturxoni atrofida to‘planganingizda, ochiq va samimiy suhbatlashganingizda yoki boshqa bir odam bilan umumiy jihatingizni topganingizda, yaqinlikni his qilasiz.

 

Biz har qachongidan ham yaqinlikni his qilish imkoniyatlari ko‘p bo‘lgan olamni yaratdik. Shunga qaramay, raqamli asr asosan yaqinlikka darz ketkizmoqda yoki samarasiz autentik munosabatlarga olib kelmoqda. Birlikni simulyatsiya qilish imkonsiz. Uni intellektualizatsiya qilib bolmaydi. Yaqinlik – biz his qiladigan narsa.

 

Autentiklikni o‘rganing

Yaqinlik autentiklikni talab qiladi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar kechki ovqat vaqtida telefonga “yopishib” qolganimiz uchun emas, balki soxtalikni rag‘batlantirgani uchun bizni uzoqlashtiradi. Biz tahrirlashimiz, filtrlar ishlatishimiz va boshqalarga hayotimizning yaxshi damlarinigina ko‘rsatishimiz mumkin. Hayotimizning tashqi ko‘rinishini aks ettirib, reallikni esa boricha ko‘rsatmasligimiz mumkin. Shu tariqa yaqinlikni vayron qilamiz.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini samimiyroq tutadigan odamlar ijobiy tajribasi haqida gapiradi. Ijtimoiy tarmoqlardan haqiqatdan ham boshqalar bilan aloqa qilish uchun foydalanadigam odamlar, boshqa foydalanuvchilar singari yuqori darajadagi xavotir va depressiyani his qilmasligini aytadi. Odamlar layk olish uchun ijtimoiy tarmoqlarda rol ijro qiladi, chunki ular yaqinlikni e’tibor bilan chalkashtirishadi. Bular esa bir xil narsa emas.

 

Olishga emas, berishga e’tibor qarating

Yaqin munosabatlar vaqt, ochiqlik, birgalikdagi tajriba va samimiylikni talab qiladi. Yaqinlik – maqullanish yoki xushomadilar olish, hayrat yoki hasad uyg‘otish, yoqish yoki ustunlik his qilish degani emas.

Ko‘pchilik odamlar, yaqinlikni – “yetarlicha yaxshi” odam bo‘lish orqali erishish mumkin bo‘lgan narsa deb hisoblashadi. Aslida, yetarlicha unga intilganimida yaqinlik  vujudga keladi. Davolanish bir butunlikni anglatsa, travmadan davolanish – boshqalarga, o‘zimizga va hayotga ishonish mumkinligini eslashdir. Oddiy, xotirjam hayotga qaytish, bor narsani qabul qilish kerak, hayotimiz chetdan qanday ko‘rinishini nazorat qilish emas.

Bu boshqalar birinchi qadamni tashlashini yoki munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun intilishini kutish emas. Bu qayta urinib ko‘rish, ojizlikni ko‘rsata olish, boshqalarni qo‘llab-quvvatlash, muloqot boshlash hamda jamoalarimiz, oilamiz va do‘stlarimiz hayotida faol ishtirok etishimizdir.

Boshqa odamlar bilan aloqalarni tiklar ekanmiz, o‘zimiz bilan ham aloqani yaxshilayotganimizni payqashimiz mumkin. Bizni borimizcha ko‘rishganida va sevishganida, boshqalar qarashlarimiz va hislarimizni tushunganida, bizda hammasi joyida ekanini tushunamiz. Agar odamning bazaviy ehtiyoji – boshqa odamlar bilan yaqinlik hissiy yaralarni tuzatishda eng muhimi bo‘lsa – o‘zingizga yana ochilish imkonini bering.

 

Boshqa odamlar bilan munosabatlarda o‘zimiz kabi bo‘lishimiz va bizni qabul qilishlariga ishonishimiz muhim. Buning bahosi – vaqtimiz va energiyamizni berishga arziydigan odamlarni farqlay olish qobilyatidir.

 

Manba

 

Tarjimon: Sarvinoz Omonova

Report Page