Yangi O'zbekiston — mening tasavvurimda.

Yangi O'zbekiston — mening tasavvurimda.

𝑲𝒉𝒂𝒅𝒊𝒄𝒉𝒂𝒃𝒐𝒏𝒖 𝑶𝒍𝒊𝒎𝒐𝒗𝒂 | 𝑨𝒍𝒊𝒎𝒎𝒂


Yangi O'zbekiston — mening tasavvurimda.

Reja:

I. Kirish.Tenglar ichra teng yurtim.

II. Asosiy qism.

1. O'zbekiston— kelajagi buyuk davlat.

2. O'zbekiston— iqtidorli yoshlar o'lkasi.

3. Betakrorsan, yagonasan, ona vatan— O'zbekistonim!

III. Xulosa. Yangi O'zbekiston — yangicha dunyoqarash, yangicha biz.

"Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o'zi yo'l qo'ymaydi".

(I. Karimov).

Dunyo xaritasidan joy olgan bir maskan bor. To'g'ri ilk boqishda anglash mushkul. Ammo o'zining pokligi, halolligi, boy tarixi, go'zal buguni bilan shuhrat qozongan, boy tili bilan yashab kelgan xalqning zamini. Ona misol, ko'zlarida hayrat aks etgan bolakayning ilk muallimi. Kelinchakning orzulari qanotida parvoz etib kirgan eshigi:

Bir o'lkaki, tuprog'ida oltin gullaydi,

Bir o'lkaki, qishlarida shivirlar bahor.

So'zlarimdan gap qaysi yurt haqida ketayotganligi ayon. Bu biz sevgan, biz bilgan buyuk O'zbekiston. Olamlar sarvari Tangri Taoloning beqiyos mo'jizasi hisoblanmish bu yurtning musaffo osmonida porloq quyoshi o'zgacha, sho'x-sho'x qushlar xonishida kalomi o'zgacha. Bu muqaddas tuproq jahonga qanchadan qancha daholar, olim-u fuzalolar, donishmand, allomalarni yetishtirib berdi. Iligi to'q, baquvvat, tagli-tugli, palagi toza, aqli teran, ma'naviyatli o'zbeklarni bir qildi, bizni biz qildi. Shu o'rinda bir yozuvchining jumlasi yodimga tushdi: "Biz kim, o'zbeklar ko'pni ko'rgan, o'z boshidan ne-ne kunlarni, ne-ne tarixiy sinovlarni o'tkazgan, shonli o'tmishiga, qadim-qadimdan o'z davlatiga ega bo'lib kelayotgan xalqmiz". Bu yurt ishqida ne-ne pahlavonlar jon taslim qildi. Ne-ne yozuvchilar o'z misralarida vatanga muhabbatini ulug'ladi. Abdulla Oripov ham bu she'rini bejizga yozmagan:

Men nechun sevaman O‘zbekistonni,

Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo.

Nechun vatan, deya yeru osmonin,

Muqaddas atayman, atayman tanho.

Atrofga nazar solsangiz ham eng go'zal bino va inshootlar ham ana shunday muhabbat qudratidan yaralgan va ular Vatanga sadoqat va fidoyilik ramzi sifatida mangu qad rostlab turaveradi. O'zbekiston tushunchasi yaralibdi hamki, insoniyat bevosita yoki bilvosita U uchun xizmat qiladi. Ya'ni, shoira xalqining ash'orini she'rlarida yonib kuylasa, quruvchi xalqi uchun, atrofdagilari uchun so'lim go'shalarni, istiqomat maskanlarini quradi. Ustoz-muallimlar turli kasblarni egallab, shu xalqqa sadoqat bilan xizmat qiluvchi o'g'il-qizlarni tarbiyalaydi, shifokorlar shunday insonlarning sog'lig'ini asraydi, posbonlar esa himoyani ta'minlaydi. Hamma o'z sevgisini o'zgacha ifodalaydi.

O'zbekiston — kelajagi buyuk davlat. O'zbekiston buyuklarga beshik bo'lgan davlat. Har qarich yerida tinchlik, havosining o'zidan pokizalik, mehr, e'tibor, quvonchni his qiladi kishi. Insonlari mehmondo'st, qizlari iboli, yigitlari jasur, mard. Shirmoy nonlarni-yu holvalarni, usma surgan mohichehralarni, beliga belbog'in o'rab ishga shay turgan pahlavonlarni, yuzidan nur taralib turgan bobodehqonlarni, qulog'iga rayhonni qistirib nevarasini beshikda tebratayotgan buvijonlarni, ko'chalarni changitib koptok tepib yurgan bolajonlarni yana qaysi yurtdan topish mumkin?! Tunda uyingizning darvozalarin ochiq holda, bexavotir uxlay olasiz bu yurtda. Har tongda esa davlat madhiyasi sadolari ostida yangi kunni kutib olish baxti bor bu yurtda. Bunday imkon, bunday mehri munirlikni faqat shu zamin— O'zbekistondan topa olasiz.

