Янги Тошкент аҳолиси зарур хизматлардан пиёда ёки велосипедда 15 дақиқа ичида фойдаланиш имкониятига эга бўлади
Бу ҳақда АОКАда ўтказилган брифингда Янги Тошкент дирекцияси Ахборот хизмати раҳбари Шаҳноза Нурматова маълум қилди.
Yangi Toshkent loyihasi — O‘zbekistonning eng yirik va istiqbolli urbanizatsion tashabbuslaridan biri bo‘lib, u nafaqat shahar infratuzilmasini zamonaviylashtirish, balki yashil va ekologik barqaror hududlar yaratish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali yirik investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi. Ushbu loyiha kelajak avlodlar uchun qulay, yashash uchun mo‘tadil va zamonaviy shahar muhitini shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Yangi Toshkentda yashil qurilish konsepsiyasini joriy etish O‘zbekistonning iqlim barqarorligi strategiyasining muhim tarkibiy qismidir. Shaharni barqaror rivojlantirishda energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish ustuvor yo‘nalishdir.
Shaharning energiya ta’minoti deyarli 100% qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslanadi. Birinchi bosqichda paxta poyalaridan ishlab chiqariladigan bioyoqilg‘i asosidagi trigeneneratsiya qurilmasi ishga tushiriladi. Bu inshoot 50 MVt issiqlik va 27 MVt elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Quyosh elektr stansiyalari va gidroelektr quvvatlari orqali shaharga 1 GVt dan ortiq yashil energiya yetkazib beriladi. Energiya uzluksizligini ta’minlash maqsadida yirik energiya saqlash tizimlari o‘rnatiladi.
Yangi Toshkentda binolar energiya va suv iste’molini 20-30% ga qisqartirish orqali an’anaviy binolardan samaraliroq bo‘ladi. Energiya samaradorligi tufayli yiliga 900 million kVt-soat elektr energiyasi, suv tejash texnologiyalari tufayli esa 4 million kubometr suv iqtisod qilinadi.
Inson shahar dizayni
Yangi Toshkentda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan dizayn konsepsiyasi tatbiq etiladi. Bu yondashuv aholiga qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Shahar aholisi zarur xizmatlardan piyoda yoki velosipedda 15 daqiqa ichida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu mahalla tizimini zamonaviy “15 daqiqalik shahar” kontseptsiyasi bilan birlashtirishni ko‘zda tutadi.
Shaharda transport tizimi inson ehtiyojlariga mos ravishda shakllantiriladi. Shaxsiy avtomobilga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish uchun jamoat transporti, piyodalar va velosiped yo‘laklari rivojlantiriladi. Turli transport vositalarining uyg‘unligi aholiga harakatlanish erkinligini ta’minlaydi.
Loyiha doirasida birinchi bosqichda yerning 30% yashil park va xiyobonlar uchun ajratiladi. Binolarda yashil tom texnologiyasi joriy etilib, ularning jazirama yoz kunlarida salqinlikni saqlashiga xizmat qiladi. Bu innovatsion yechim shaharning iqlimiy barqarorligini oshiradi va energiya tejamkorligini ta’minlaydi.
Yangi Toshkentda xalqaro e’tirof etilgan yashil qurilish standartlari tatbiq etiladi. Bu nafaqat ekologik jihatdan samarali, balki xalqaro investorlarga ham jozibador shahar muhitini yaratadi.
LEED, BREEAM va EDGE standartlari:
LEED (Leadership in Energy and Environmental Design): AQShda paydo bo‘lgan va dunyo bo‘ylab e’tirof etilgan yashil qurilish standarti.
BREEAM (Building Research Establishment Environmental Assessment Method): Birlashgan Qirollikda yaratilgan, qurilish sifatini baholovchi dastur.
EDGE (Excellence in Design for Greater Efficiencies): Xalqaro Moliya Korporatsiyasi tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ishlab chiqilgan oddiy va samarali standart.
Yangi Toshkent — bu nafaqat poytaxt infratuzilmasini rivojlantirish, balki kelajak uchun barqaror yashil shahar yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan, zamonaviy yashash muhitini yaratishga qaratilgan loyiha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yirik investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yashil shaharlar kelajak avlodlar uchun xavfsiz, qulay va iqtisodiy jihatdan samarali hayot tarzini ta’minlaydi. Shu bois, Yangi Toshkent loyihasi O‘zbekistonning urbanizatsion rivojlanishida peshqadam bo‘lishiga ishonamiz.