YUSUFBEK HOJINING MARTABASI

YUSUFBEK HOJINING MARTABASI


Badiiy asar mukammal bo‘lsa, unda boqiy so‘z egasining pokiza tuyg‘ulari samimiy tarannum etilsa, nafosatga tashna ilm-ma’rifat ahli har vaqt bunday asarga qayta-qayta murojaat qilaveradi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani shunday – doimiy murojaatga munosib durdona asardir.

Bir asrdan beri qodiriyshunoslar bu roman haqida juda qimmatli adabiy talqinlar va maqolalar yozishdi. Bir tomondan qaraganda, roman hajmidan bir necha bor ko‘p ilmiy talqinlarda go‘yo hamma mulohaza aytilgandek ko‘rinadi. Biroq “O‘tkan kunlar”ning hayotiyligi, badiiy jozibasi romanni nafaqat yillar va asrlar sinovidan, balki turli noo‘rin tanqidlar suronidan ham eson-omon olib chiqaveradi. Bu jihatdan romandagi obrazlar juda muhim sanaladi.

“O‘tkan kunlar” romanidagi Yusufbek hoji aynan hojiligi e’tibori bilan yuksak martabaga ega qahramondir. U maishiy va ijtimoiy jihatdan aql-zakovati, fahm-farosati, go‘zal odobi, muomala-munosabati, qo‘yingki, barcha fazilatlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu siymo tal’atidan taralgan yog‘du butun romanga oydinlik bag‘ishlaydi.

Hojilik sifati Yusufbek ibn Musobek­ning din arkonlarini to‘kis ado etguvchi halol-pokiza bir inson ekanini anglatadi. U umrining shomi yaqinligini, hisob-kitob fursati kelishini yurak-­yurakdan his qiladi. Shu bois Yusufbek hojining farzandi haqidagi o‘yida: “Parvardigor, keksaygan kunlarimda dog‘ini ko‘rsatma”, degan munojotlari o‘ta tabiiy eshitiladi. Shuningdek, soliq yig‘ish masalasida egniga kimxob chopon yopilgan hoji xalqqa qilinayotgan jabr-zulmni ko‘rib, qonxo‘rlik va zulmga rozi emasligini: “Men qonxo‘rlik uchun Xudoning farz qilg‘an hajini ado qilmadim: oldimda o‘g‘lim bor, menda boshqalarning o‘g‘lini darraga yotqizish chog‘ida ko‘ndalang keladigan vijdon bor, din bor, diyonat bor”, deya bayon qiladi. Komil inson qiyofasidagi bu qahramon xalqqa ham, o‘z e’tiqodiga ham xiyonat etishni istamaydi. Zero, “...xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonlik yoki bo‘lmag‘ur bir kengash eshit­magan”. Dushmanlar ham ­uning aynan mansab borasida “nihoyatda tamasiz”, “xalq manfaatini kuzatkuvchi bir odam ekani”ni e’tirof etadi.

Romanning birinchi bo‘limida bu shaxs ijtimoiy faoliyatdagi inson qiyofasida berilsa, ikkinchi bo‘limda oila ichida tas­virlanadi, uchinchi bo‘limda esa shu ikki muhit uyg‘unligida harakat qilgani kuzatiladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, romanda u qatnashgan sahnalar ko‘p emas. Ammo Yusufbek siymosining ma’naviy quvvati romandagi boshqa qahramonlarni o‘z aurasi(qabati)ga tortadi. Hoji qatnashmagan sahnalarda ham uning o‘tkir nigohi seziladi: voqelikda rostlik hukmronlik qiladi. Bu qahramonning salobati bor: oz gapiradi, ko‘p eshitadi, kam kuladi, ko‘ngilchan – musibatdan ko‘zi yoshlanadi.