O'zbekistonning ertasi yorug', kelajagi buyuk. Uning oltin kaliti yoshlar qo'lida. Ular shu kalit yordamida yo'llaridagi muammolarni yechib ketaveradilar. Bugun O'zbekiston — yoshlar mamlakati. Xalqimiz dilbandlariga bir nazar soling. Bugun ular dunyoning eng taraqqiy etgan go'shalarida ta'lim olib kelmoqdalar. Fan-texnika, ilm sirlarini o'rganib yurtimizni obod qilish yo'lida fidokorona mehnat qilmoqdalar. Buning bosh sababchisi esa muhtaram prezidentimiz, biz yoshlarga katta ishonch, katta umid bag'ishlab shunday izlanishlar olib borishimiz uchun tub islohotlarni amalga oshiryaptilar. Prezidentimizning: Ulug‘ allomalarimiz, o‘zlarining olamshumul kashfiyot va ixtirolarini sizning yoshingizda – ayni kuchga to‘lgan navqiron chog‘larida amalga oshirganlar. Siz ham, buyuk ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo‘jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak" — degan ta'kidlari, bugun biz yoshlar uchun chorlov vazifasini o'tab, ulkan maqsadlar bilan olg'a qadam bosishga undamoqda. Hozir ilm olishni istagan, izlanib yurt rivojiga o'z hissasini qo'shaman degan har bir yoshga, xoh u boy bo'lsin, xoh kambag'al, xoh markazdan, xoh chekka viloyatdan bo'lsin barcha eshiklar ochiq. Misol, o'zimdan xulosa qiladigan bo'lsam, 2021-yil "O'zbekiston uchun 100 g'oya" tanlovida o'z g'oyam bilan fail qatnashdim. "O'zbekiston yoshlar forumi-2021" forumida 9000dan ziyod takliflar orasida saralangan Top-200 taklif egasidan biri sifatida tanlab olindim. Qizg'izistonda o'tkazilgan "Annual Regional Debate Tournament C5+1 YC "Network Cup 2021" xalqaro forumida finalistga aylandim. Bular dengiz oldida asli bir tomchi. Chunki bundanda ulkan zafarlarga erishgan, o'z faoliyati bilan yurtimiz dovrug'ini dunyoga taratayotgan yoshlar oramizda minglab va hatto millionlab uchraydi.

N.Komilov o'zining "O'zbekiston" nomli matnida ushbu jumlalarni qayd etgan ekan: "Bolalarimga, nevaralarimga razm solaman. Ular boshqacha fikrlaydigan kishilar bo'lib o'smoqdalar. Men yangi asrda o'zbekistonlik har bir fuqaroning xonadoni obod va farovon bo'lishini, har bir kishi o'z ishi, umridan rozi bo'lib yashashini istayman.

Olimlarimiz, adiblarimiz eng nufuzli xalqaro mukofotlar sohibi bo'lsalar, sportchilarimiz shoda-shoda medallar olsalar, Osiyo o'yinlari, olimpiada o'yinlari bizning vatanimizda o'tsa — bu mening orzum. Inshoolloh shunday bo'ladi ham. Yangi asr chin ma'noda hamkorlik, o'zaro raqobat va ayni vaqtda o'zaro kelishuvlar asri bo'lajak".

Yaratganga shukurlar bo'lsinkim, biz hozir shu zamonda, shu yangilangan davrda, yangi O'zbekistonda, yangi avlod vakillari bo'lib yashamoqdamiz. Hech kimdan kamimiz yo'q. Eng so'nggi ilg'or yangiliklardan ham birinchilardan bo'lib xabardor bo'lyapmiz. Bu maqomga erishishga, eng avvalo, xalqimizning ishbilarmonligi, aqliy saloyihati o'z kuchini ko'rsatdi.

30 yil. Tarixan olib qaraganda bu hatto lahzadan ham kichik muddat. Shu nuqtai nazardan xitoylik siyosatchi Chjou Enlayning 1789-yildagi farang inqilobining bashariyat taqdiriga ko'rsatgan ta'siri borasidagi javobi yodga tushadi. O'shanda u " bunday bahoni berish uchun hali juda kam vaqt o'tdi" degan edi. (O'sha paytda mazkur inqilob sodir bo'lganidan buyon "qandaydir atigi" bir yarim asr o'tgandi). Tarixan qisqa davrda o‘zini o‘zi boqishga qurbi yetmagan nochor o‘lkadan o‘z kuchi va salohiyatiga tayangan, o‘z sarhadlari, o‘zining tinch va osuda hayotini himoyalashga qodir bo‘lgan,

bugun izchil va barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy, mustaqil va suveren davlatga aylangani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda. Ayniqsa, so'nggi besh yil davomida prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida olib borilgan islohotlar davri — "Yangi O'zbekiston", "O'zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi" degan nomlari bilan Vatanimiz tarixida, jahon hamjamiyati bilan munosabatlarimiz silsilasida g'oyat muhim o'rin egallab kelmoqda. Bu davr — O'zbekistonni, jamiyatimiz hayotimdagi siyosiy- ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni butunlay o'zgartirgab, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofasida jumlai jahonga tanitgan davrdir.

