Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

bmtu_press
Mir Alisher Navoiy

Ulugʻ oʻzbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Xuroson mulkining markazi — Hirotda tugʻilib, shu yerda umrining asosiy qismini oʻtkazgan. Navoiyning otasi Gʻiyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin boʻlgan. Sheʼr zavqi va isteʼdodi erta uygʻongan Alisher etti yoshidayoq Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr" asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan. Mavlono Lutfiy yosh shoir isteʼdodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy eʼtirofini qozongan.

Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan taʼlim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Navoiy 1469-yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan chiqib ketishga majbur boʻlgan.

Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga oʻtirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga 'muqarrabi hazrati sultoniyʼ ("sulton hazratlarining eng yaqin kishisi") degan unvonni beradi. Unga koʻra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.

Navoiy ijodi ixlosmandlari uning sheʼrlarini yigʻib, 'Ilk devonʼ (1464-65) tuzgan edilar, soʻngra "Badoyiul-bidoya" ("Goʻzallikning boshlanishi"), "Navodirun-nihoya" ("Nodirliklar nihoyasi") nomli devonlar (1470-yillar) tartib berilgan. Lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq "Xazoyinul-maoniy" nomli toʻrt devon (1491-1498)ga jamlangan. Alisher Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi "Xamsa" asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq "Xamsa" yaratdi va turkiy tilda shunday koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. "Xamsa" tarkibiga "Hayrat ul-Abror", "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Sabʼai sayyor", "Saddi Iskandariy" kabi dostonlar kiradi. Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan boʻlsa-da, maxsus "Lisonut-tayr" dostoni(1499)da, "Nasoyimul-muhabbat manqabasi"(1495-96)da, "Tarixi anbiyo va hukamo"(1485-8), "Arbain", "Munojot" singari asarlarida aks etgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Navoiy asarlarini diniy va soʻfiylik jihatidan oʻrganish kengaydi, ular obʼektiv va ilmiy bahosini olmoqda. "Arbain", "Munojot" kabi asarlari chop etildi.

Navoiy merosining salmoqli qismi nasriy asarlardan iborat. Ular ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy va ilmiy-falsafiy yoʻnalishdadir. "Mahbubul-qulub'(1500-01) Navoiyning soʻnggi yirik asari boʻlib, unda ulugʻ mutafakkir adibning hayoti davomidagi kuzatishlari, toʻplagan boy tajribasi oʻz yuqori darajasida aksini topgan. Uch qismdan iborat bu asarda "Soriun-nosning afʼol va ahvolining kayfiyati" (1), "Axloqiy muammolar" (2), "Mutafarriqa favoyid va amsol surati" (3) masalalari ifodalangan.

"Xamsatul-mutahayyirin"("Besh hayrat",1494) asarida ustozi va doʻsti Abdurahmon Jomiy, uning hayoti lavhalari, tariqati, yozishmalari, asarlari haqida hayratomuz hikoyalar keltiriladi. "Holoti Sayyid Hasan Ardasher" (1488-89), "Holoti Rahlavon Muhammad" (1493) asarlari manoqib-holot yoʻnalishida boʻlib, ularda shoirga ustozlik qilgan buyuk shaxslar hayoti, faoliyati yoritilgan. "Munshaot" (1498-99) Navoiyning maktublari toʻplami (jami 88 ta xat) boʻlib, ular sogʻinchlik xatlari, navroʻz tabriklari, taʼziyanomalar, siyosiy oʻgitlar, sulhnomalar va boshqa yoʻnalishlardadir. Ular Husayn Boyqaro, Badiuzzamon va boshqa tarixiy shaxslarga bitilgan. "Majolisun-nafois" (1490-91; 1497-98) tazkirasi turk tilidagi yozilgan dastlabki tazkira boʻlib, unda shoir sakkiz majlis doirasida 459 shoir va adib haqida maʼlumot bergan. Birinchi va ikkinchi majlisda tazkira tartib berilganda hayot boʻlmagan shoirlar, uchinchi majlisda shoirning zamondoshlari, toʻrtinchi majlisda beshinchi majlisda Xuroson, oltinchisida Movaraunnahr, Kichik Osiyo va Eron, yettinchi va tiliga tarjima qilingan.

Navoiy "Muhokamatul-lugʻatayn" asarini oʻz zamonidagi turkiy lahjalar, ziyolilar nutqi, badiiy va ilmiy asarlarning leksik-grammatik xususiyatlarini forsiy til xususitlari bilan qiyoslashga bagʻishladi. Jonli xalq tilida qoʻllanilgan koʻplab soʻzlarni asarga kiritib, adabiy tilda qoʻllanilishiga sababchi boʻldi. Oʻzigacha ishlatilgan soʻzlarni yangi maʼno qatlamlarini ochdi. Oʻzbek tili grammatikasini Mahmud Koshgʻariydan soʻng ilmiy asosga soldi. Oʻzbek tilining badiiy va estetik imkoniyatlari kengayishiga sababchi boʻldi. Fors va turk tillarida yaratilgan eng yirik va eʼtiborli asarlarga murojaat qildi, shoir va olimlarni til istiqloli uchun kurashga chorladi. Aruz nazariyasiga bagʻishlangan "Mezonul-avzon"(1492) asarida arab va fors aruzi qoidalarini turkiy tilda aniq va ravon tushuntirdi. Turk yozma va ogʻzaki sheʼriyati namunalarining vazn xususiyatlarini oʻrgandi. Turkiy aruz tabiatini yoritish bilan birga turk sheʼriyati murakkab aruz tizimini boyitganini anglatdi.

"Tarixi muluki Ajam" ("Ajam shohlari tarixi",1488) qisqa tarix boʻlib, Eron shohlari xronikasi bayon qilingan "Tarixi Tabariy", "Shohnoma" asarlarini mantiqan toʻldiradi, ulardagi faktlarni izchil ilmiy tizimga soladi. Afsonaviy shoh Kayumarsdan sosoniylarning soʻnggi vakili Yazdi Shahriyorgacha boʻl-gan shohlar tarixini, mifologik talqinini beradi. "Tarixi anbiyo va hukamo" ("Paygʻambarlar va hakimlar tarixi", 1485-1498) asarining birinchi boʻlimida Qissasul-anbiyoʻlar anʼanalarini davom ettirib, Odam alayhis-salomdan Nuh, Iso, Muso, Yaʼqub, Sulaymon, Yusuf, Dovud kabi paygʻambarlar tarixiga oid qissalar keltiradi. Navoiy Luqmoni hakimga ham anbiyolar qatoridan joy beradi. Asarning "Hukamo zikrida" deb nomlangan ikkinchi boʻlimida insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan donishmand hakimlar Fishogʻurs, Jomosp, Buqrot, Suqrot, Aflotun, Arastu, Bolinos, Jolinus, Batlimus, Buzurgmehr haqida ibratli hikoyalar keltiradi, ularning donishmandligi, ilmiy kashfiyotlari siri qisqa satrlarda talqin qilinadi.

"Vaqfiya" (1481) asarida vaqf yerlari, mulklari, ularning miqdori, ulardan foydalanish, vaqf mulki va mablagʻi evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yoʻnalishda madrasa va xonaqohlarda oʻrnatilgan tartiblar haqida fikr yuritdi. Navoiy oʻz ixtiyoridagi mablagʻlar hisobiga qurilgan xayriya muassasalari, ilmiy-madaniy binolar va bogʻlarni sanab oʻtdi. Asar Navoiy va Husayn Boyqaro munosabatlarini oʻrganish uchun ham muhim hujjatli manbadir.

Navoiy dahosi tufayli insoniyat tarixida dunyoning turli joylarida yashayotgan turkiy xalqlar yakqalam qilindi, millat maʼnaviy merosi umumjahon xazinasidan mustahkam oʻrin oldi. Mustaqil Oʻzbekistonda Navoiyni anglash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Respublikadagi eng yirik viloyatlardan biri va uning markazi, Oʻzbekiston Davlat mukofoti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti, opera va balet akademik teatri, Oʻzbekiston Davlat kutubxonasi, Samarqand Davlat universiteti va boshqa yuzlab madaniy-maʼrifiy muassasalar, jamoa xoʻjaliklari ulugʻ shoir nomi bilan ataladi. 2016-yili Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ochilgan.

  • Alisher Navoiy. Asarlar. 1-4 jildlar, -T.: 1963-1968;
  • Alisher Navoiy. Xazoyinul-maoniy. -T.: 1959-60;
  • Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami (20 jildlik), 1-6 jildlar. -T.: 1987-1992;
  • Alisher Navoiy. Asarlar. 6-10 jildlar, -T.: 1963-1968.
  • Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami (20 jildlik), 7-12 jildlar, Toshkent, 1991-1996;
  • Alisher Navoiy. Xamsa (Nashrga tayyorl. R.Shamsiev). -T.: 1960;
  • Alisher Navoiy. Farhod va Shirin (nashrga tayyorl., nasriy bayon muallifi Gʻafur Gʻulom). — T.: 1956;
  • Alisher Navoiy. Hayratul-abror. Ilmiy-tanqidiy tekst (nashr. P.Shamsiev). -T.: 1970;
  • Alisher Navoiy. Lisonut-tayr (nasriy bayon muallifi: Sh.Sharirov). — T.: 1984;
  • Alisher Navoiy. Lisonut-tayr. — T.: 1991;
  • Alisher Navoiy. Nasoyimul-muhabbat. MAT. 17-jild. -T.: Fan, 2001;
  • Alisher Navoiy. Munojot (nashrga tayyorl. S.Gʻanieva). — T.: Sharq, 1991;
  • Alisher Navoiy. Mahbubul-qulub. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Xamsatul-mutahayyirin. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Holoti Sayyid Hasan Ardasher. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Holoti Pahlavon Muhammad. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.;1967;
  • Alisher Navoiy. Munshaot. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. — T.:1967
  • Alisher Navoiy. Majolisun-nafois. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.12. -T.: 1966;
  • Alisher Navoiy. Muhokamatul-lugʻatayn. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.:1967;
  • Alisher Navoiy. Mezonul-avzon. Asarlar. Oʻn besh tomlik T.14. — T.:1967;
  • Alisher Navoiy. Tarixi muluki Ajam. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.14. — T.:1967;
  • Alisher Navoiy. Tarixi anbiyo va hukamo. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.15. — T.:1968;
  • Alisher Navoiy. Vaqfiya. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.13. -T.: 1967;
  • Alisher Navoiy. Devoni Foniy. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.5. 1-2 kitob. — T.:1966;
  • Alisher Navoiy. Mufradot. Asarlar. Oʻn besh tomlik. T.15.- T.:1968;

