Yangi O'zbekiston-mening tasavvurimda"

Yangi O'zbekiston-mening tasavvurimda"

17 января 2022 от #manaviyatli_insonlar

#yangi_O'zbekiston_mening_tasavvurimda

#eng_yaxshi_insho

Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti 6- 1 UZB- 19-guruh talabasi Ibragimova Nilufar


  ,,Yangi O'zbekiston-mening tasavvurimda"

REJA:


I.Kirish.


Vatan - sajdagoh kabi muqaddas va aziz maskan.


II.Asosiy qism:


1.Bu òlkaning tuproģi zar, suvlari gavhar.


2. Vatanini sevgan qadri baland yoshlarga qaratilayotgan yuksak e'tibor.


3. Ertangi kun bizniki, marra bizniki!


III.Xulosa. Yangicha dunyoqarash bilan yangi Òzbekiston sari!


" Siz bilan bizga Alloh Òzbekiston deb atalgan, tuproģida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, toģ desa, toģi bor, boģ desa, boģi bor, tongda bulbullar madhin òqib tamom qila olmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun biz òzimizni baxtli deb his qilmoģimiz lozim".


(Ozod Sharafiddinov )


     Vatan... Bu yoruģ olamda inson yaralibdiki, òz Vatani, jonajon gòshasiga egadir. Buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta'biri bilan aytganda, issiq òlkalarda yashovchi insonlar òz yurtlarini qancha sevsalar, muzliklarda, sovuq òlkalarda yashovchi insonlar ham òz tuģilib òsgan diyorlarini shuncha sevib qadrlaydilar. " Vatanni sevmoq iymondandir" . Ma'lumki, bu jarangdor va chuqur axloqiy xususiyatga ega bòlgam sòzlar muqaddas hadisi shariflarda ham òz ifodasini topgan.

Vatan...Bu sòz qanchadan qancha shoirlar, ijodkorlar qalamidan joy olmadi. Chunonchi, iste'dodli shoir Iqbol Mirzo jannatmakon òlkamizni ta'riflar ekan, quyidagi misralarni yozadi:

Agar jannat kòkda bòlsa, ostidadir Òzbekiston,

Agar jannat yerda bòlsa, ustidadir Òzbekiston.

Vatan - kindik qonimiz to’kilgan, jonga jondosh, qalbga sirdosh eng ulug’ makon. Vatan - muqaddas dargoh, mo’jizali maskanlari bilan yuraklarga jo bo’lgan, har qarich yeri-yu, kaftdek tuprog’i zar, ko’zga gavhardir. Ona yurt misli qimmatli Ko’hinur olmosi kabi Vatan ichida yashaguvchi farzandlar uchun shunchalik ardoqlidir. Bulbul o’z tikonzorida yayrab sayraganidek, odamzod ham o’z ona tuprog’ida baxt osmonini quchmog’i mumkin. Bu maskanning na bahosi va na qiyoslanuvchi qudrati bor. Yulduzlar miltillab, osmon fonusi oy bilan hamohang nur taratayotgan tun qo’ynida sokin navo insonni o’ziga shaydo qiladi. Bu navo osudalik va farovon hayot nash’asi bilan jamlanib, goho shirin xayolotlarga yetaklaydi. Vatan tafti ayni shu hissiyotni berguvchi mehrga chambarchas bog’lanib ketadi. Ona kabi jonga jondosh, ota kabi qonga qondosh bo’lguvchi kuchni aynan Vatan bera oladi. Har kim uchun Vatan yagona va takrorlanmas mo’jiza. Quyosh erta tongdan nafis nurini, iliq sehrini baxshida etayotgan mahali har bir inson qalbida ajib bir tuyg’u tug’yon uradi. Yoinki, go’zal gul atriga oshiq qush misol atrofingda xushbo’y nasim kuy chertadi. Ayni shunday unutilmas xotiralarni ulashguvchi shul buyuk maskan jigargo’shasi ekanligingizdan faxr etib, go’yoki, osmonlarni zabt etgandek bo’ladi inson. Ha, shu maskan bizniki, barchamizniki! Zaminimizning yagonaligi va betakrorligini asrash uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarmog’imiz darkor. Bu biz yosh avlod uchun ham farz, ham qarzdir!


