Yana darsliklar masalasida ...

Yana darsliklar masalasida ...

Komil Jalilov

Ijtimoiy tarmoqlarda va o'qituvchilarning yopiq guruhlarida "Novda"ning "fin standartlari asosidagi" (?) "4K" modeliga asoslangan (?) "yangi avlod darsliklari" muhokama qilinmoqda.


Ta'limni rivojlantirish markazi direktori Vohid Hamidov "yangi avlod darsliklari" haqida.
Manba: https://www.facebook.com/watch/?v=612171684453380


Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan.
Manba: https://www.facebook.com/groups/364050994565075/permalink/1098019561168211/
Izoh: bunda 3-sinf "yangi darslik" deganda Milliy o'quv dasturi asosida 2022-yilda chop etilgan darslik nazarda tutilgan, chunki bu yil 2, 3, 4 sinflarga o'tgan o'quvchilar o'tgan yili Milliy o'quv dasturi asosida tahsil olishgan.


O'qituvchilar guruhlaridagi muhokamalardan


Bu muhokamalar o'z yo'liga, lekin men e'tiborni boshqa bir muhim nuqtaga qaratmoqchiman. Bu - ona tili darsligi muallifi Sa'dullo Quronovning bayonoti


Ona tili darsligi muallifi, bolalar yozuvchisi Sa'dullo Quronovning bayonotidan.
Manba: https://t.me/bolalar_yozuvchisi/585


Bayonotning ahamiyatini tushunish uchun keling, bir oz ortga qaytaylik.


2019-yil. AOKA qoshida "O'qituvchi" ilmiy-metodik markazi tashkil etildi. Markazning maqsadi "yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish" ekanligi aytildi. AOKAning o'sha paytdagi rahbari Komil Allamjonov "zamon talablariga javob beradigan, innovatsion yangi avlod darsliklarini ishlab chiqishlari uchun barcha zaruriy sharoit va qulayliklar yaratib berilishini" bildirdi.

Bu markazda men ham ishlaganman va Sa'dullo bilan shu yerda tanishganmiz. Markazning o'sha paytdagi rahbariyati - Oksana Tigay (hozir darsliklari joriy qilinayotgan "Novda"ning ta'sischisi bo'lmish "Gid Tashkent" MChJning rahbari) va Yuliya Risyukova ("Novda"ning darsliklarini joriy qilayotgan Ta'limni rivojlantirish respublika markazining direktori o'rinbosari) bizga o'sha paytda amalda bo'lgan darsliklarga muqobil, lekin ulardan yaxshiroq darsliklar tayyorlash vazifasini qo'ygan edi. U paytda hali Milliy o'quv dasturi yaratilishi boshlanmagan edi (qarang: PF-6108 06.11.2020, 2-band).

Sa'dullo yozganidek, "O'qituvchi"da yaratilishi boshlangan darsliklarda "fin tajribasi" yoki boshqa biror zamonaviy metod konseptual ravishda aks etmagan edi. Asosiy vazifa - o'sha paytda mavjud dastur asosida, o'sha paytda mavjud darsliklarning dizayn va metodika jihatdan yaxshiroq muqobilini ishlab chiqish edi. Jarayonda asosan Qozog'istonning "Almatikitap" va Rossiyaning "Prosvesheniye" nashriyotlari tajribalari o'rganilgan (misol uchun, darsliklarni har bir chorak uchun alohida qismlarga bo'lib chiqarish tajribasi "Almatikitap"da yo'lga qo'yilgan).

"Almatikitap" nashriyoti darsligi muqovasi


2020-yil. Komil Allamjonov AOKAdan ketdi. "O'qituvchi" markazi yopildi, markazda yaratilgan (yaratilishi boshlangan) darsliklar Xalq ta'limi vazirligiga topshirilishi kerak edi (qarang: PQ-4640 16.03.2020, 5-band). Komil Allamjonov nega o'sha paytda bu darsliklar vazirlikka topshirilmaganini "Ozodlik" radiosiga bergan intervyusida quyidagicha izohlagan:

"... Chala qolib ketgan ishni o'zimizning mablag'lar hisobiga uni tugatib yana davlatga berganimiz, menimcha, bu hech qanaqa e'tiroz tug'dirmaydigan holat deb o'ylayman".