“Yusufbek hojining qiziq bir tabiati bor: xotini bilangina emas, umuman, uy ichisi bilan har qanday masala ustida bo‘lsa-bo‘lsin uzoq so‘zlashib o‘tirmaydir... Hoji bir necha vaqt so‘zlaguchini o‘z og‘ziga tikiltirib o‘lturg‘andan so‘ng, agar ma’qul tushsa “xo‘b” deydir, gapga tushunmagan bo‘lsa “xo‘sh” deydir, noma’qul bo‘lsa “durust emas” deydir va juda ham o‘ziga noma’qul gap bo‘lsa bir iljayish bilan kifoyalanib, mundan bosh­qa so‘z ayt­maydir va aytsa ham uch-to‘rt kalimadan nariga oshmaydir.” Ikkinchi bo‘limning “Ota-ona orzusi” faslida romannavis hoji tabiatiga xos ana shunday individual chizgilar bilan qahramon salobatini orttiradi.

Yusufbek hoji – yirik shaxs. U o‘zaro mahalliy ziddiyatlarning zararini yaxshi biladi, qipchoqni qirishni qoralaydi, aksincha, ularni “chin yovg‘a beriladigan kuch” sifatida ittifoqchi sanaydi. Noo‘rin isyonga otlanayotgan olomonga qarata: “...Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘ris bizga to‘p o‘qlaydir. Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsangiz, men boshqa yovni har zamon o‘z yaqinimga yetgan ko‘raman”, degan so‘zlarni aytadi. Biroq hojining istagiga qarshi, qirg‘in ro‘y beradi. Ustiga ustak, Otabek ham otasining bu ishda qo‘li borligidan shubhalanib, hojining ko‘ngliga ozor yetkazadi. Yusufbek hoji­ning o‘zini oqlab masalaning tub mohiyatini tushuntirgandan so‘ng ayt­gan quyidagi gapi bu shaxsning chindan ham ulug‘ligini yaqqol ko‘rsatadi. “Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchligi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qila olmadim. Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaatini o‘ylab, shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb ichkan mansabparast, dunyo­parast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi... O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a tutqin qilib topshirg‘uvchi – biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a Xudoning la’nati, albatta, tushar, o‘g‘lim! Bobolar­ning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishg‘a hozirlang‘an biz itlar Yaratg‘uvchining qahriga, albatta, yo‘liqarmiz! Temur ko‘ragon kabi dohiylar­ning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’-u namo qilg‘onlari bir o‘lkani halokat chuquriga qarab sudraguv­chi, albatta, Tangrining qahriga sazovordir, o‘g‘lim! Gunoh­siz bechoralarni bo‘g‘izlab, bolalarni yetim, xonalarini vayron qilguvchi zolimlar qurtlar va qushlar, yerdan o‘sib chiqg‘an giyohlar qarg‘ishiga nishonadir, o‘g‘lim!..”

Ota va o‘g‘il suhbati jarayonida aytilgan bu gaplar katta ijtimoiy mohiyatga ega. Hojining bu masalalarda o‘z qarashi, o‘z gapi bor. Shuning uchun uning gaplari Otabekni “uyalg‘annamo yerga” qarashga majbur etadi. Yoki boshqa epizodlarda aynan Yusufbek hojining adl nazari ba’zan O‘zbek oyimni gangitsa, ba’zan “nur ichi­ga cho‘milgandek bo‘lib ko‘ringan siymosi”, “oyim deb xitob” qilishlari, “beozor va muassir so‘zi” Kumushning “qayin otamni o‘z dadamdan ham yaxshi ko‘raman”, degan xolis e’tirofiga sabab bo‘ladi.

Yozuvchi tasvirlagan bir majlis-ziyofatda Yusufbek hoji Yunus Muhammad oxund Rasululloh (sallallohu alayhi vassalam)ning “Iza vasadal amru ila g‘ayri ahlihi fantazir as-soata” (ya’ni, agar bir qavmning ishi noahl odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil), degan hadisni eshitib: “Voy bo‘lsin biz badbaxtlar holig‘a”, dey­di. “Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni janobi Haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘on sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, Haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lg‘onim uchun bir kinoyadir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib to‘sha’i oxirat tadorikini qilmog‘im uchun g‘animat ko‘rinadir”. Bu tarzda o‘zini o‘zi tergash, ruhiy muloqot – ibodatlardan qoniqmaslik, o‘ziga malomat qilish, hayotiy tajriba va hikmatlardan to‘g‘ri xulosalar chiqarish – faqat Yusufbek hoji tabiatigagina xosdir. Zotan, u butun inson, ma’rifati, ma’naviyati yuksak shaxsdir.

