Yangihayotda yangicha hayot boshlandi
Bugun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov va poytaxt hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova oliy taʼlim muassasalari masʼullari hamrohligida “Tashkent indeks” savdo majmuasining turar joylarga moslashtirilgan binolarida joylashgan talabalar holidan xabar oldi va ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ayni vaqtda 6 ta binoda qariyb 4.5 ming oʻrinli joy hozirlanib, ularga Toshkent shahridagi 15 ta oliy taʼlim muassasasidan 2000 ga yaqin talaba joylashtirildi.
Xonalarni koʻzdan kechirish jarayonida vazir talabalar fikri bilan qiziqdi.
Zarur mebel jihozlari bilan taʼminlangan shinam xonalar, dars mashgʻulotlari uchun alohida joy, gaz uskunasi va muzlatgichlar oʻrnatilgan umumiy oshxona talabalar uchun xizmat qilmoqda. Hatto har bir xona sovitgich bilan jihozlangan, – deydi talaba.
Mutasaddilar ayni kechki ovqat payt borganliklari sababli talabalar bilan bir stolda ovqatlanishdi.
Talabalar bilan suhbat chogʻida oshxonaga idish-tovoqlarni olib kelishda noqulaylik mavjudligi maʼlum boʻldi. Vazir oshxonada idish-tovoqlarni saqlash uchun maxsus mebel oʻrnatish boʻyicha masʼullarga koʻrsatma berdi.
Shuningdek, masʼullar tomonidan talabalar uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratilayotgani haqida maʼlumot berildi. Bunda kunlar sovushini inobatga olib, yuvinish xonalarini turar joy yaqiniga koʻchirish, transportlarda qatnash uchun bepul chiptalar ajratish, har bir binoda alohida kutubxona va kompyuterxonalar tashkil etish choralari koʻrilayotgani aytildi.
Majmua toʻliq milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan qoʻriqlanishi, binolarda bittadan shifokor va tyutorlar navbati bilan almashib turishi guvohi boʻlindi.
Bundan tashqari, talabalarning kechki soat 22:00 dan soʻng kechikish holati boʻlmasligi, binolarda tartib saqlanib, ular hordiq olishi va erta azondan ortiqcha tashvishlarsiz oʻqishga otlanishlari uchun barcha choralar koʻrilgani taʼkidlandi.
Hafta oxiridan talabalarni ish bilan taʼminlash maqsadida yaqin atrofdagi ishlab chiqarish korxonalariga tur tashkil qilinadi. Majmuada bir talaba ehtiyoji uchun kerakli barcha sharoit yaratilmoqda, – deydi shahar hokimi oʻrinbosari.
Bir soʻz bilan aytganda Yangihayotda talabalar uchun yangicha hayot boshlandi.