"Allamjonov aybdor" kitobida esa bu holatga quyidagicha izoh berilgan:

"Allamjonov aybdor" kitobidan, "Novda Edutainment", 2021-yil, 272-bet


2022-yil. Darsliklarning ijara narxi oshishi sababli ijtimoiy tarmoqlarda ko'tarilgan "to'polon"lar ortidan Prezident Administratsiyasida ishchi guruh o'rganish boshlagani e'lon qilindi. "Barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha Prezident Administratsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzildi", deyilgan edi o'sha paytda berilgan xabarda. E'tibor bering: "sifatini yaxshilash" deyilmoqda, "butunlay yangi darsliklar yaratish" emas. Chunki bu paytda Milliy o'quv dasturi asosida darsliklar yangidan yaratilganiga hali 1-2 yil to'lmagan edi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan darsliklarni taqdim qilmoqda. 2021-yil mart. Qarang: https://t.me/edurtm_uz/7640


Prezident Administratsiyasi rahbarining o'rinbosari Komil Allamjonov esa "mutaxassislar O'zbekiston uchun eng ma'quli - Finlyandiyaniki, deb qaror qilganini", "1-4 sinflar darsliklari fin standartlari asosida yaratilayotganini" e'lon qildi. Bu mutaxassislar kimlar ekanligi, ular qaysi davlatlar tajribalarini o'rgangani va qaysi mezonlar asosida aynan Finlyandiyaniki O'zbekiston uchun "eng ma'qul" deb topgani ochiqlanmadi.

Komil Allamjonovning 2022-yil 3-noyabrdagi bayonoti.
Manba: https://t.me/allamjonov_ki/1690


Allamjonovning o'zi ayni paytda "darsliklarni takomillashtirish ishchi guruhi rahbari" ekanligi xabar qilindi. Nega darsliklar (ta'limning mazmuni) masalalari bilan administratsiyada jamoatchilik fikrini o'rganish va axborot siyosatiga mas'ul, ochiq manbalarda e'lon qilingan biografiyasiga qaraganda, pedagogika sohasida maxsus bilimi yoki tajribasi yo'q mutaxassis shug'ullanayotganiga ham izoh berilmadi.


"Yangi O'zbekiston" gazetasining veb-saytidan, 2022-yil 2-noyabr.
Manba: https://yuz.uz/uz/news/yangi-avlod-darsliklari-14-ta-maktab-139-ta-sinfda-tajriba-sinovdan-otkaziladi


Mazkur bayonotlar va xabarlarda ko'p tilga olingan "fin standartlari", "Finlyandiya tajribasi" degan jumlalarga e'tibor beraylik. 2022-yil sentyabrda "ishchi guruh" tuzilgan bo'lsa, noyabrga kelib (2 oy ichida) mutaxassislar "fin standartlari"ni o'rganib chiqib, ular asosida 1-4 sinflar uchun yangi darsliklar ishlab chiqishga ulgurishdimi, degan savol ochiq qolib ketdi. (Misol uchun, 2020-yilda loyihasi taqdim etilgan Milliy o'quv dasturi asosida 1-3 sinf darsliklarini yaratishga 2 yil vaqt ketgan.) Demak, gap "O'qituvchi" markazida yaratilishi boshlangan va keyinchalik "Allamjonov aybdor" kitobida tilga olingan "laboratoriya"da davom ettirilgan darsliklar haqida ketyapti, deb taxmin qilish mumkin.

Milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan darsliklarning bir guruh mualliflari Prezidentga murojaat bilan chiqishi ortidan ularning ayrimlari (jumladan, men ham) Komil Allamjonov bilan uchrashuvga taklif etildik. Murojaatda, jumladan, bunday deyilgan edi:

... Darsliklarning mazmunini o‘rganish kerak bo‘lsa, o‘rganishsin, baho berishsin. Faqat, bunga bahoni xolislar bersin. ... Buning ortidan o‘zining qandaydir biznes manfaatlarini ko‘zlayotgan shaxslar, manfaatdor „chinovniklar“ (amaldorlar) baho bermasin bu narsaga. 

Uchrashuvdan keyin Yuliya Risyukova bizga o'zlarining ayrim darsliklarini ko'rsatdi, biz bu darsliklarning eski dastur bo'yicha yozilganligi yuzasidan, ularning joriy qilinishi ta'limda ortga qadam bo'lishi yuzasidan o'z xavotirimizni bildirdik. Men Milliy o'quv dasturi va u asosidagi darsliklar ortida katta mehnat yotganligini, ularni olib tashlash xato bo'lishi haqidagi fikrlarimni bildirdim va Risyukova boshchiligidagi jamoa yaratgan darsliklarni muqobil darslik sifatida kiritishni, tanlovni darsliklarning bevosita foydalanuvchilari - o'qituvchilarga qo'yib berishni taklif qildim. Bu, nazarimda, ko'p davlatlarda (masalan, o'sha Finlyandiyada ham) bo'lgani singari, darsliklar sohasida ochiq raqobatni shakllantirishga turtki berishi mumkin edi. Bu taklif inobatga olinmadi.