Bu davrda biz hayolimizga ham keltirmagan o'zgarishlar bo'ldi. Ko'zni quvontirguvchi, aqlni shoshirguvchi ilm dargohlari, prezident maktablari qurildi. Xalqimizga so'z erkinligi qaytarildi, xalq birligi tiklandi, jipslandi. Ustuvor harakatlar strategiyasi tuzildi. Har bir kadr bu strategiyani o'zi uchun dasturul amal qilib, ishga mas'uliyat, vataniga fidolik bilan ishga kirishdi. Buning samarasi o'laroq har bir mehnat o'z mevasini ko'rsatdi. Bularni qaror- qator sanash mumkin. Bundan tashqari, harakatlar strategiyasida BMTning uch asos soluvchi chaqirig’i, ya’ni tinchlik hamda xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari o’z aksini topdi. Natijada mamlakatda “Inson manfaatlari barcha narsadan ustun” degan ulug’vor g’oya hayotdan mustahkam o’rin egallab, xalqimiz turmush farovonligi yuksalmoqda.

So'nggi yangiliklarga ham quloq tutadigan bo'lsak, Anqara tashqi siyosat instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Husayn Bag‘ji Turkiyaning nufuzli "Sabah" gazetasida yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga bag‘ishlangan maqolasini chop etdi. Maqolada u O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar dasturi va tashabbuslarini batafsil tahlil qilgan. O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligini ortda qoldirar ekan, endilikda taraqqiyotning qiziqarli va o‘ziga xos tajribasiga ega davlatga aylanganini alohida qayd etgan. Ayniqsa, O‘zbekiston so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning porloq yulduziga aylanib, mintaqaviy va global miqyosda jadallik bilan rivojlanib bormoqda, - deya taʼkidlaydi Husayn Bag‘ji. - Mamlakat ham geostrategik, ham geoiqtisodiy taʼsirini yuksaltirib borayotgan yetakchi davlatlar ro‘yxatidan joy olmoqda. Endilikda «Yangi O‘zbekiston» iborasi xalqaro maydonda tez-tez yangramoqda». Shuningdek, yana bir boshqa manbada: Yangi O'zbekiston — demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va printsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlat ekani alohida qayd qilingan. Xalqimiz orasida esa yangi O'zbekiston — uchinchi renessans poydevori ekanligiga ishonch katta.

Yangi O'zbekiston haqida yurtimiz fuqarolari bilan birga dunyo siyosatida yetakchi o'rin turadigan davlat va jamoat arboblari, atoqli olimlar va tahlilchilar tomonidan ham ko'plab ijobiy fikrlar bildirilmoqda, eng yuksak e'tirof va baholar aytilmoqda. Biz yangi O'zbekiston haqida oddiy tasavvurlar o'ylashimiz va uni tushlarimizda ko'rishimiz shart emas. Chunki biz shu o'y-hayollarimizdagi yurtga — Yangi O'zbekistonga qadam qo'yib bo'lganmiz. Endi bizdan odim qadamlash talab etilyapti xolos.

Ko'hna tarix shundan dalolat beradiki, bu hayotda yangilik qilish, ko'pchilik odamlar o'rganib, ko'nikib qolgan eskicha qolip va andozalarni o'zgartirish hech qachon oson kechmaydi. Istaymizmi, yo'qmi, bunday harakat har qanday sharoitda ham ochiq yoki pinhona to'siqlarga duch keladi. Ayniqsa, xalqni uyg'otish, mudroq qalblarga hayotbaxsh yangi nafas olib kirish, davlat va jamiyat boshqaruvini butunlay yangilash masalasi islohotchi bo'lib maydonga chiqishdek buyuk missiyani o'z zimmasiga olgan yetakchi shaxsdan yanada ulkan mas'uliyat, jasorat va donishmandlikni talab etadi. Biz esa bu borada muhtaram prezidentimizga to'laqonli ishonch bildiramiz va u kishiga munosib izdosh bo'lishga va'da beramiz.

So'zim so'nggida, xulosa qilib, o'z yurtimga qarata Fitratning ushbu misralarini keltirishni joiz deb bildim:

"Men sening uchun tug'ildim, sening uchun yasharmen, sen uchun o'larman".


Buxoro davlat universiteti,

Xorijiy tillar fakulteti, 3-bosqich

talabasi Olimova Xadichabonu.

Report Page