Yangilikka intiluvchan Surxon vohasi

Yangilikka intiluvchan Surxon vohasi


Ilm-fan barcha yerda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining eng asosiy tayanchi hisoblanadi. Shuning uchun sohaga kadrlar tayyorlash, zamonaviy fikrlaydigan yoshlarning intilishini rag‘batlantirish har qachongidan muhim. Dunyoda rivoj topgan davlat borki, bilimga suyanadi. Sinash va tajriba o‘tkazishdan charchash yo‘q. Bizda ham mana shu tamoyil ustivor bo‘lmog‘i darkor.

Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida Surxondaryoga kelgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham dastlabki uchrashuvni ayni Termiz agrotexnologiyalar va innovatsiyalar institutidan boshlagani bejiz emas.  

Agrotarmoq bugungi kunda yangilikka intiluvchan, dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarga doim tayyor hamda o‘zi ham yangilik yarata oladigan mutaxassislarga ehtiyoji har qachongidan yuqori. Ko‘pgina mamlakatlarda hosil yetishtirishdagi munosabat o‘zgargani rost. An'anaviy usullar chetga chiqib, bir yerdan bir nechta hosil ola bilgan mirishkor izzatda bugun. Sentnerndan karrasiga hirmon uyayotgan dehqonning mehnati qadr topmoqda. 

I.Abdurahmonov ayni jihatlarga to‘xtalar ekan, dastavval institut professor-o‘qituvchilari bilan muloqot o‘tkazdi. Yuqoridagi fikrlar yangragan samimiy uchrashuvda bilim berishning yangicha uslubi ustivor bo‘lishi, talabalarga qiziq bo‘lgan mavzular shakllantirilishi, yangiliklar ayni dargoh laboratoriyalarida yaratilishi-zamonaviy fikrlashning yangi ko‘rinishi bo‘lishi qayd etildi. 

Shu bilan birga ushbu innovatsiyalarni qilish uchun mavjud imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Zamonaviy o‘quv-uslubiyot xonalariga ko‘z tashlandi. Mutaxassislar bilan o‘zgarish qilish uchun lozim bo‘lgan takliflar bo‘yicha muloqotga kirishildi. Laboratoriyalarda kelgusi taraqqiyot mahsullari paydo bo‘lishi uchun ter to‘kish, lozim bo‘lsa intiluvchan yoshlarni rag‘batlantirish hamda qo‘llash tartibotlari tatbiq etilishi belgilandi. Ilm qiladigan kelajak umidlariga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Kuz-qish mavsumiga yotoqxonalarning tayyorgarligi borasida mutaxassislar axboroti eshitildi. Reja va bajariladigan ishlar ko‘lami bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Biz yoshlarni doim nihollarga mengzaymiz. To‘g‘ri. Lekin o‘zimiz bosh bo‘lib ularga mana shu nihol ekish, uni undirish saboqlarini o‘rgatishga sabot topavermaymiz. Tashrif dasturida belgilanmagan bo‘lsa-da, vazir I.Abdurahmonov institut hududiga daraxt o‘tqazdi. Yoshlarga ham tavsiya hamda tilak shunday bo‘ldi: har bir talabaning o‘z daraxti bo‘lishi lozim. Toki u tabiatga bo‘lgan mehrni ilm bilan birga uyg‘unlashtirsin. Shunda sohasiga mehri, yurtga mehnati, vatanga himmati yuksaladi. 

Shundan so‘ng Surxondaryo viloyat qishloq xo’jaligi boshqarmasida 16 nafar paxta-to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Muloqotda klasterlar faoliyatini yangi innovatsion bilim va texnologiyalarga asoslangan holda tashkil etish, ilmiy muassasalar va olimlar bilan hamkorlikda ish olib borish, fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro shartnomaviy-iqtisodiy munosabatlarni to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek bevosita dalada mehnat qilayotgan mahsulot yetishtiruvchi dehqonlarning manfaatdorligini hamda klasterlar va fermerlarni yuqori daromad olishini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov klasterlar faoliyatiga muammoli masalalarni hal etishda, yuqori hosil olishda vazirlik, tizimdagi barcha tashkilotlar, hududiy boshqarmalar va tuman bo‘limlari ko‘makchi ekanligi va ular bilan uzviy hamkorlikda ish tashkil etishi zarur ekanligini ta’kidladi.

Report Page