Eng katta xavotirimiz ona tili va o'qish darsliklari bo'yicha edi - bu darsliklar eski yondashuvning "chiroyliroq dizayn"ga o'ralgan varianti edi. Bu haqda Sa'dullo Quronovning kechagi bayonotida ham aytilgan va "Novda" darsliklari asosida e'lon qilingan taqvim-mavzuiy rejalar ham fikrimizni tasdiqlashi mumkin.


Manba: https://t.me/bolalar_yozuvchisi/585


2022-yil dekabr oyida Risyukova boshchiligidagi jamoa yaratgan darsliklarning taqdimoti o'tkazildi. Taqdimotdan olingan ayrim fotosuratlarda hozirda Ta'limni rivojlantirish respublika markazining rahbarlari bo'lib ishlayotgan Vohid Hamidov va Yuliya Risyukovani ko'rish mumkin. Keyinroq, 2023-yil yanvar oyida Komil Allamjonov "Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun sifatli darsliklar, sifatli ta’lim shu yil sentyabr oyidan boshlanadi. Tayyorgarlikka 4 yil vaqt ketdi", deb bayonot berdi. Bu bayonotda, nazarimda, "tayyorgarlikka 4 yil vaqt ketdi" jumlasi alohida e'tiborga molik.


Komil Allamjonovning 2023-yil 26-yanvardagi bayonoti.
Manba: https://t.me/allamjonov_ki/1812


2023-yil. Bir necha oy oldin boshlangan ma'muriy islohotlarning maqsadlari - ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish deb e'lon qilinganiga qaramasdan, yana bitta yangi tashkilot - Ta'limni rivojlantirish Respublika ilmiy-metodik markazi tuzildi. Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi tarkibiga kirmaydigan bu markazga vazirlikning ta'lim mazmuni va darsliklar sohasidagi katta vakolatlari olib berildi. Markaz rahbari etib Vohid Hamidov, uning o'rinbosari etib Yuliya Risyukova tayinlandi.

Mazkur tayinlovgacha Hamidov "Novda Edutainment" va "Avtotest Mirobod"ni boshqargan edi. Risyukova esa Komil Allamjonovga tegishli ekanligi aytilgan, hozirda ta'sischisi sifatida Ismail Allamjonovich Shakir-Kariyev ko'rsatilgan "Yagona imtihon markazi" - "Autodriver Study" MChJga rahbarlik qilgan, shuningdek, "Avtotest"da ham faoliyat yuritgan.


Vohid Hamidovning Ta'limni rivojlantirish markazi etib tayinlangani haqidagi xabar.
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2023/06/01/vahid-khamidov/


Yuliya Risyukova Yagona Imtihon markazi saytida uning rahbari sifatida ko'rsatilgan edi.


Ma'lumotlarga qaraganda, Yuliya Risyukova "Avtotest"da ham faoliyat yuritgan.
Manba: https://www.gazeta.uz/ru/2018/03/27/avtotest/


Hamidov va Risyukovaning yangi markaz rahbariyatiga tayinlanishiga Allamjonov ijobiy munosabat bildirdi.


Komil Allamjonovning Ta'limni rivojlantirish markazi rahbariyati tayinlanishiga munosabati.
Manba: https://t.me/allamjonov_ki/1912?single


Yangi o'quv yili boshlanishi arafasida Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi "boshlang‘ich sinflar uchun 775 nomda yaratilgan yangi avlod darslik majmualari 72 mln nusxada chop etilmoqda", deya xabar berdi. Bu yil maktab darsliklariga byudjetdan 920 milliard so‘m ajratilganligi ma'lum qilindi. "Yangi avlod darsliklari"da "Novda Edutainment" logotipini va Ta'limni rivojlantirish respublika markazi ilmiy-metodik kengashi nashrga tavsiya etganligi haqidagi yozuvni ko'rish mumkin. Ta'limni rivojlantirish respublika markazi - "Novda Edutainment" - "Avtotest"ni ayni shaxslar bog'lab turishini esa ochiq manbalardagi ma'lumotlardan ko'rish mumkin.


Ta'limni rivojlantirish respublika markazi ilmiy-metodik kengashi nashrga tavsiya etgan darsliklarni mazkur markazning rahbari oldin boshqargan "Novda" tayyorlagan


Faoliyati tugatilgan "Avtotest Mirobod" bilan bir xil manzilda (Toshkent, Shevchenko ko'chasi, 21) ro'yxatdan o'tgan "Novda"ning ta'sischisi "Gid Tashkent" MChJ hisoblanadi.
Manba: https://orginfo.uz/uz/organization/21f91cc552bb/


"Novda"ning ta'sischisi "Gid Tashkent" MChJning hozirgi rahbari sifatida Oksana Tigay ko'rsatilgan.
Manba: https://orginfo.uz/uz/organization/4fff03bb46c0/


Ochiq manbalardagi ma'lumotlarga qaraganda, "Gid Tashkent" MChJning hozirgi rahbari Oksana Tigay "Avtotest Report"ning ham bosh direktori bo'lgan.
Manba: https://darakchi.uz/ru/37186



Ochiq manbalardagi ma'lumotlardan, Ta'limni rivojlantirish respublika markazi - "Novda" - "Avtotest"ni ayni shaxslar bog'lab turishini ko'rish mumkin





"Allamjonov aybdor", "Novda Edutainment", 2021-yil, 272-273-betlar



Shunday qilib, Ta'limni rivojlantirish respublika markazi ilmiy-metodik kengashi "Novda"ning darsliklarini ma'qulladi va bu darsliklar amaliyotga joriy qilinmoqda. Bu darsliklarga asos bo'lgan ta'lim standartlarini (o'quv dasturlarini) na markaz va na vazirlik e'lon qilganicha yo'q. Ilgari nashriyotlar ta'lim vazirligi (aniqrog'i, uning huzuridagi Respublika ta'lim markazi) tayyorlab bergan (qarang: VMQ-108, 26.02.2021, 1-band), vazirlik ko'rib, tasdiqlab bergan darsliklarni chop qilgan bo'lsa, tushunishimcha, endi vazirlik ta'lim mazmuni - millionlab o'quvchilar nimani o'qib-o'rganishlari ustidan nazoratni yo'qotdi.

Ta'limda tushunarsiz vaziyat yuzaga keldi: ayni paytda boshlang'ich sinflarning ayrimlari "Novda" darsliklaridan, ayrimlari Milliy o'quv dasturi asosidagi darsliklardan va ayrimlari 2017-yil darsliklaridan tahsil olmoqda, yuqori sinflarda esa 6, 7, 10 sinflar Milliy o'quv dasturi asosidagi darsliklar bilan, 5, 8, 9, 11 sinflar esa 2014-2018-yillar darsliklari bilan o'qishmoqda.

Prezident farmonlari asosida UNESCO va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirokida katta kuch va mablag' sarflab yaratilgan, bir necha bosqichlarda muhokamalardan o'tgan, 2024-yilgacha to'liq joriy qilinishi kerak bo'lgan (qarang: PF-134, 11.05.2022, 3-band) Milliy o'quv dasturi, u asosidagi darsliklarning, shuningdek, USAID moliyalashtirgan va ikki viloyatda aprobatsiyadan o'tkazilgan darsliklarning keyingi taqdiri mavhum bo'lib qolmoqda (balki mavhum emasdir ham?). Nega aynan "Novda" darsliklarini joriy qilishga zarurat tug'ilganiga, bu ishlarning sababi va maqsadiga ham izoh berilmadi.


Xulosalar chiqarishni ziyrak o'quvchiga qoldiramiz. Zero 21-asrning muhim ko'nikmalaridan biri - tanqidiy fikrlash ma'lumotlarni umumlashtirib, mustaqil xulosalar chiqara olishni taqozo qiladi.


P.S. "Novda"ning ayrim darsliklarida "Education Alliance Finland" tashkilotining logotipini ko'rish mumkin. Mazkur tashkilot, Xalq ta'limi vazirligi brifingida aytilganidek, Finlyandiyaning mas'ul idorasi emas, balki tijoriy kompaniya bo'lib, uning asoschilaridan biri - "Angry Birds" o'yinini yaratishda ishtirok etgan Saila Juuti. Kompaniya saytidagi ma'lumotlarga qaraganda, tashkilot asosan ta'limiy o'yinlar va kompyuter dasturlarini sertifikatlash xizmatlarini ko'rsatadi. "Nega tashkilot saytidagi "Sertifikatlangan mahsulotlar" bo'limida "Novda"ning darsliklari yo'q?" degan savolga tashkilotdan quyidagicha javob olindi:


"Education Alliance Finland" kompaniyasidan kelgan xat, 2023-yil 24-avgust.
Unda aytilishicha, "Novda" darsliklariga kompaniyaning sertifikati 6 oy muddatga berilgan va bu muddatdan keyin darsliklar qayta baholanishi lozim. Darsliklarda ishlatilgan sertifikatda esa qayta baholash sanasi ko'rsatilgan bo'lishi kerak.







Report Page