Yaponiya rivojiga hissa qo'shgan komikslar

Yaponiya rivojiga hissa qo'shgan komikslar


Yapon komikslari (mangalar) sanoati XX asr oxirida dunyo boʻylab juda keng tarzda tarqaldi. Mangalar nafaqat Yaponiyada, balki butun jahonda katta bozor ulushiga va kundan-kunga koʻpayib borayotgan muxlislar bazasiga ega. Chunki ular global auditoriyani oʻziga jalb qildi va keng janrlar uchun mashhur vositaga aylandi. Xorijiy mamlakatlarda ularning bozori chaqqon negaki komikslar mamlakatning mahalliy madaniyatiga ham tez kirib boradi. Mangalar madaniy toʻsiqlarni yengib oʻtishda, shuningdek dunyo boʻylab oʻz mushtariylarida muhim va doimiy taassurot qoldirishda muvaffaqiyatli natija koʻrsatib kelyapti. Avvaliga bu muvaffaqiyat cheklangan boʻlsa, endilikda oʻquvchilarning fantaziyasi hamma joyda oʻz kuchini natijalar oʻlaroq isbotlamoqda.

Yaponiyalik taʼlim eksperti Naoki Takahashiga koʻra 1970-yillarda robotlar haqidagi komikslar yapon oʻquvchilari orasida juda ommalashgan. Vaqt oʻtib mamlakatdagi robototexnika muhandislaridan bu sohaga kirib kelishlari haqida soʻralganda ular aynan komikslardan ilhomlanganini asos qilib aytishgan. Mutaxassis Yaponiyaning sport olamidagi yutuqlarini ham bevosita komikslar bilan bogʻladi. Jumladan mamlakatning futbol, beysbol jamoalari qayd etgan natijalarni aytish mumkin.

Manga yapon koʻngilochar ommaviy axborot vositalarining eng mashhur shakllaridan biridir. Kattalar va bolalar orasida juda mashhur boʻlgan baʼzi mangalar har hafta oʻqiladi, boshqalari esa milliy kundalik gazetalarda seriali ravishda chop etiladi. Manga kitoblari va jurnallarining yillik sotuvi Yaponiyadagi barcha nashrlarning 35-40 foizini tashkil etishi ushbu materiallar bilan bogʻliq boʻlgan auditoriya darajasi va doirasini koʻrsatadi. Manga yoshlar ongi va madaniy hayotida kuchli taʼsir vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Rakuten Kitazava ismli rassom manga asoschisi hisoblanadi. Felton Outkoultning “Sariq bola” va Rudolf Dirksning “Katzenjammer bolalari” kabi ommabop komikslardan ilhomlangan Kitazava oʻzi ham dunyoga mashhur komikslarni, jumladan, “Tagosaku va Mokubeʼs Sightseeing in Tokio” ni yaratadi. Bugun uning asarlari Yaponiyaning Saitama shahridagi “Omiya munitsipal” multfilmlar zalida va “Manga Kaykanda” namoyish etiladi. 1905-yilda u yapon karikaturachilarini namoyish qiluvchi “Tokyo Puck” jurnaliga asos soladi. Bugungi kunda manga yuqori ijtimoiy eʼtirofga sazovor boʻlgan adabiy shakl. Yaponiyadagi “Kodansha” va “Bungei shunjo” kabi yirik nashriyotlar tomonidan xuddi romanlar va ilmiy adabiyotlar kabi bu yoʻnalishga ham har yili adabiy mukofotlar taqdim etiladi.

Sharq va Gʻarb komikslari toʻqnashuvi fonida zamonaviy mangalar davri boshlandi.

Yapon mangalari uzoq tarixga ega ammo hozirgi mashhur shakl XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab maydonga kelgan. Mangalar yapon jamiyatidagi tez oʻzgarishlarni va Gʻarb madaniyatining bir vaqtlar yakkalanib qolgan bu xalqdagi taʼsirini aks ettirdi. Manga rassomlari import qilingan badiiy uslublarga ishtiyoq bilan javob berishdi va gʻarb komikslarini yapon gʻoyalari bilan uygʻunlashtirdilar. 1980-yillarda mangalar amaliy taʼlim va oʻqitish vositasi sifatida nihoyatda keng ravishda ommalashdi. Bunga sabab mangalar orqali deyarli hamma narsani oson va tez tushuntirishi mumkin: huquqiy muammolardan tortib kasalliklar, kompyuterlar, sayohat, matematika, fizika, tarix, investitsiya, siyosiy partiyalar siyosati va boshqalar. Shunday qilib, manga juda katta xilma-xillikni oʻz ichiga oladi. Ular kulgili, ijodiy, ilhomlantiruvchi, falsafiy, badiiy, hatto tarbiyalovchi ahamiyat kasb etadi. Yuqorida aytilganidek mangalar (yaponcha komikslar) ga asos solgan rassom Kitazavaning oʻzi ham Amerika gazetalaridagi komikslardan ilhomlanib betakror asarlar yaratgan.


Kanalga obuna bo'lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram



Report Page