YOSHLAR DAFTARI

YOSHLAR DAFTARI nima?
Ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha maʼlumotlar bazasi.
YOSHLAR DAFTARIga kimlar kiradi?
Tuman (shaharlar)dagi har bir sektor kesimida mahallabay “Yoshlar daftari”ga o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:
ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar — muomalaga va mehnatga layoqatsiz, nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan (nafaqa olmaydigan), boquvchisini yo‘qotgan, yetim, “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyalangan, muqaddam sudlangan, probatsiya hisobida, profilaktik hisobda yoki maʼmuriy nazorat ostida turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlar, shuningdek, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchi farzandlari;
iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini boshlash, shuningdek o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar;
psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar — jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, turli xil muammolar sababli ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj yoshlar (suitsid sodir etishga harakat qilgan va boshqalar);
ishsiz yoshlar — haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli yoshlar (bundan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar mustasno).
YOSHLAR DAFTARIga kirish uchun kimga murojaat qilish kerak?
“Yoshlar daftari”ga kirish uchun quyidagilardan biri orqali murojaat qilish mumkin:
· yashash manzili bo‘yicha sektor rahbariga;
· www.yoshlardaftari.uz platformasi orqali elektron shaklda;
· 1093 qisqa raqamlari orqali operator bilan bog‘langan holda;
· yoshlardaftari telegram bot orqali (tez kunda);
YOSHLAR DAFTARIga kirtilgan yoshlarga qanday yordam beriladi?
- tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitiladi;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun mikrokreditlar va subsidiyalar ajratiladi;
- ish bilan bandligi taʼminlanadi;
- yetakchi tadbirkorlar va usta hunarmandlarga biriktiriladi;
- ikkilamchi ijara huquqi asosida dehqonchilik faoliyati uchun 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi;
- “Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatiladi;
- tibbiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi.
“YOSHLAR DAFTARI” JAMG‘ARMASIdan yoshlarga qanday moliyaviy ko‘mak beriladi?
1. Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi – BHMning 4 baravari (980 ming so‘m)gacha.
Bunda, bir marta beriladigan moddiy yordam to‘liq davlat taʼminotida bo‘lmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda, quyidagilarga tayinlanadi:
boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz yoshlarga;
I va II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
qaramog‘ida nogiron bola bo‘lgan yosh oila (er-xotinning biri)ga;
ota-onalardan biri I yoki II guruh nogironi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoki ikkala ota-ona ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar yetgan yoshlarga.
Murakkab hayotiy vaziyatga tushgan boshqa toifadagi yoshlarga, asoslantiruvchi sabablari mavjud bo‘lganda, sektorlar rahbarlarining xulosalariga asosan Vasiylik Kengashi qarori bilan bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.
Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni “Yoshlar daftari”dan chiqarishga asos bo‘lmaydi. Moddiy yordam shaxsga bir kalendar yil davomida bir marotaba beriladi.
2. Yoshlarni tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bo‘yicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarining 75 foizigacha qismi qoplab beriladi.
Bunda:
tadbirkorlik va kasbga qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish xarajatlari – BHMning 4 baravari (980 ming so‘m)gacha;
kasb-hunar va haydovchilik kurslari xarajatlarining bir oygacha – BHMning 4 baravari (980 ming so‘m)gacha, bir oydan ikki oygacha –BHMning 8 baravari (1 million 960 ming so‘m)gacha, ikki oydan ortiq muddatga – BHMning 12 baravari (2 million 940 ming so‘m)gacha.
O‘quv kurslari xarajatlarining qolgan qismi tinglovchi tomonidan nodavlat kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘quv kursi boshida to‘lab berilishi lozim.
3. Tomorqa yer egasi bo‘lgan yoki “Har bir yoshga — bir gektar” tamoyili asosida ikkilamchi ijara huquqi asosida ekin maydonlari ajratib berilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun subsidiya ajratiladi – BHMning 8 baravari (1 million 960 ming so‘m)gacha.
Bunda, sektorlar shtabi kotibi tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshning murojaati kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida joyiga chiqqan holda arizachining tomorqa yerida yoki ikkilamchi ijara huquqi asosida ajratilgan ekin maydonida urug‘lik va ko‘chatlar ekish uchun mavjud sharoitni o‘rganadi va o‘rganish natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzadi.
4. Tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlari ko‘pi bilan bir yil uchun qoplab beriladi – BHMning 25 baravari (6 million 125 ming so‘m)gacha;
Bunda, arizachi bino va inshootdan foydalanayotganligi to‘g‘risida ijaraga beruvchi bilan har oy yakuni bo‘yicha tuziladigan va keyingi oyning 5 sanasigacha taqdim etiladigan dalolatnomaga asosan Vasiylik kengashi bino va inshootning ijara haqi uchun to‘lovni ikki ish kunida ijaraga beruvchining hisob raqamiga o‘tkazadi.
5. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollari (motokultivatorlar, o‘t o‘rish o‘roq mashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari, o‘simliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik, qurilish uskunalari, kompyuter jamlanmasi va boshqalar)ni xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi – BHMning 40 baravari (9 million 800 ming so‘m)gacha.
6. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining mamlakatimizdagi professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish bo‘yicha to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravari (12 million 250 ming so‘m)dan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi.
Mazkur masala bo‘yicha murojaat qilgan fuqaro to‘lov-kontrakt summasining qolgan qismini to‘lash imkoniyatini asoslantirishi lozim.
7. Yoshlarga, jumladan, yosh oilalarga 12 oygacha turar joy uchun turar joy ijarasi kompensatsiyasi to‘lab beriladi – har oyda BHMning 3 baravari (735 ming so‘m)gacha.
Ijara haqini to‘lab berish uchun subsidiya ajratishda:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va ular bilan birga turadigan oila aʼzolariga, har bir oila aʼzosiga to‘g‘ri keladigan umumiy maydoni eng ko‘pi bilan o‘n olti kvadrat metrdan (kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa yigirma uch kvadrat metrdan) kam bo‘lmagan hajmda, biroq bir oila uchun jami 48 kvadrat metr oshmagan holda nazarda tutiladi;
turar joydan foydalanganlik uchun ijara haqi turar joyning umumiy maydonidan kelib chiqib, uning 1 kvadrat metr uchun bir oyga Toshkent shahrida BHMning 6 foizigacha, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida 4 foizigacha hamda boshqa hududlarda 2 foizigacha miqdorda belgilanadi. Bunda turar joyning 1 kvadrat metr uchun to‘lanadigan bazaviy hisoblash miqdorining aniq foizi har bir fuqaro uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
8. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlarining mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi – BHMning 50 baravari (12 million 250 ming so‘m)gacha.
9. Psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan pullik psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
10. Yoshlarning isteʼdodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish doirasidagi tadbirlar moliyalashtiriladi.
Bunda, sektorlar rahbarlari, tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari tomonidan Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari, taʼlim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari bilan birgalikda yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha tashabbuslari, ularning ehtiyojlari va xohish-istaklari o‘rganiladi va Vasiylik kengashiga tegishli tadbirlarni moliyalashtirish haqida taklif kiritiladi.
“YOSHLAR DAFTARI” JAMG‘ARMASIdan moliyaviy ko‘mak olish uchun kimga murojaat qilish kerak?
“Yoshlar daftari” jamg‘armasidan moliyaviy ko‘mak olish uchun quyidagilardan biri orqali murojaat qilish mumkin:
· yashash manzili bo‘yicha sektor rahbariga;
· www.yoshlardaftari.uz platformasi orqali elektron shaklda;
· 1093 qisqa raqamlari orqali operator bilan bog‘langan holda;
· yoshlardaftari telegram bot orqali (tez kunda).
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan ko‘mak arizachilarning arizalariga asosan ularning ehtiyoji va xohish-istaklarini o‘rganish natijalari bo‘yicha sektorlar rahbarlarining xulosalariga ko‘ra Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Vasiylik Kengashi tomonidan ariza va unga ilova qilingan tegishli hujjatlar ko‘rib chiqiladi va natijasi bo‘yicha “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ko‘mak berish yoki rad etish to‘g‘risida asoslantirilgan qaror qabul qilinadi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ko‘mak berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, Vasiylik kengashining tegishli qarori qabul qilingan kundan boshlab sektorlar shtablari kotiblari uch ish kuni ichida bu haqda arizachini yozma shaklda xabardor qiladi.
Yoshlar qanday hollarda “YoSHLAR DAFTARI”dan chiqariladi?
• bandligi taʼminlanganda (ishga joylashtirilganda, tadbirkor va usta hunarmandlarga biriktirilganda, dehqonchilik uchun yer maydonlari ajratilganda va h.k.);
• doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda (mikrokreditlar, subsidiyalar ajratilganda va h.k.);
• to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
• tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda;
• turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
• malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
• to‘liq davlat taʼminotiga olinganda;
• aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
• o‘z arizasiga ko‘ra;
• “Yoshlar daftari”ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
• boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
• sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
• arizachiga ko‘mak berish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
• arizachi vafot etgan taqdirda.
“Yoshlar daftari” bilan bog‘liq to‘liq maʼlumotga ega bo‘lish uchun quyidagi nomativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
1. “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” (Vazirlar Mahkamasining 11.03.2021-y., 132-son qarori) https://lex.uz/ru/docs/5328442
2. “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” (Vazirlar Mahkamasining 28.04.2021-y., 250-son qarori) https://lex.uz/ru/docs/5398681