Xilʼatin to aylamish…

Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil,

Shuʼlayi ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.


Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin

Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorigʻ, yashil.


Shishadek koʻnglumdadur gulzori husnung yodidin,

Tobdonning aksidek alvon qizil, sorigʻ, yashil.


Orazu xoling bila xatting xayolidin erur

Koʻzlarimning ollida davron qizil, sorigʻ, yashil.


Laʼlgun may tutqil oltun jom birla sabzada

Kim, bulardin yaxshi yoʻq imkon qizil, sorigʻ, yashil.


Faqr aro berangliq dushvor erur behad, valek

Xirqada tikmak erur oson qizil, sorigʻ, yashil.


Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,

Boʻldi naming rangidin devon qizil, sorigʻ, yashil.

Jongʻa chun derman…

Jongʻa chun dermen: „Ne erdi oʻlmakim kayfiyati?“

Derki: „Bois boʻldi jism ichra marazning shiddati“.


Jismdin soʻrsamki: „Bu zaʼfinggʻa ne erdi sabab?“

Der: „Anga boʻldi sabab oʻtluq bagʻirning hirqati“.


Chun bagʻirdin soʻrdum, aytur: „Andin oʻt tushti manga

Kim, koʻngulga shuʼla soldi ishq barqi ofati“.


Koʻngluma qilsam gʻazab, ayturki: „Koʻzdindur gunah,

Koʻrmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati“.


Koʻzga chun dermenki: „Ey, tardomani yuzi qaro,

Sendin oʻlmish telba koʻnglumning baloyu vahshati“.


Yigʻlab aytur koʻzki: „Yoʻq erdi manga ham ixtiyor

Ki, koʻrundi nogahon ul shoʻxi mahvash talʼati“.


Ey Navoiy, barcha oʻz uzrin dedi, oʻlguncha kuy

Kim, sanga ishq oʻti-oʻq ermish azalning qismati.


Koʻrgali husnungni zoru…

Koʻrgali husnungni zoru mubtalo boʻldim sanga,

Ne baloligʻ kun edikim, oshno boʻldum sanga.


Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin koʻngil,

Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo boʻldum sanga.


Men qachon dedim: vafo qilgʻil manga — zulm aylading,

Sen qachon deding: fido boʻlgʻil manga — boʻldum sanga.


Ey koʻngil, tarki nasihat ayladim avvora boʻl,

Yuz balo yetmaski, men ham bir balo boʻldum sanga.


Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,

Soqiyo, to tarki joh aylab gado boʻldum sanga.


Gʻussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,

To Navoiydek asiru benavo boʻldum sanga.


Kelmadi

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,

Koʻzlarimga kecha tong otguncha uyqu kelmadii.


Lahza-lahza chiqdimu, chekdim yoʻlida intizor,

Keldi jon ogʻzimgʻavu ul shoʻxi badhoʻ kelmadi.


Ul parivash hajridinkim yigʻladim devanavor,

Kimsa bormukim anga koʻrgannda kulgu kelmadi.


Tolibi sodiq topilmas yoʻqsakim qoʻydi qadam

Yoʻlgʻakim avval qadam maʼshuqqa oʻtru kelmadi.


Ey Navoiy, boda birla hurram et koʻngul uyin,

Ne uchunkim boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi.



Ruboiylar

* * *

* * *

Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,

El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish.

Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,

Bulbulgʻa tikondek oshyon boʻlmas emish.

* * *

Zohid, senga — hur, manga — jonona kerak,

Jannat — sanga boʻlsun, manga — mayxona kerak.

Mayxona aro soqiyu paymona kerak,

Paymona necha boʻlsa toʻla, yona kerak.

* * *

Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,

Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.

Har neniki sevmak ondin ortuq boʻlmas,

Ondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.

* * *

Kim koʻrdi ekin jahonda oyo xushluq,

To bir kishi aylagay tamanno xushluq.

Yuz yilda agar bir oʻlsa paydo xushluq,

Omodadur yonida yuz noxushluq.

Report Page