Shu o‘rinda muhim bir fikrni aytib o‘tish o‘rinlidir. Yozuvchi Yusufbek hoji rutbasini muayyan poetik ishoralar, ramzlar vositasida baland maqomga ko‘taradi. Uni bir o‘rinda chin dildan Qur’on va “Daloyil” mutolaasiga berilgan kishi sifatida tasvirlaydi. Romanning boshqa bir sahifasida hoji Kumushning ko‘zi yorishi arafasida ham “xursand va xafaligi noma’lum” bir qiyofada “Daloyil” o‘qib o‘tiradi. Bugungi ma’rifatli o‘quvchiga Qur’oni karimning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berishga hojat yo‘q. Biroq Abdulla Qodiriy asarlarida tez-tez tilga olinadigan “Daloyil” xususida esa ikki og‘iz so‘z aytish joiz.

Asrimiz avvalida Qozon matbaaxona­larida bosilgan va yurtimiz ziyolilari orasida mashhur bo‘lgan “Daloyil ul-xayrot” muallifi Muhammad ibn Sulaymon Jazuliy ismli kishidir. Kitob yozilishining qiziq bir tarixi va uni o‘qish sharti hamda odoblari bor. Birinchidan, komil bir mashoyixdan izn lozim. Ikkinchidan, uni o‘qiydigan kishi yeyish-ichish, savdo-sotiq kabi amallarda haromdan hazar etishi shart. Uchinchidan, o‘zi ham, kiyim-kechagi ham pok bo‘lib, uni o‘qishda xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak. To‘rtinchidan, tajvid (to‘g‘ri talaffuz) qoidalariga amal etsin hamda o‘qilayotgan duo va tasbehlarning ma’nosini imkoni boricha bilsin... Tasavvurimizcha, shu kabi barcha talablarga Yusufbek hoji komil bir inson sifatida to‘la-to‘kis amal qilgan, albatta. Aks holda, duolar, tasbeh va salovatlardan tarkib topgan “Daloyil”ni o‘qishga Yusufbek hoji jazm etmagan bo‘lar edi.

Abdulla Qodiriy bunday moʻtabar kitoblar qadr-qimmatini yaxshi bilgan. Demak, kitob mazmuni zamiriga yashiringan sir-sinoatni, umummohiyatni anglab olish o‘quvchi ko‘zi o‘ngida “Daloyil” o‘qiyotgan Yusufbek hoji siymosi yana serfazilat, ma’naviy-ruhiy dunyosi yanada boy qilib ko‘rsatiladi. Chunonchi, Abdulla Qodiriy asarlarida mashhur kitoblar vositasida qahramonlarni yetiltirish, o‘sha ramz va ishoralar yordamida ularni tavsiflash usuli muhim estetik hodisadir. Masalan, adib Anvar va Ra’nodek jiddiy, Kalvak mahzumga o‘xshash hajviy qahramonlari ma’naviy dunyosini ham kitoblarga daxl­dor holda ko‘rsatadi. “O‘tkan kunlar”da esa, Otabek “Boburnoma” o‘qiydi, Fuzuliyni varaqlaydi; Kumush: “Fuzuliy yaxshi kitob”, deydi. Yusufbek hoji Qur’on va “Daloyil” mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Xullas, XX asr o‘zbek adabiyoti xazinasining noyob javohirlaridan biri bo‘lmish “O‘tkan kunlar”dek hodisani milliy, umum­insoniy, badiiy-estetik jihatdan jahon adabiyoti mezonlari asosida tadqiq etish, qayta o‘qish, qayta baholash – bu bardavom jarayondir.

Bahodir KARIM


“Jadid” gazetasining 2024-yil 22 -martdagi 13-sonida

Report Page