“Yangi O‘zbekiston” universiteti tomonidan “Buyuk Allomalar Izidan” nomli Fizika va Kimyo fanlaridan Respublika fan olimpiadasi e’lon qilinadi
Olimpiadada umumiy sovrin jamg‘armasi 1 milliard so‘mni tashkil etadi.
Olimpiadaga yurtimizning barcha umumta’lim maktablari, akademik litseylar hamda kasb-hunar texnikumlarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Olimpiada ikki bosqichdan iborat.
Birinchi bosqich saralash bosqichi hisoblanib, bu bosqich maxsus platforma orqali 9- aprel kuni ONLAYN shaklda o‘tkaziladi. Saralash bosqichida savollar test shaklida bo‘lib, 20 ta topshiriqni o‘z ichiga oladi. Test savollarini ishlash uchun 70 daqiqa vaqt ajratiladi.
Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar final bosqichiga o‘tkaziladi. Final bosqichi 15-aprel kuni “Yangi O‘zbekiston” universiteti binosida o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda har bir ishtirokchiga 5 ta savoldan iborat topshiriq berilib, javoblar yozma tarzda topshiriladi.
Mukofotlar
Har bir fan bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan 2 nafar mutlaq g‘olibga 20 million so‘mdan pul mukofoti hamda “Yangi O‘zbekiston” universitetida Kimyo va materialshunoslik muhandisligi va Mexanika Muhandisligi yo‘nalishlarida tahsil olish uchun 1 yillik 100% grant taqdim etiladi.
Shuningdek, olimpiadada har bir fan bo‘yicha eng yuqori natija qayd etgan 10 nafardan jami 20 nafar g‘oliblar 2 million so‘mdan pul mukofoti va “Yangi O‘zbekiston” Universitetida Kimyo va materialshunoslik muhandisligi va Mexanika Muhandisligi yo‘nalishlarida o‘qish uchun 1 yillik 100% grant taqdim etiladi.
Shoshiling, hoziroq olimpiadada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘ting. Ro‘yxatdan o‘tish joriy yilning 25- martidan 7-apreligacha davom etadi.
Fizika va Kimyo fanlaridan olimpiadada ishtirok etib, o‘z bilimingizni sinab ko‘ring.
Bizning hamkorlarimiz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi.