Yana chizamiz

Yana chizamiz

Ahror Sharif

Shahar devorlariga singib ketgan bo‘yoqlarda uning yuragi dukkillaydi, rangi o'chgan suvoqlar ostida dardlari yashirin. Devorlardagi har bir chizgi - ich-ichidan otilib chiqqan nola, tinimsiz jaranglayotgan ovoz. U uchun bo‘yoq shunchaki rang emas, balki nafas. Cho‘tkasini devorga tegizganda, o‘sha nafas jonlanadi, shaharning sassiz devorlariga hayot kiradi. Kimdir shunchaki surat deb beparvo o‘tib ketadi, kimdir esa tasvirda o'z hayotini ko‘radi. Sokin shahar kechalari rassomlik ustaxonasiga aylanib qoladi. Jimjit ko‘chalarda faqat uning soyasi harakatlanadi, faqat uning bo‘yoq hidiga to‘yingan nafaslari eshitiladi. Har bir chizilgan qiyofa — yuragidan yulqib olingan parchaga o‘xshaydi. Barmoqlari bilan bo‘yoqlarga tegarkan, tuyg‘ularini qog‘ozga emas, shaharning tanasiga bitayotganini his qiladi. Ba’zan ko‘zlarini yumib, devorga ohista qo‘lini bosadi. Yuzlab qo‘llar tekkan, millionlab nigohlar qadalgan devorga. Uzoq o‘tmish izlari, unut bo‘lgan orzular izlari tushirilgan devorga. Devorga diqqat bilan quloq solganida narigi tarafdan javob kelganday tuyuladi, yoriqlar orasidan olis-olisdan kelayotgan xotiralar eshitilayotgandek bo'ladi. Har bir rasm — uning jon-jonidan yaralgan. Har bir tasvir shaxsiy muqaddas kitobi kabi ilohiy. Har bir bo‘yoq tomchisi — yurak qonidan tomgan iz. Kechalari devorlarga insoniyat dardini bitadi, ko'p hollarda ertasi kuni, omadi kelsa, bir haftadan so'ng kimlardir suratni kulrang bo'yoq bilan o‘chirib tashlaydi. Ammo U taslim bo'lmaydi, har safar yangitdan boshlaydi. Haqiqat va go‘zallik yo‘q qilinishi mumkin, lekin ularni qalbdan o'chirib bo’lmaydi. 

U bolaligida daxshatli avtohalokatga uchragan baxtiqarolardan. O‘sha kuni havo salqin, osmon bulutli edi. Onasi bilan bozordan qaytayotgandi. Qo‘lida yangi sotib olingan rangli qalamlar. Hali qutisidan ochilmagan qalamlar  Uyga boriboq chizish shavqi bilan yonayotgan sakkiz yoshli bola edi u. Bittatina lahza, bittagina to‘qnashuv, bittagina hayqiriq butun hayotini o‘g‘irladi. Sog'lom bo'lganida yaxshiroq rassom bo'lardi. Yoki umuman rassom bo'lmasdi. Ularni olib ketayotgan eski avtobus yo‘lning o‘rtasiga chiqqancha to‘xtab qoldi. Qarshisidan katta yuk mashinasi paydo bo‘ldi. Tormozning qattiq g‘ichirlashi, oynalar sinishining beomon ovozi, yo‘lovchilarning vahimali qichqirig‘i… Keyinini haligacha eslolmaydi. Kasalxonada hushiga kelganida qo‘llarini qimirlatishga harakat qildi — og'riq bilan bo'lsa-da uddaladi. Qo'llarini tepaga ko'tardi, tushirdi. Ishlayapti. Gavdasini ko'tarib ko'rdi. Hammasi joyida. Chap oyog‘ini esa sezolmadi. Ko‘rpa ustidan ushlab ko‘rdi — hech narsa yo‘q. Qo'rqib ketdi, onasini chaqirdi, hamshiralar yugurib kelishdi. Vaziyat shunchalik beayov ediki, unga dalda berishi mumkin bo'lganlarning biror gapi ham tasalli vazifasini o'tay olmadi. O’shandan beri qalamda chizmaydi. O’shandan beri qog’ozda chizmaydi. 

Maktabga qaytganida sinfdoshlarining nigohi o'zgarganini sezdi. Avval o'zi bilan teng ko'rganlar endi unga boshqa ko‘z bilan qarardi. Kimdir unga achindi, kimdir unga yaqinlashsa nogiron bo'lib qoladigandek o'zini chetga oldi, kimdir esa bilinar-bilinmas burun jiyirib, ming xil badbin tuyg‘ular bilan tikildi. Nega u maxsus maktabga bormadi? Bolaligida bu savolni ko‘p eshitgan. Lekin hech kim uning o‘zi nima xohlashini so‘ramagan. Onasining aytgani shu: ko‘p bor maktab tanlash to’g’risida ikkilangan. Mahalladagi odamlardan tortib, shifokorlargacha onasiga maslahatlar berishgan - maxsus maktab yaxshiroq, qulayroq, osonroq. Otasi esa amrida qat’iy turgan: “Maktab - bilim olish joyi. Nogironlik bilim olishga to‘sqinlik qilmaydi. Bolamning aqli va zehnidan ko’nglim to’q, u oddiy bolalar qatori o‘qishi kerak”. Balki oddiy maktabda o’qishi ota-onasi uchun ham oson kechmagandir. Nogiron bola uchun oddiy maktabga borish qanchalik mushkul bo‘lishini bilishgandir, bolasining qiynalayotganini ko’rib, ichlari zil ketgandir.

Maktabdagi dastlabki yillar og‘ir o‘tdi. Maktab binosi nogironlar aravachasida tashrif buyuruvchilar uchun moslab qurilmaydi, axir. Ba’zan eshik oldida kimdir unga yordam berishini kutadi. Ba’zan kimdir oldidan masxara qilib o’tib ketadi. Ba’zan esa Jismoniy tarbiya darslarida qatnasha olmagani uchun o‘zini hammadan begonadek his qiladi. Har o’quv yili boshida maktab rahbariyati ota-onasini chaqirib, bolaning maxsus maktabga o’tkazilishi lozimligi yoki inklyuziv ta’lim yo’lga qo’yilishi shartligini iddao qilishi, ota-onaning zor qaqshab, rahbariyatga yalinishi, bir amallab maktabda olib qolishga erishishi alohida masala. 

Shuncha mashaqqatlarga qaramasdan, u chidadi. Oddiy bolalar qatori o‘qish, ularning yonida yurish, ular bilan bir xil sinovlardan o‘tish erkinlikning bir ko’rinishi edi uning nazdida. Maxsus maktab “qulay” bo’lsa-da, bu “qulaylik” uni o‘zga dunyoga qamab qo‘yardi. U bunday tutqunlikda umr kechirishni istamadi. O‘zini boshqalardan farqli his qilgisi kelmadi. “Aynan shunday yashashing kerak” kabi qoidalarga bo‘ysunishni istamadi. Nihoyat, o‘sha maktabni tugatdi. Ikkinchi qavatga chiqishi yoki birinchi qavatga tushishi uchun rahmi kelib, yordam berishga tayyor ikkita odam topilgungacha sabr bilan kutib, hech kimdan najot topilmaganida, alamdan duv-duv yosh to’kkan kunlari bisyor bo’lgan esa-da, o‘qidi. Shahd bilan o’qidi. Alam bilan o’qidi. O‘qibgina qolmay, devorlarga suratlar ham chizdi. Ba’zi o‘qituvchilar unga alohida yondashishdi, lekin bu ham mehribonlikdan emas, majburiyatdan bo’ldi. Hech kim Uning haqiqiy istaklarini so‘ramadi. Uning rasm chizishga mehr qo‘yganini bilishmadi ham. Kimdir unga cho’tka tutqazib: “Mana, biror ko’zni quvontiruvchi narsa chiz!” – deb aytmadi. Maktab tugadi. Qo'liga o'n bir yillik maktab shahodatnomasi tegdi, lekin u hech qayerga borishni xohlamadi. Universitet, kollej, kurslar — bularning hech biri unga qiziq emasdi. Bu qaroridan hayratga tushishdi. Nogironlar uchun beriladigan imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar faqat televizion yangiliklarda emas, amalda ham borligini, o'qish va ishlash uchun imtiyozlar mavjudligini beto'xtov uqtirishdi. Parvo qilmadi. Hayot faqat tirikchilikdan iborat emas-ku! Uning o‘z dunyosi bor va bu dunyoda na kasb tashvishiga, na moliyaviy muammolarga joy bor. Kun bo‘yi uyda tayinsiz yumushlar bilan band bo'ldi. Onasi bilan otasi halal berishmadi. Uning fe’lini bilishadi: bosim o‘tkazish befoyda, qachon tayyor bo‘lsa, o‘zi harakat qiladi. To’xtamay tomgan tomchi harsangni yemirar ekan. Inson sabr-kosasi metinmas ekan. Vaqt o‘tib, ular ham tashvishga tusha boshlashdi. 

— Odam bolasi uyga qamalib o‘tirishi kerak emas, — dedi onasi.

 — O'zingga mos ish topib beraman, — dedi otasi. 

Keyinchalik uyda qamalib qolmaslik yo'lini topdi. Tunlari ko'chaga chiqib ketadigan bo‘ldi. Sira qog‘ozga rasm chizmadi. Chizishni ham xohlamadi. Qog‘oz unga begona. Qog‘ozni yirtib tashlash mumkin, qog‘oz eskiradi, qog‘oz yonib ketishi ehtimoli baland. Devor esa mutlaqo boshqa narsa. Devor quloq soladi. Devor dard aritadi. Devor yupatadi. 

Shu tariqa devorlarga chiza boshladi. Avval mayda chizgilar, so‘ng katta-katta suratlar. Shu bahona kunduzgi sayrlarning ham bayi ochildi. Kunduzi ko‘chalarni aylanib yuradi, yo'lidan chiqqan har bir devorni kuzatadi, qaysi biri chizishga yaraydi, qaysi biriga bo'yoq xayf ekanini his qildi. Tunda esa mo'ljallangan joyga bo'yoqlari bilan yo'l oladi. Bu g'ayrioddiy mavjudot na tirikchilik haqida o‘ylaydi, na kelajak haqida. Onasi tomonidan yeyish-ichishi, kiyinishi va ozodaligi naqd, otasi esa mayda-chuyda harajatlar uchun cho'ntagiga pul solib qo'yishni bo'yniga olgan. Bor fikr-u hayoli devorlar-u, tasvirlarda. Moliyaviy tashvishlar unga taalluqli emas. Bu dunyoda yolg'izgina san'at muhim deb hisoblaydi. Boshqa san'atsevarlardan farqli jihati uning uchun san’at qog‘ozda yoki sahnada emas, faqat devorlarda. Devorlarni ilohiy hisoblaydi. Shoir Rauf Parfi "oq qog'oz shoirning joynamozidir" degan bo'lsa, uning uchun joynamoz faqatgina devor. Taassufki, u bilan san'at to'g'risida hech kim gaplashmaydi. Ko‘pchilik unga shunchaki "ish topolmayotgan nogiron rassom" sifatida qaraydi. Go'yo, ko'cha rassomchiligi ortidan mablag' topish imkoni bordek. San’at tobora qadrsizlanib borayotganini his qilib, uning ko'ngli eziladi. Ilgarilari odamlar rassomning ismini bilish uchun muzeylarga borishgan. Endi esa suratning tagida yozilgan ism ham hech kimni qiziqtirmaydi. Odamlar suratga tikiladi, lekin ko‘rmaydi. Faqat ko‘z tashlashadi. Tez, yuzaki. Rasm tagida izoh bo‘lmasa, biror kimsa nimani anglatishini tushunishga urinmaydi. San’at go‘zallik bo'lishdan to'xtadi. San’at ma'noli bo‘lishdan to'xtadi. San’at uzun mulohaza yuritishga sabab bo‘lishdan to'xtadi. San’at endi shunchaki ko'rgazma vositasi. Kafelardagi devoriy suratlar, ofislardagi noodatiy chizmalar, hatto ko‘cha devorlaridagi grafitilar ham endi shunchaki bezak. Odamlar san’atni manzara sifatida qabul qila boshladi. Rassomning qalbidan otilib chiqqan faryod hech kimni qiziqtirmay qo'ydi. Hamma san’atni sevishini aytadi. San'at to'g'risida soatlab gaplashadi, muzey-ko'rgazmalarga borishadi. Hammasi immitatsiya uchun. Hech kim san’atga muhtoj emas. Hozirgi san’atning qadri sanasi bilan o‘lchanadi. “Bu asar uch yuz yil oldin yaratilgan”, deydi kimdir. Xuddi eski bo‘lgani uchun buyukday. Yangi asarlar esa qadrsiz. Bugun yaratilgan narsa san’at emas, oddiy ko‘ngilxushlik vositasi. San’at jimgina unutilayotgan xotiraga o‘xshab qoldi. Uni qadrlaydiganlar ozchilik. Ular ichkarida, o‘z dunyolarida yashaydi. Ularning ovozini eshitadigan kishi yo‘q. Lekin san’at shunday bir narsaki, unda yo‘q bo‘lish xususiyati mavjud emas. Uni e’tiborsiz qoldirish mumkin, ustidan bo‘yoq ham surish, kaltafahmlar tomonidan loy chaplanishi mumkin. Lekin u o‘lishni bilmaydi. Qachonlardir kimdir yana eski eski devorlar orasidan san’atni topadi. Ko‘rishadi, anglashadi, mushohada yuritishadi.

Eng alam qilgani shahar hokimiyatining munosabati bo‘ldi. U devorlarga umid chizardi —siniq qanot-la uchayotgan qush, nur sochayotgan soya, yomg'irda teshik soyabon tutgan shodon kishi. Lekin bu san’at emas, "devorlarni ifloslantirish" deb topildi. "Noqonuniy san’at" – dedi ular. Uni tushunishmadi, tushunishni ham istashmadi. Bunga javoban esa faqat jilmaydi. Tarix shundaylarni ko‘p ko‘rgan. Bir zamonlar Van Gog rasmlarini hech kim sotib olmagan. Unga aqldan ozgan odamdek qarashgan. Frida Kaloni esa faqat jismonan siniq odam deb bilishgan, ruhining qudratini esa tushunishmagan. Uyg‘onish davrida rassomlarning aksariyati ta’qibga uchragan. Mikelanjelo va Leonardo da Vinchining ba’zi asarlarini cherkov "shakkoklik" deb topgan, ularning mehnati qoralanib, hatto yo‘q qilishga harakat qilishgan. Jeronim Boschning tasavvufiy va g‘ayritabiiy asarlari gunoh deb qabul qilingan, Karavaggio esa cherkovga qarshi chiqib, hayotini doimiy qochqinlikda o‘tkazgan. San’at har doim dushman orttirgan. Har doim uning yo‘lini to‘sganlar bo‘lgan. Dunyo rassomlarni hech qachon ochiq chehra bilan kutib olmagan. Shular haqida o‘ylab, yana cho‘tkasini qo‘liga oladi. U uchun qizil – nafaqat qoni tomgan jarohat, balki qaynoq hayot. Ko‘k – faqat osmon emas, balki orzular olami. Yashil – shunchaki daraxtlarning rangi emas, balki ozodlik, beg‘uborlik timsoli. Sariq – bolalarning kulgusi, shodlikning shaffof aks-sadosi. Oq esa jimjitlik emas, tasalli. Har kecha devorlarga ushbu ranglarni surkaydi va orzu qiladi: bir kun kelib, odamlar ham hayotga shunday nigoh bilan qarashadi...  

Tun va u – juda yaxshi sheriklar. Bir-biriga qanchalar o‘xshash. Tun o‘z bag‘rida olam-olam sirlarni yashirganidek, u ham har bir rasmiga o‘zining ko‘rinmas izlarini qoldiradi. Tun o'z dard-alamlarini hech kimga sezdirmay yashashi mumkin, lekin u tunning har bir bo‘lagini ko‘ra oladi, his qila oladi, qo‘l tekkiza oladi. Shu bois u faqat tunda yashaydi. Shaharni tark etayotgan tun soyasiga qarab jilmayadi. Tun uning eng yaqin do‘sti. Eng ishonchli sirdoshi. Otasidan ham, onasidan ham yaqin. Kim bilsin, balki tun ham undan nimalarnidir o‘rganayotgandir? 

Bu safar peshinga yaqin odatdagidan boshqacha tarzda uyg‘ondi. Doimgidek internet titkilab, yangiliklardan o'ziga taalluqli quyidagi xabarni o'qidi: "Shaharning eng gavjum maydonidagi ulkan devorda sirli rasm paydo bo‘ldi. Bu oddiy graffiti emas, sirli ishoralarga to'la haqiqiy san'at asari. San'atshunoslar rasmga turlicha baholar berishga tushib ketishdi". 

O'zining jo‘shqin va og‘ir ifodasi bilan butun shaharni zabt etgan kecha tunda chizilgan rasm markazida so‘lg‘in yuz o'rin olgan. Go‘yoki hayot undan asta-sekin siqib chiqarilgandek. Lablar kirtaygan, ko‘z ostilari qorayib ketgan, o’zi esa so‘nggi umid nurini ham yutib yuborgan zulmat girdobida umidsiz porlamoqda. Qoshlarning o‘rnida qalin temir panjaralar – yuz bu yerda shunchaki portret emas, aksincha, zindonband etilgan bir mavjudotning ruhi, shaxsiyatining tahqirlangan soyasi. Yuzdagi jimjitlik go'yo qichqiriqqa aylanayotgandek – nafas oralig‘idagi faryod, sasga aylanolmayotgan hayqiriq ufurib turibdi. Ortida esa sarob kabi tebranayotgan noaniq siluetlar. Yuzsiz, og‘izsiz, shunchaki soyalar. Ular na mavjud, na yo‘q – jamiyatning yoddan chiqqan, yo‘qolgan, yoki ong ostiga ko‘mib tashlangan odamlarining g‘amgin akslariga o'xshab. Bu soyalarning shakli yo‘q, lekin harakati bor – ular xuddi tarqalib ketmoqchi bo‘lgandek, lekin allaqanday kuch bilan shu manzara ichida qolishga majburday. Jamiyatning ko‘r va kar nigohi ostida so‘nib borayotgan ozodlikning janozasiga shoshayotgandek ko'rinmoqda. Rasmning eng kulminatsion nuqtasi pastki qismida mujassam: devordan tirmashib chiqayotgan odam qo‘llari. Ba’zilar devorni g‘azab bilan changallab, sirpanib ketmaslik uchun so‘nggi kuchini sarflayapti, kimdir esa allaqachon umidsizlanib, barmoqlarini omonatgina yopishtirgan. Bu qo‘llar – sukut ichidagi faryodlarning so‘nggi umidi, devor esa – jamiyat yaratgan, eshitmaslik va ko‘rmaslik uchun qurilgan qattiq to‘siq. Bu to'siqdan qutulish mumkinmi? "Ovoz bor, lekin eshitilmaydi". Mazkur yozuv rasmning tagida, kichik o’lchamda, xira ko’rinishda yozilgan. Shunchaki jumlaga emas, balki da’vo, qo‘rquv va haqiqatning qorishtirilgan aksiga o'xshaydi? Kimning ovozi chiqyapti-yu, kimlar uni eshitmaydi? Balki bu jamiyatning ilg‘ash qiyin, e’tibor berish esa yanada mushkul bo'lgan shuur ostidagi hayqirig‘idir? Balki bundan buyon hech kim ularni eshitishni istamas? Balki bu ovozlar allaqachon sukunatning shovqini ichida erib ketgandir?

Mazkur rasm ijtimoiy tarmoqlarda mashxurlashdi, hamma muhokamaga tushib ketdi. Kimdir hayratlandi, kimdir faylasuflarcha rasmni sharhlashga, undan nimalardir izlashga tushib ketdi. Ayrimlar rasmga uzoq tikilib turishdi – kam sonli odamlar uni so‘zsiz tushunishdi. Ba'zi yaratiqlar esa norozilik bilan bosh chayqashdi: “Buning turgan-bitgani bema'nilik! Rasmlar qog'ozga chizilishi kerak, devorga emas. Axir, butun Respublikada atrof-muhitni iflos qilinishiga qarshi nechta kishi mehnat qilmoqda?!” Internetda esa bahslar tobora avj oldi. Bir qutbdagilar “Haqiqiy san’at namunasi! Nihoyat kimdir haqiqatni ko‘rsatdi!” deb rassomni alqagan bo'lishsa, boshqa qirg'oqdagilar esa (ularning kimligi tahminan ma'lum) tabiat, atrof-muhit himoyasiga kirishib, rasmni o'chirishni, rassomni jazolashni talab qilishdi. Hokimiyatga yuqoridan "bu rasm uzoq vaqt turmasligi lozimligi" to'g'risida maxsus topshiriq keldi. "O'chirib tashlansa, odamlar noroziligi paydo bo'ladi" vaj-korsoni ham inobatga olinmadi. "Odamlarning xotirasi qisqa, bir-ikki kun muhokama qilishadi, keyin yangi masala ko'tariladi, muhokama mavzusi almashadi, rasm odamlarning esidan chiqadi" deyildi. "Bugun kechga qadar yo‘qotilsin!" jumlasi bilan qisqa suhbatga yakun yasaldi. 

Lekin kech bo'lgandi. Rasm allaqachon internet bo‘ylab tarqalgan, minglab sahifalarda ulashilgan, elektron matbuotda rasmga atab maqolalar yozilgan, mashxur blogerlar rasmni sharhlab chiqqan videolari yuz minglab ko'rishlar soniga ega bo'lgandi. Endi uni bo‘yoq bilan o‘chirib bo‘lmasdi. Shunga qaramasdan topshiriqdan ikki soat o'tib, devorda asardan asar ham qolmadi. 

Tun shaharni erkalagancha o‘z bag‘riga tortayotganda devor yonida qo‘lidagi cho‘tkani ohista bo‘yoqqa botirgancha chizishda davom etardi. Bugun devorga bir daraxt tasvirini chizmoqda. Bu oddiy daraxt emas – shoxlari pastga qarab o‘syapti, ildizlari esa osmonga intilayotgandek. Shoxlardan tushayotgan ko'lankaga diqqat bilan qaralsa, odam siymosiga o‘xshab ketadi. “O‘smoqchi bo‘lganlar ildizga aylanadi” degan yozuv devorning burchagida turibdi. Berilib rasmni yakuniga yetkazayotgan ham edi-ki orqasidan mashina ovozi eshitildi. Faraning yorqin nurlari rasmga tushib, g‘alati ranglar hosil qildi. Mashina sekin to‘xtadi, ichkaridan ikki militsioner tushdi. Biri yosh, ikkinchisi yoshi kattaroq.

 — Internetda tarqalgan rasmni chizgan ham senmi? – dedi yoshrog‘i. 

— Ha, men. — Rasm chizishga ruxsating bormi? 

Cho‘tkasini yerga qo‘ydi va orqasiga tisarildi. Chuqur nafas oldi, so‘ng muloyim, lekin qat’iy ovozda javob berdi: 

— San’at uchun ruxsat kerakligini endi eshitishim? 

Yosh militsioner bir zumga jim qoldi, keyin qornini silab turgan ikkinchisi kulimsiradi. 

— Agar sen san’atkor bo‘lsang, qog'ozda chizishing kerak. Ustaxonada, bor ana, hiyobonda, rassomlar uchun mo'ljallangan hududda chizishing kerak. Ko‘chada emas. Chizganlaring muzeyda turishi kerak. Devorda emas. 

U nadomat bilan devorga qaradi, so‘ng yana ularga tikildi. 

— Muzey? Umringizda muzeyga borganmisiz? U yerda janglar bo'lgani, qo‘rqinchli hukmlar chiqarilgani, odamlar o'ldirilgani, butun boshli xalq qulga aylangantirilgani haqidagi ma'lumotlar, manbalar, ashyolar mavjud. Lekin bu kabi voqealar ayni zamonda ham faqat tarix kitobida qolib ketmagan, hozir ham sodir bo'lmoqda, hech kim bu voqealarni "ko'cha"dan olib tashlashga, barham berishga qodir bo'lolmayapti.

 — Bu boshqa masala. Sen esa... mavjud qonunlar bo'yicha noqonuniy ish qilayapsan.

 U jilmaydi. 

— Noqonuniylik – ayni holatda nisbiy tushuncha. Lekin adolat-chi? Adolat ham qonunga bog‘liqmi?

 Bu gaplar militsionerlarni chalg‘itib qo‘ydi. Ular bir-biriga qarashdi. Kattaroq militsioner yelka qisdi va dedi: 

— Sen san’at bilan emas, muammo bilan shug‘ullanyapsan. Biz bilan bo'limga borishingga to'g'ri keladi. Qo'rqma, senga og'ir jazo bermaymiz. Holatingni ko'rib turibmiz. Biz ham odammiz... 

Uni bo‘limga olib ketishdi. Qarshilik ko'rsatmasdan mashinaga chiqdi. Mashina oynasidan ko‘chalarga, devorlarga tikildi. Bu shahar, bu devorlar hali gapirishda davom etishiga ishonchi komil edi. Qaysi modda bilan ayblashga boshi qotgan militsionerlar, bir soatcha "olov bilan o'ynashmaslik, ota-onasi uchun ortiqcha muammo yaratmaslik" haqida ma'ruza o'qishdi. So'ng uyining eshigigacha mashinada kuzatib qo'yishdi. Uyga kirgisi kelmadi, shu sabab kecha rasm chizilgan joyga borishga ahd qildi. Yarim soatlik sayrdan so'ng qadrdon devor oldida to‘xtadi. Kechagi rasmdan biror bo'yoq qolmagan. Barcha ranglar kulrang bo‘yoq bilan o'chirib tashlangan. Juda xunuk manzara. Asta oldinga yurdi va barmog‘ini bo‘yog‘i allaqachon qurib ulgurgan devorga tekkizdi. Sovib, qotib qolibdi. Yuragini bosib turgan adolatsizlik haqida o‘yladi. Hayot va o‘lim to'g'risida mulohaza yuritdi. Uzoq iztirob va o'kinchdan so'ng ba’zi narsalar jonlanish uchun o‘lishi kerak degan to'xtamga keldi. U chizgan tasvirlarni bugun o‘ldirishdi. Unga qo'shib umidi ham, intilishlari ham jon berdi. Lekin biladiki, ular yana qayta tug‘iladi. San'at shunaqa narsa. 

Oradan vaqtlar o'tdi. Yillar davomida tunlarni ko'chalarda o'tkazdi, devorlar bilan suhbatlashdi, devorlarga suratlari bilan jon kiritdi, ertasi kunlari esa o‘chirib tashlangan izlarni tomosha qilib huzurlandi. Har safar yo‘qotilishga mahkum bo‘lgan asarlar yaratdi. Hokimiyat unga hech qanaqa jazo bera olmas, bunga qonun yo'l bermasdi. Qonunchilikka o'zgartirish kiritishga esa cho'chishdi, dunyo jamoatchiligi oldida "bir nogiron rassomga taslim bo'lgan hukumat" degan nomni olishdan qo'rqishdi. Unga qilingan nasihatlar ham kor qilmadi - u qulog'idan kirib, bunisidan chiqib ketaverdi. Eng to'g'ri yo'l - chizilgan rasmlarni o'chirish. Bunga rassom ham norozi emas, unga baribir. Bora-bora chizilgan rasmlarning o'chirilaverishi uning joniga tegdi. Hamma narsaning ham chegarasi bor. Bu safar shunchaki rasm emas, ovoz yaratishi kerak. Faqat bir kishining ovozi emas — butun jamiyatning otilib chiqmagan, tiqilib qolgan, ezilgan faryodini devorga bitishi zarur. Qayerga chizishini aniq biladi. Shaharning eng baland, eng katta devorlaridan biriga. Tozalash ham, yashirish ham oson bo‘lmaydigan joyga. Bu rasmni bir necha soat ichida butun shahar ko‘rishi kerak. Butun jamiyatni befarq qoldirmasligi kerak. Odamlarning yuragida tirnalgan izdek qoldiqlanishi kerak. Ammo bu baland devorga chiqish oson bo‘lmaydi, albatta. Ayniqsa, bir oyoqli odam uchun. Kechasi, shahar ko‘chalari sukunatga cho‘kkan paytda devor oldiga keldi. Nafasini rostlab, yuqoriga qaradi. Yuqori uzoq. Juda uzoq. To‘rt qavatli uy balandligidagi devor, juda haybatli. Tagida bir-ikkita qiyshaygan mix, pastroqda esa yarim siniq drenaj quvuri. Shu onda qanot chiqarsa-yu, bir urinish bilan tepaga chiqib olsa. Lekin u ortga chekinmaydi. Aravachadan turib, yerda yotgan tayoqni olib, hassa sifatida foydalanadigam bo'ldi. Tayoq bilan yerda turgan g‘isht bo‘lagiga tiralib, gavdasini oldinga tashladi. Bir qo‘li bilan devorga tirmashdi, biroq boshqa qo‘lidagi tayoq yerga tushib ketdi. Endi faqat ikki qo‘liga ishonishi kerak. Shu zahotiyoq og‘riq butun tanasiga tarqaldi. Yelkalaridagi zo‘riqish uni yerga tortayotganday tuyuldi. Tirsaklari titradi, shunga qaramay barmoqlarini teshik-teshik bo‘lib ketgan eski g‘ishtlar orasiga mahkam botirdi. Oyog‘ining birini devorga tirashga harakat qildi, lekin muvozanatini yo‘qotib, orqaga sirpanib ketdi. Ko‘kragi bilan devorga urilib, yerga yiqildi. Nafasi qisilib, ko'zi tinib ketdi. Biroz o'ziga kelgach, yana boshqatdan boshlashga qaror qildi. Bo‘shashgan barmoqlarini yerga tirab, sekin o‘rnidan turdi. Peshonasidan tomgan ter tuproqqa singdi. Hansirab nafas olsa-da, to'xtab qolmadi. Ko‘zlarida faqat bitta maqsad namoyon.

 Pastdan tepaga qarab, qanaqa tepaga chiqib olish rejasini tuzdi. Boya unutgan ekan - tepaga chiqishga urinibdi-yu, chizish anjomlarini olishni unutibdi. Mabodo chiqa olganida ham, ish pachava bo'lar ekan. Anjomlar solingan ryukzakni taqdi. Bu safar yanada qattiqroq tirmashdi. Harakatlari tartibliroq chiqdi. Nafas chiqarib, yelkasini devorga bosdi, sog‘lom oyog‘ini balandroq joyga tiradi, quloqlari ostida tomirlari urayotganini his qildi. Gavdasini tepaga ko'tarib, qo‘llari toliqqaniga qaramay harakatdan to'xtamadi. Tirsaklari yoriq devorga ishqalanib, tilindi, qon oqdi. Biroq endi unga og‘riq azob bermasdi. Yo’lning o'rtasiga kelganida butun vujudi toliqqanini sezdi. Nimjon tana o'z so'zini aytdi. To'g'ri, hozir taslim bo‘lsa, hech kim unga bir og‘iz ham ayblov bildirmaydi. Axir u shuncha harakat qildi. Lekin taslim bo‘lish bu yerga kelishining ma’nosini yo‘qotadi. Bu rasm yaratilishi kerak. Odamlar uni ko‘rishi kerak. Bu uning ovozi. Bu uning kurashi. Bu uning qasosi. Bundan tashqari, hozir taslim bo'lsa - pastga qulaydi. Buning oqibatlari qo'rqinchli - ikkinchi oyog'idan ham ayrilishi, omadi kelsa, osongina o'lim topishi mumkin. Xullas, ortga yo'l yo'q. Devorga tirmashgancha chuqur nafas oldi, bor kuchini yig'ib, tepaga ko'tarildi. Qo‘llari yana g‘ishtlarga yopishdi. Barmoqlari qonagan, tanasi qaqshagan. Manzilga picha masofa qolgach eski temir qoziqlardan birini ushladi. Qoziq sovuqda tarashadek qotib qolgan, bundan tashqari yopishqoq bo'lsa-da, bunga zarra e'tibor bermagan qahramonimiz unga tayanib, pastdagi yolg'iz oyog'ini devorga tiradi. Sonlarida kuch qolmagan esa-da, oxirgi kuchini yig'ib, tishlarini qattiq g'ijirlatib, yana bir bor olg'a siljidi va bir urinishda ko'zlangan manzilga yetib keldi. Butun gavdasi titrab, zo‘rg‘a nafas oldi. Bir necha soniya qimirlamay turdi. Uddaladi. Endi u yuqorida. Jismoniy imkoniyat cheklanganlik imkoniyatni cheklay olmadi. Endi, faqat rasm chizish qoldi. Bir oyoqda hassasiz 3-4 qadam bilan yo'rg'alab devor oldiga keldi. To‘xtadi. Bir qo'li bilan devorni ushladi. Mana shu qo'li bilan devorga tayanib, butun tanasini to rasm bitguncha ushlab turishi kerak. Xuddi faqat umid bilan shu paytgacha yashab kelganidek. Qorong‘uda devorning ulkan siluetini ko‘zlari bilan o‘lchadi, chamaladi. Ryukzakdan anjomlarini chiqardi. Qo‘lidagi cho‘tkani mahkam ushladi. Bo‘yoq idishining qopqog‘ini ochdi. Hayoti davomida bo‘yoqlar hech qachon bunchalik og‘ir ko‘ringan emasdi. - Nimani chizaman? - o‘yladi u. - Kimni? Butun mamlakatni zimdan boshqarayotgan o'sha afsonaviy ko'zoynakli kishinimi? Yoki hokimiyatni timsollagan ulkan, har narsani yutuvchi og‘iz? Yo‘q. Juda oddiy bo'lib qoladi. Bu muammoni shunchaki shaxslar bilan bog‘lab qo‘yish. Holbuki, muammo bitta odamda emas. Muammo butun jamiyatda. Sekin devorga qo‘l tekkizdi. Bu devor shunchalik katta, shunchalik haybatliki, go‘yo shahar yuragi ayni shu devorda joylashgandek. Bu yurakda esa nuqson bor. "Nogiron jamiyat". Yalt etib chiqqan fikrdan juda shodlandi, tanasidagi og'riqlarni ham, bir oyoqda tik turish mashaqqatini ham unutdi. Bo‘yoq idishiga cho‘tkasini botirdi va harakatga tushdi. Dastlab oyoqsiz odam tasviri paydo bo'ldi. Bu odam oldinga yurishni, tanlov imkoniyatlarini o'zida saqlab qolishni, orzu qilishni xohlaydi. Lekin oyoqlari yo‘qligi hammasiga to'siq qo'yadi. Uni shunday yaratilgan deb o‘ylash mumkin, lekin tug‘ilganida oyog'i butunligini ko'zidan payqash mumkin. Vaqt o‘tib, jamiyat oyoqlarini kesib tashlagan. Unga yo‘nalish chizib berishadi, chegaralar qo‘yishadi, tanlash imkoniyatini tortib olishadi. U yo‘qolib borayotganini his qiladi, lekin ichidagi isyon qo‘llarini osmonga cho‘zishga undamoqda. Qo'llarning tasviri yanada qiziqarli chiqdi. Ularning shaklida titroq bor. Shunchalik kuch bilan oldinga cho‘zilganki, suyaklari sinib ketgudek. Ular osmonga yetmoqchi, erkinlikni changallamoqchi, lekin shundoq bo‘y yetgudek joyda shaffof devor turibdi. Ko‘rinmas, lekin daxshatli. Va nihoyat yuzga yetib kelindi. Kulimsiragan yuz hammasini ifoda etib turibdi. Ko‘zlar ochiq, lekin porlash yo'qolgan. Og‘iz esa umuman mavjud emas. Tasvirni ko'rgan aqli zakiylar rassom nima demoqchi ekanligini yaqqol tushunadi.. Ertaga buni ko‘rgan odamlar bir zumga nafasini ichiga yutishini his qildi. Kimdir bu tasvirda o‘zini ko‘radi. Kimdir butun bir jamiyatni. Kimdir esa xuddi ko‘zguga qaragandek, o‘z shaxsiy qo‘rquvlarini anglab yetadi. Ishni yakunlar ekan, bo‘yoq qutisini bir chetga qo‘ydi va devorga birgina jumlani yozdi: “Oyoqsiz, lekin chopmoqchi.” Bo‘yoq bilan qoplangan barmoqlarini yuziga surtdi. Yaxshilab yuzini bo'yoq bilan shuvadi. So'ng juda og‘ir nafas oldi. Hali tongga ozgina bor edi. Tun bo'yi ishladi. Hech to‘xtamadi. Dam olish ham, titrab ketayotgan qo‘llarini dam oldirish ham esidan chiqdi. Go‘yo rasm ichida yashayotgandek. Qarshisida devor emas, oynaday aks beruvchi haqiqat turgandek. O‘zi yaratgan haqiqat. Tong yaqinlashganda, oxirgi cho‘tkasini devorga surtib, bir qadam orqaga chekindi. Devorga uzoq tikilib turdi. Ko‘z oldida bo‘yoqlardan emas, go‘yo ichki faryodidan yasalgan tasvir turibdi. Shunda u o‘zicha kulib qo‘ydi. — Bo‘yoqlar qurimasidan kelishadi. Qanchalik mashaqqat bilan tepaga chiqqan bo'lsa, shunchalik yengillik bilan pastga tushdi. Tepaga chiqquncha hamrohlik qilgan pastga tushib ketish hadigi bu safar u bilan emasdi. Tepadan tushib ketishdan ham, yiqilganidan so'ng o'lishdan yoki to'shakka mixlanib qolishdan ham qo'rqmadi. Ana shu botirlik uni ehtiyotsizlarcha g'isht yoriqlari orasiga tavakkal oyoq qo'yishga undadi, baxtiga har bir oyoq qo'yishi muvaffaqqiyatli amalga oshdi hamda eson-omon pastga tushib oldi. Tong allaqachon otgan bo'lsa-da, ko‘chalar hamon sokin, derazalar yopiq, odamlar endigina uyg‘onmoqda edi. Keyin esa... kutilmagan yangilik yashin tezligida butun shaharga tarqaldi. "Shaharning eng baland devorida yangi ishoraviy rasm paydo bo'ldi" Dastlab, devor ostiga bir-ikki odam keldi. Keyin o‘nlab. Keyin esa butun maydon odamlarga to‘ldi. Kimdir rasmni uzoq, hayrat bilan tomosha qildi. Kimdir ovoz chiqarib qichqirdi: "Bu bizmiz! Bu menman!" Yana kimdir suratga uzoq tikilib turdi-da, shunchaki ketdi. Ehtimol, bu surat unda qo‘rquv uyg‘otgandir. Yoki o‘zini ko‘rib, bardosh berishga yuragi betlamagandir. Lekin eng hayratlanarlisi... kimdir bu tasvirni ko‘rib yig‘ladi. Yig‘i ovozi atrofdagilarning ham ichidan yig'lashiga sabab bo'ldi. Ha yig'i shunaqa yuqumli narsa. U esa atrofga uzoqdan qarab lazzat olmoqda. Bir chetda, jonajon aravachasida, hech qanday shovqin-suron chiqarmasdan, hech kim bilan gaplashmasdan. Uning kutilmasi tahmin qilganidan ancha oldin sodir bo'ldi. Ortiqcha gap-so‘zsiz, ortiqcha tortishuvlarsiz maxsus guruh tuzilib, tezda maydonga yuborildi. Dastlab odamlarni tarqatib yuborishga to'g'ri keldi, bu ish hamirdan qil sug'urgandek oson bajarildi. Ishchilar bir necha daqiqa ichida rasmni kulrang bo'yoq bilan qoplashdi. Avval oyoq yo‘qoldi. Keyin qo‘llar. Keyin yuz. Nihoyat, hammasi o'chib ketdi. Devor yana yolg'iz qoldi. Devor yana jim qoldi. Ilgari oqlangan devorni kulrang bo'yoq bilan qoplangani devorning yuragi yulib ketilgandek ramziy ma'no berdi. Rasm o'chirilib, hamma o'z tashvishi bilan to'rt tomonga tarqalganida ham u o‘z o‘rnidan jilmadi. Ko'zini devordan uzmadi. Hech narsa demadi. Hech qanday norozilik bildirmadi. Hech qanday harakat qilmadi. Lekin ichida... nimadir yonardi. “Bularning bari qachon tugaydi?” — yana shu savol keldi xayoliga. Hech qachon tugamaydi. "Jamiyat nogiron". Odamlar harakat qilishni istaydi, lekin oyoqlari kesilgan. Odamlar baqirmoqchi, lekin og'izlari gumdon qilingan. Alam qilarlisi, og'iz o'rni bitib, tekis bo'lib ketgan - gapirish istagi ham, umidi ham yo'q. Tiklanmaydi. Odamlar najot kutib osmonga qo‘llarini cho‘zadi, lekin ularni hech kim ko'rmaydi, eshitmaydi. 

Ichida so‘nggi umid uchqunini saqlab qolishga harakat qildi. Umid nima degani o‘zi? Haqiqatdan ham unga ishonish kerakmi? Butun umr umid bilan yashadi. Bolaligida ham, oyog‘idan ayrilganida ham, tunda ilk rasm chizganida ham, militsiya uni bo‘limga olib ketganida ham — doimo umid u bilan hamroh edi. Ichida bir mayoq yoniq turar, yo‘l ko‘rsatardi. Lekin bu mayoq qachon uni najotga eltgan ekan? Hech qachon. Umid doimo yolg'onchi yupatuvchi vazifasini o'tagan. Ba’zan umidni ushlab yashash, suv ichishga umid qilib, cho‘lda adashib yurgan odamga o‘xshaydi. U doim o‘zini yaqin orada suv bor deb ishontiradi, oldinga intiladi, lekin ko‘z oldida aldovchi sarob paydo bo‘ladi. Nihoyat, madori qurib qumga qulab tushganida ichida so‘nggi savol paydo bo‘ladi: “Nahotki, umid meni aldagan bo‘lsa?". Bugun u shunday savol bilan devorga qarab turibdi. Bu tasvirni yaratishiga bosh sababchi umid edi. Jamiyatning yuragini silkitish, uyg‘otish edi. Lekin hozir bu yurak yana eski ritmiga qaytdi. Xuddi hech narsa bo‘lmagandek. Xuddi u hech qachon bu yerdan o‘tmagandek. Xuddi umuman hech kim hech narsa chizmagandek. Lekin umidni shunchaki yo‘q qilib bo‘ladimi? Ko‘zlarini yumdi. Tasavvur qildi: ertaga maydonga yana bir odam keladi. Bo‘yoq bilan qoplangan devorga tikilib turadi. Balki u bu joyda oldin qandaydir rasm bo‘lganini eshitgandir. Mashaqqatsiz, osongina tepaga chiqadi va devorga qalb nolalarini tushirishni boshlaydi. Bir necha soatdan so'ng o'chib ketishini tushungan holda. Shunda hammasini tushundi: umid hech qachon o‘lmaydi. Uni bo‘yash mumkin, ustidan qat-qat devor qurish mumkin, hatto yo‘qotib yuborish ham mumkin. Lekin u baribir qayta paydo bo‘ladi. Ba’zan, tunda, ba'zan samimiy suhbatdan so'ng, ba'zan oradan ma'lum muddat o'tib. Devorga rasmlar chizilishda davom etaveradi. Buni hech kim ta'qiqlay olmaydi. 

Internetda muhokamalar avjiga chiqdi. Rasm butun shahar bo‘ylab bahs mavzusiga aylandi. Lekin eng ko‘p muhokama qilingan narsa rasmning o‘zi emas, balki rassom edi. O'tgan safargi rasmi sabab bir muncha mashxurlikka erishgan, odamlarning e'tirofiga sabab bo'lgan rassomning bu safar boshi uzra qora bulutlar paydo bo'la boshladi. 

— Bu nogiron yigit bunday baland joyga chiqib, qanday chiqib rasm chizishi mumkin? — deb yozdi bir jamiyat muammolarini yorituvchi bloger. 

— Biron-bir professional rassom chizgan bo‘lsa kerak, — deb xulosa qildi yana bir taniqli sayt muharriri o'zining X sahifasida. 

— Qachongacha yolg'onchilarga aldanamiz, bu shunchaki diqqat tortish uchun o‘ylab topilgan afsona, — deb keskin hukm chiqardi uchinchi jamoatchilik faoli. 

Uning rasmni yolg'iz o'zi chizgani haqidagi da'volariga hech kim ishonmadi. Internet san’atni emas, san'atkorning jismoniy imkoniyatlarini muhokama qilishni afzal ko‘rdi. Go‘yo insonning qobiliyati qo‘llari va oyoqlari bilan o‘lchanadigandek. Shu payt o‘zini san’atning asl muallifi deb da’vo qilgan kishi paydo bo‘ldi. Yosh rassom, suratlari bilan unchalik mashhur bo‘lmagan, lekin shunday fursatni qo‘ldan chiqargisi kelmagan, Uning nomi bilan obro‘ orttirishga qaror qilgan bir muttaham. 

— Ha, men chizdim! — deb e’lon qildi u o'z sahifasida. — Hokimiyatdan qo‘rqqanim uchun bu haqida sukut saqlagandim, biroq meni qo'llaydigan odamlar ko'pligini ko'rib, haqiqatni oshkor qilishga qaror qildim — dedi yana. 

— Bu rasm jon-u jahonim, ruhiy iztirobim! — bong urdi tag'in.

 Odamlar uni qahramonga chiqara boshladi. Tarmoqlarda unga nisbatan hamdardlik kuchaydi. Obunachilari ko‘paydi, san’ati haqida maqolalar yozildi. Odamlar uni tabrikladi, ko‘pchilik uni qo‘llab-quvvatladi. Rasmning asl egasi dastlab insonning bu qadar qabihlikka borishiga ishonmadi. Keyin hayratlandi. Keyin esa g‘azab otiga mindi. "Turgan-bitgani bema'nilik! Bu mening asarim! Qo'llarim qonab ketgudek darajaga yetsa ham, tinka-madorim qolmasdan majolsiz yuqoriga ko'tarilgan esamda, butun tunimni bag'ishlab bu rasmni chizganman! Men! Men!" G'azab bilan raddiya yozmoqchi bo‘ldi. Haqiqatni tushuntirmoqchi bo‘ldi. Yozdi ham. Videomurojaat ham qildi. Lekin… hech kim uni eshitishni xohlamasdi. 

— Haliyam to‘xtamayapsanmi? — deb yozdi kimdir. 

— Aldagani boshqa yolg'on o'ylab top, bolakay, — dedi yana biri. 

— Haqiqiy rassomni tan olganingiz durust bo'lardi! — deb izoh yozdi boyagi muttaham biror tuki qilt etmasdan.

 Ilk bor rasm chizganidan afsuslandi. Ilk bor shu paytgacha qilganlarining foydasizligini tushundi. "Jamiyat mening qayg‘urishimga munosib emas" degan xulosaga keldi. O'sha kundan boshlab xonasida muk tushib o‘tiradigan bo'ldi. Xona devorlariga tikilmasdan. Har doim devorlar bilan suhbatlashgan bo‘lsa-da, endi devorlardan arazlagandi. Ularni ko'rishga ko'zi yo'q edi. Uyidan chiqishni yig‘ishtirib qo'ydi. Tun o'z ahamiyatini yo'qotdi. Ota-onasining havotirli savollari ham, sinovchan nigohlari ham, umidbaxsh tasallilari ham unda o'zgarish keltirib chiqarmadi. San’atining yo‘q bo‘lishiga ko‘nikishi mumkin edi. Ammo haqiqatning yo‘q bo‘lishiga ko‘nika olmadi. Oradan kunlar o‘tdi. Keyin haftalar. Biror marta ham tun qorong‘usida tashqariga chiqmadi. Qo‘llarini bo‘yoqqa tekkizmadi. Rasm chizish endi unga hech narsani anglatmasdi. Hech qachon rasm chizmaslikka qaror qilgan edi. Bu qarorni shunchaki qabul qilgani yo‘q — uni o‘ziga majburan singdirdi. Endi bo‘yoqlarga, devorlarga, hatto qo‘llariga ham qarashni istamaydi. Rassom bo‘lishni unutish kerak, san’atdan voz kechish kerak, degan fikrni o‘ziga o‘rgatdi. Borib-borib, tunda emas, kunduzlari ko'chaga chiqishni odat qildi. Kunlarini boshqacha o‘tkaza boshladi. Ko‘chalarda ma’nosiz tentiraydi, maqsadsiz turli burchaklarda tentiraydi. Shaharni ilk bor ko‘rayotgandek, har bir burchagini qayta kashf qiladi. Bularning hech biri unga chinakam huzur bermaydi. Huzur berishi shart emas ham. Insonning hafsalasi pir bo'lsa, shunaqa hissiz bo'lib qoladi, hech nima uni quvontirmaydi, hech nima uni yig'latmaydi, hech nima uni hayratlantirmaydi, hech nima uni o'ylashga majbur qilmaydi. Kunlari sokin, ortiqcha hayajonsiz o‘tadi. Yo‘l chetida eski aravachasida o‘tirib, odamlarni kuzatadi. Odamlar esa uni sezmaydi ham. 

Bir kuni negadir tunda ko'chaga chiqishga qaror qildi. Bunga qanday o'zini ko'ndirdi, bunga qanday rozi bo'ldi, bizga qorong'u. Balki ichida davom etgan uzoq kurashlardan so'ng eski hislar g'olib kelib, hissizlik o'rnini yana umid egallagandir? Ma’nosiz tentirab yurib borar ekan, bir devor oldida to'xtab qoldi. To'xtadi-yu, nafasi ichida qotib qoldi. Devorning chang bosgan, ko‘zdan pana joyida nimadir chizilgan edi. Oddiy bo‘yoq bilan, ehtimol, shoshilinchda, ehtimol, qo‘rquv bilan. Rasm o'ta jo'n va soeea. Mukammal emas, ranglari ham tartibsiz. Bir muddat tikilishdan so'ng anglab yetdi: bu o'zining rasmi. "Nogiron jamiyat". Rasm allaqachon kun tartibidan tushib qolgan, boshqa bunaqa rasmlar chizilmagani uchun, anavi muttahamning quyoshi ham sekin-asta botib borayotgan edi. Odamlar o'z tashvishlari bilan band, faqatgina ko'zoynakli kishi tomonidan ertalab tasdiqlanadigan ro'yxat asosida sizdiriladigan xabarlarnigina muhomama qilishayotgan edi. Bu yerda esa kimdir rasmni eslab, qaytadan chizishga harakat qilmoqda. Harakat qilmagan, chizgan. Rasmga uzoq tikilib qoldi. Yutindi. Ichida nimadir g‘alati titradi. Bu his nimaga o‘xshaydi? Qayg‘umi? Yoki hayrat? Yoki shunchaki yo‘qotilgan narsa qayta topilganini ko‘rib, odamda uyg‘onadigan g‘alati tuyg‘umi? Kim chizdi ekan buni? Kimdir uning san’atini unutmabdi. Kimdir devorlarda hali ham ovoz borligiga ishonadi. Demak hali umid bor. Eski mulohazalarini esladi: san’atni yo‘qotib bo‘lmaydi. Uni yo‘q qilish mumkin emas. San'at odamlar ichida yashaydi. Odamning qo‘lini bog‘lash mumkin, lekin fikrini bog‘lab bo'lmaydi. 

— Ular siz chizgan rasmni o‘chirishdi, — dedi bola xotirjam ovozda. — Men esa qaytadan chizdim.

 - Rasmni men chizgan deb o'ylaysanmi? Axir asl egasi boshqa ekanligi haqida gap-so'zlar chiqdi-ku!? - Bu rasmni u chiza olmaydi ikki dunyoda ham. Siz chizganingizni yaxshi bilaman. Sizdan boshqasi bunaqa rasm chiza olmaydi. Aqli yetmaydi. 

Bola buni shunchaki gapirgani yo‘q. Uning ovozida oddiy bir bayonot emas, qat’iylik, ishonch bor. Bu so‘zlarni hayajondan yiroq ohangda aytdi. Xuddi quyosh chiqqani yoki yomg‘ir yog‘gani haqida gapirayotgandek. Bu tarafdan javob berilmadi. Nima ham deyilishi mumkin? U bolaga uzoq tikilib qoldi. Ko‘zlarida nimadir bor. G‘urur, ishonch, qayg‘u, hayrat va eng muhimi, umid. 

— Sen qayerdan bilasan? — so‘radi nihoyat. 

— Bilaman-da — dedi bola. — Bu rasm haqiqiy san'at asari, chakana narsa emas. Tushungan tushunadi. 

Bolaga yana razm soldi. Bola hali yosh. Balki o‘n ikki yoshda, balki undan ham kichik. Lekin uning nigohida kattalarga xos bir qat’iyat bor. 

— Nega aynan o'sha rasmni chizding? — so‘radi. 

Bola yelkasini qisdi.

 — Chunki bu rasm qayta-qayta chizilishi kerak deb o'yladim. Mabodo o'chirishsa ham, yana chizgan bo'lardim. Siz rasm chizishni bas qildingiz, sizning ishingizni kimdir davom ettirishi kerak-ku! Keling, men chizgan rasm oldidan bir surat chizing. Shunday surat bo'lsin-ki, tong otmasdanoq o'chirilish to'g'risida buyruq hokimiyat binosini zir titratsin. 

Bir necha daqiqa sukut saqlandi. So‘ng bir qo‘lini oldinga cho‘zdi. Bola unga bo‘yoqlarni tutdi. Devorga yaqinlashdi. Bo‘yoqlar hamon iliq. Go‘yo ularni kimdir hozirgina qizdirib bergandek. Birinchi chiziq tortildi. Yuragi tez urayotganini his qildi. Yelkalari biroz titradi. Bo‘yoq devorga singar ekan, o‘zining avvalgi qo‘rquvini his qildi. Bu qo‘rquv uni uzoq vaqt tark etmagani sabab qaytib kelishini sira istamagan edi. Qo'rquv taslim qilingach, ikkinchi chiziqqa navbat yetdi. Qo‘llari bo‘yoqlarga botgan, ko‘kragi asta ko‘tarilib-tushmoqda. Ichida g‘alati his: xuddi yo‘qotgan narsasini qayta topib, o‘sha yo‘qotish og‘rig‘ini unutayotgandek. 

— Yana o‘chirishsa-chi? — so‘radi bola. 

— O‘chirishsa, yana chizamiz.

Ahror Sharif

Report Page