Yangi oʻquv yiliga — yangi oʻquv binosi

Yangi oʻquv yiliga — yangi oʻquv binosi


Bugun barcha oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yilining ilk kuniga bagʻishlangan tadbirlar koʻtarinki kayfiyatda boʻlib oʻtdi. Ushbu jarayonda vazirlik mutasaddilari ham ishtirok etib, oliygohlarda talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirishdi va talabalikka qabul qilingan yoshlarni samimiy qutlashdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida boʻlib, sharoitlarni koʻzdan kechirdi, talabalar va ularning ota-onalari bilan samimiy suhbat qurdi, yoshlarni faqat bilim olish va tinimsiz izlanishga chorladi. 

Vazir universitet eshigidan kirishi bilanoq 1-bosqichga qabul qilingan talabalarning ota-onalari bilan uchrashib, doʻstona suhbatlashdi. Eng avvalo, ularni oʻylantirayotgan masalalar, takliflari bilan qiziqdi.

Ota-onalar oliy taʼlim muassasasidagi taʼlim jarayoni bilan bogʻliq taklif va mulohazalari, shu jumladan uzoq hududlardan kelganlarni yotoqxona masalasi oʻylantirayotganini aytishdi. Vazir ayni vaqtda bu borada Prezidentimiz topshirigʻi bilan keng koʻlamli ishlar olib borilayotganini taʼkidlab, tegishli tartibga koʻra talabalarga turar joy ajratish yuzasidan ishlarni jadallashtirish boʻyicha masʼullarga koʻrsatma berdi. 

Shundan soʻng bir vaqtning oʻzida jami 1500 talabani sigʻdira oladigan yangi oʻquv bino ochilish marosimida ishtirok etib, zamonaviy oʻquv-uskunalari va multimedia jihozlari bilan taʼminlangan kafedralar, ilmiy tadqiqot markazlari va kutubxonalar faoliyati, shuningdek, oʻquv xonalarda professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. 

Vazir universitet yangi binosi va undagi imkoniyatlarni yuqori baholadi, xususan, binoning birinchi qavatidan oʻrin olgan “Ona va bola xonasi”dagi qulayliklarni koʻzdan kechirib, rektorning hozirgi davr talablarini yaxshi tushunadigan, liberal rahbarlardan ekanligini taʼkidladi.

Soʻng, talabalikka qabul qilingan bir guruh yoshlar bilan uchrashib, ularga taʼlimdagi islohotlar jumladan joriy oʻquv yilida kontrakt-toʻlov miqdorining oʻzgarishsiz qolgani, xotin-qizlarning oliy taʼlim olishi uchun berilayotgan imkoniyatlar haqida soʻzlab berdi. Samimiy ruhda oʻtgan suhbat soʻngida har qanday holatda boʻlsa ham bilim olish, muntazam oʻz ustida ishlash kerakligini aytib, yoshlarga motivatsiya berdi. 

Shuningdek, kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar bilan dildan suhbat qurildi. Xususan, professor, yirik adabiyotshunos olim Muhammadjon Imomnazarov bilan boʻlgan samimiy muloqotda taʼlim jarayonidagi yangiliklar xususida soʻz bordi.  

Bundan tashqari, 1-oktyabr – ustoz va murabbiylar kuni bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan yana bir yangi oʻquv binosi koʻzdan kechirilib, olib borilayotgan taʼmir ishlari borasida maslahat va tavsiyalar berildi.


Report Page