Vatanga muhabbat tuyg’usi barchamiz uchun muqaddas sanaladi. Bu tuyģu bo’lmaganda edi, yurtlar vayron va butun zamin talato’p bo’lgan bo’lar edi. Ba'zida yer yuzida bòlayotgan vayronagarchiliklar, turli xunrezliklar haqida eshitamiz-u, beixtiyor “Bizga, Vatanimizga ko’z tegmasin, tinchligimiz abadiy bòlsin ”, - deya duo ham qilishga shoshilamiz. Ne uchunkim, bugunning hali atrofni chuqur anglab ololmagan ba’zi bir gunohkor, loqayd kimsalarning o’zga yurt qirg’in-barotiga aralashishga ketayotganlarini oyinayi jahon yoki turli ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitamiz. Bu zamin ne-ne yovlarga qarshi kurashgan, shahid bo’lib ketgan ota-bobokalonlar ruhi oldida qarzdor. Bugungi kunning nafasini ajdodlarimiz orzu qilib yashaganlarini barchamiz tarix varaqlaridan o’qib bilamiz. Yurtga sodiq har bir farzand bugun qurol ko’tarib urush komida yashayotgan, yo kechirimlilik siyosati orqali pushaymonlik o’tida yonayotgan yurtdoshlar qismatini ko’rib, faryod urgisi kelaveradi. Vatan tushunchasini qalbiga singdirib, dilidagi nafrat –alamni sug’orib, mehr rishtasini qadashni xohlaydi. Ammo, afsuski, barcha birdek mehr tushunchasini tushunmaydi yoki besh barmoq teng emas-da...

Òzbekiston - yoshlar mamlakati. Istiqlol sharofati bilan yoshlar uchun yangidan yangi imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Zamonaviy va jahon standartlariga mos keluvchi kòpdan kòp tibbiyot va ta'lim maskanlari, Prezident maktablarining tashkil qilinishi, yoshlar òz iste'dodlarini namoyon qilishi hamda ular òrtasida kitobxoblik madaniyatini oshirish maqsadida kòplab islohotlar amalga oshirilmoqda. Hech qaysi mamlakatda kitob òqigan bolaga mashina sovģa qilinmaydi. Bizning jonajon diyorimizda esa yoshlarning qilgan mehnatlari qadr topib, raģbatlantirilib boriladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72- sessiyasida sòzlagan nutqlarida yoshlarga alohida tòxtalib, quyidagi fikrlarni bildirganlar: " Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bòlib kamolga yetishi bilan boģliq. Bizning asosiy vazifamiz - yoshlarning òz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat".

Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016-yil 14-sentabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam. Binobarin, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining muhim omili ekanini mamlakat rahbari va hukumat yaxshi anglaydi.

Alohida ta’kidlash joiz, «2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha "Harakatlar strategiyasi»da ham bu masala alohida o‘z aksini topdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018-yil 27-iyunda imzolangan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmon bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Farmon bilan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi va ushbu jamg‘arma yoshlarning bisnes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berishi belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatga e’tibor qaratilsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini kompleks rivojlantirish vazifalari aniq va tizimli belgilanganligini ko‘rish mumkin.

Umuman olganda, yoshlarga oid islohotlar haqida qancha gapirsak oz. Chunki kelajak yoshlarniki, kelajak " Yangi Òzbekiston " ning kreativ yoshlariga tegishlidir!


Shu òrinda, "Yangi Òzbekiston " degan tushunchaga alohida tòxtalib òtish joiz. Negaki bu sòz alohida ahamiyatga ega. " Yangi" sòzining " Navròz" , ya'ni " yangi kun" , yangilanish va yasharish ayyomi bilan boģliqligini hamda xalqni jaholat va qoloqlik girdobidan qutqargan , Turkiston òlkasini ilm- ma'rifatga da'vat etgan " jadidlar" tushunchalari bilan boğliqligini alohida ta'kidlash lozim. Yuqoridagi fikrlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Davlatimiz rahbari òz nutqlarida davom etar ekanlar, jumladan, quyidagi fikrlarni bildirganlar:

"Shu maʼnoda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi zamirida ana shunday ulugʻ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uygʻonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan boʻlamiz.


Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi maʼnaviy uygʻonish jarayonlari milliy oʻzlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uygʻonish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon".

"Yangi Òzbekiston" ni men , eng avvalo, intellektual salohiyatga ega bòlgan, har tomonlama barkamol va chuqur bilimga ega , ona Vatani sha'nini munosib himoya qila oladigan yoshlar qiyofasida, obod va farovon xalqi bor , dunyo bilan tenglasha oladigan avlodlarga ega, iqtisodiy salohiyati ham yuksak bòlgan yurt qiyofasida tasavvur qilaman. Bugungi Òzbekiston hali biz orzu qilgan " Yangi Òzbekiston " bòlishi uchun mashaqqatli yòlni bosib òtishi lozim.

Karvonboshimiz tashabbuslariga binoan joriy 2022- yilning " Inson qadrini uluģlash va faol mahalla yili" deb e'lon qilinishida ham xalq manfaati, yurt farovonligi mujassam tarzda òz ifodasini topgan.

Xulosa qilib aytish mumkinki, "Yangi Òzbekiston " , avvalo, biz, yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Shuning uchun biz, yoshlar, tarixdagi ota- bobolarimiz, buyuk ajdodlarimizdan òrnak olib, "Yangi Òzbekiston " bunyodkorlari bòlish uchun olģa harakat qilaylik! Zero, muhtaram yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, "Yangi O‘zbekistonning nafasi, sur’ati va shiddatini, avvalo, aziz o‘g‘il-qizlarimizning azm-u shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida ko‘raman” .

  

Report Page