YОSHLARNING YANGI G‘OYA VA TASHABBUSLARI YANGI IMKONIYATLARGA ZAMIN YARATADI

YОSHLARNING YANGI G‘OYA VA TASHABBUSLARI YANGI IMKONIYATLARGA ZAMIN YARATADI

Samarqand viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi


Bugun Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasida Respublika ishchi guruhi a'zosi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o'rinbosari Voxobjon Rajapov ishtirokida barcha tuman, shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudirlari hamda videokonferensaloqa tarzida mudir o‘rinbosarlari, ma’naviy-axloqiy tarbiya sho’basi rahbarlari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar kutubxonasi” va umumta’lim maktablari direktorlari bilan seminar tashkil etildi.

   Vazir o‘rinbosari o‘quvchilarning bahorgi ta’til davri hamda darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi to‘garaklar faoliyatini tizimli ravishda tashkil etish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, doimiy ravishda mahalla yetakchilari bilan hamkorlikda joylardagi uyushmagan yoshlarni qiziqarli tadbirlarga jalb qilish, umumta’lim maktablaridagi kutubxonalardan samarali foydalanish, sport zallarida turli sport musobaqalari tashkil etish va ularga yoshlarni qiziqtirish bo‘yicha topshiriq va tavsiyalar berdi.  

  - Joylarda yoshlar bilan doimiy ishlashning samarali tizimini yaratish kerak. Tabiatni, o‘simliklarni sevgan, san’at va sportga qiziqqan, kitobga mehr qo‘ygan yoshlar yuzlab, minglab tengdoshlarini o‘zlarining ortidan ergashtira oladi. Ularning yangi g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, yanada ruhlantirish va rag'batlantirish kerak, - dedi vazir o‘rinbosari.

   Shuningdek, seminarda “Yashil makon” loyihasi doirasida ta’lim muassasalari hududiga turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish, har bir topshiriq ijrosiga mas’uliyat bilan yondashish, o‘qituvchi va o‘quvchilarning kiyinish madaniyatiga e’tibor qaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixologlar, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar bilan ishlarni tizimli tashkil etish, o‘quvchilar davomatini doimiy ravishda nazorat qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 Seminar davomida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va yetakchilarning faoliyati yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

         

 Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.

Report Page