Yaponcha tarbiya sirlari

Yaponcha tarbiya sirlari

https://t.me/edurtm_uz

Yapon bolalari odob-axloqi, mehmondoʻstligi, doʻstonaligi va his-tuygʻularini nazorat qila olishi bilan sizni hayratga soladi. Yaponlardan oʻrganishimiz kerak boʻlgan tarbiyalashning asosiy qoidalarini jamladik.

Yaponiyada ona-bola jisman va qalban juda yaqin boʻlishadi. Ular birgalikda uxlashadi, bolani uzoq vaqt davomida koʻtarib yurishadi. Qadimda sling (onbuximo) kabi narsada, bugungi kunda esa zamonaviy koʻrinishida olib yurishadi.

Sharqshunos olim G. Vostokov “Yaponiya va uning aholisi” kitobida shunday yozgan edi: “Hech qanday gʻazablanish, zoʻravonlik yoʻq; bolalarga bosim shu qadar yumshoq koʻrinishdaki, bolalar oʻzlarini tarbiyalashayotgandek tuyuladi. Yaponiya bolalar jannatidir, unda hatto taʼqiqlangan mevalar ham yoʻq”.

Yaponcha “Ikudzi” tarbiyasi tizimida 5 yoshgacha boʻlgan bola xudo, 5 yoshdan 15 yoshgacha — xizmatkor, 15 yoshdan teng koʻriladi. 5 yoshgacha boʻlgan bolaga hamma narsa mumkin. Bu aslo oʻzboshimchalik va beboshlik emas. Bu bolaning “Men yaxshiman va sevimliman” obrazini yaratishdir. “Ikudzi” falsafasi inson manfaatlari ikkinchi planga oʻtib ketadigan jamoaviy jamiyat aʼzosini tarbiyalashga qaratilgan. Bunda bola oʻz oʻrnini topadigan va ayni paytda qadr-qimmatini pasaytirmaydigan barkamol shaxs boʻlib oʻsishga intiladi.

Birinchi bosqichda ular bolani cheksiz sevgi bilan qoʻllab-quvvatlashadi. Ikkinchi bosqichda bola faollik bilan jamiyat qoidalari asosida yashashni oʻrganadi va unda oʻz oʻrnini egallashga intiladi. Shu bilan birga, birinchi yillarda shakllangan onaga boʻlgan kuchli mehr bolaga katta taʼsir koʻrsatadi – onani hech narsa uchun xafa qilmaslik uchun oʻzini toʻgʻri tutishga harakat qiladi. Uchinchi bosqichda bola jamiyatning yetuk aʼzosi hisoblanadi. Uni tarbiyalash endi juda kech, ota-onalar faqat oʻz saʼy-harakatlarining mevasini olishlari mumkin.

Yaponiyaning taʼlim muassasalarida nafaqat taʼlimga, balki tarbiyaga ham katta ahamiyat beriladi. Ularda raqobat yoʻq: hech kim boshqalardan yaxshiroq va yomon emas. Bolalarni bir-birlari bilan taqqoslamaslikka harakat qilishadi. Oʻqituvchi hech qachon eng yaxshi oʻquvchini alohida namuna sifatida ajratib koʻrsatmaydi va eng yomoniga tanbeh bermaydi. Ota-onalarga farzandi rasmni xunuk chizishi yoki boshqalarga qaraganda sekin yugurishidan shikoyat qilinmaydi. Yaponiyadagi guruhlardan birortasini ajratib koʻrsatish yoʻq. Hatto sport tadbirlarida raqobat kuzatilmaydi. “Doʻstlik gʻalaba qozonadi“ yoki kamdan kam holatda “jamoalardan biri”, deyiladi.

Odatda, ona bola tarbiyasi bilan shugʻullanadi. U bilan birga koʻp vaqtini oʻtkazadi — yaponlar 3 yoshga toʻlgunga qadar bolani bogʻchaga bermaslik kerak, deb hisoblashadi. Buvilarga bolalarni qoldirishmaydi va enagalar xizmatidan foydalanishmaydi.

 “Yaponiya. Uni qanday tushunish kerak?” nomli kitobi muallifi Ikeno Osamu qiziqarli tajriba haqida yozadi. Yaponiyalik va yevropalik onalardan bolalari bilan birgalikda piramida yigʻish soʻralgan. Yapon onalar avval piramidani oʻzlari yigʻishadi, soʻngra bolalaridan uni takrorlashni soʻrashdi. Agar bolalarda nimadir koʻngildagidek chiqmasa, ular hammasini boshidan boshlashgan.

   Yevropalik onalar esa boshqa taktikani tanladilar: qanday tartibda piramida boʻlakchalarini taxlash, ketma-ketligiga qay tariqa eʼtibor berish kerakligini batafsil tushuntirishdi. Keyin bolaga oʻzi harakat qilib koʻrishini aytishgan. Tajriba vaqtida yaponiyalik onalar “men kabi qilgin” deb aytib turishgan. Gʻarblik onalar nazariyani berib, bolani hamma narsani mustaqil bajarishga majbur qilishgan, lekin shaxsiy misol bilan koʻrsatishmagan.

Yapon tilida oʻqitish va tarbiyalash usuli “maʼrifatparvarlik” deb ham ataladi. Onalar kamdan-kam hollarda oʻz farzandlaridan mustaqil ishlashni talab qilishadi. Ular asta-sekin tushuntirib, misollar keltirib va bolani kerakli xatti-harakatga olib borishga undashadi.

Bolani jamiyatda yashashga oʻrgatishda avvalo, unga boshqalarning his-tuygʻulari va manfaatlarini hurmat qilish oʻrgatiladi. Shuning uchun yapon ayollari farzandining his-tuygʻularini hurmat qilishadi. Ularga bosim oʻtkazishmaydi, haddan tashqari uyaltirishmaydi, aksincha ularning hissiyotlariga yoki hatto jonsiz narsalarga murojaat qilishadi. Agar, masalan, bola mashinasini sindirib qoʻysa, yapon onasi: “Mashinaning joni ogʻriyapti, u hozir yigʻlaydi”, deb aytadi. Ehtimol, uning oʻrnida yevropalik ayol “toʻxtat, bunday qilish yaxshi emas” degan boʻlardi. Shu bilan birga u oʻyinchoq sotib olish uchun qancha pul ishlatganini ham qoʻshib aytardi.

Yaponcha tarbiyada bolalarga nisbatan xotirjamlik, sabrli va mehrli munosabat turadi. Bu, albatta, oʻrganishga arziydi.

Kanalga obuna bo`lish:👇👇👇

Telegram Facebook Instagram



Report Page