YANGI O‘ZBEKISTON TA`LIMI JAHON HAMJAMIYATI E’TIROFIDA

YANGI O‘ZBEKISTON TA`LIMI JAHON HAMJAMIYATI E’TIROFIDA

 

Yangi O‘zbekistonni kelajagi ravnaqi dastavval ilm-fan taraqqiyoti hamda ta’lim-tarbiyaning rivojlanishi va takomillashishi bilan belgilanadi, shu bois mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ilm-fan, ta’lim-tarbiya hamda zamonaviy kadrlar tayyorlash masalalariga davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari 20-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ishtirok etib, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda inson manfaati uchun amalga oshirilayotgan ulug‘vor umumsiyosiy bir qator ishlar haqida atroflicha fikr-mulohazalar bayon etdi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan bir paytda O‘zbekistonda “Inson qadri va manfaatlari uchun” g‘oyasi asosida islohotlar amalga oshirilmoqda, inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash - O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan, har tomonlama rivojlangan shaxslar etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan. Keyingi besh yillikda sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish muhim va ustuvor vazifaga aylandi. Darhaqiqat, davlatimizning bosh maqsadi ham kelajak avlodning istiqbolini ta’minlashga, zarur shart-sharoit yaratishga, ularni yetuk insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan.

Bugungi kunda mamalakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, ayniqsa, yoshlarda kreativ dunyoqarashni shakllantirish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarimiz ongida yuksak ma’naviy komillik, yurt ozodligi, obodligi va xalqimizning farovonlik yo‘lida fidokorona mehnat qilish, o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan talabchan bo‘lish, o‘zida irodaviy sifatlarni tarbiyalay olish, intiluvchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik, ijodkorlik hamda mustaqil fikrlash layoqatiga ega bo‘lish kabi xislatlarni uyg‘otish hozirgi paytda muhim vazifalardan biri bo‘lmoqda. Yoshlarning aqliy va ruhiy boyligi, yuksak intilish va faolligi ko‘p jihatdan ma’naviy, jumladan, kreativ g‘oyalar va badiiy omillarga bog‘liqdir. Ularda ushbu omillarga asoslangan dunyoqarashni rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti BMTning yuksak minbaridan turib o‘z nutqlarida O‘zbekiston aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari ekanligi, hozirgi kunda Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi ayniqsa, dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolanganligi ham yurtimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasida ekanligini ko‘rsatmoqda.

Ushbu ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, albatta, kelajakda Yangi O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi nufuzini oshib borishiga, shuningdek, yuurtimizda yigit-qizlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishiga xalqaro ta’lim standartlariga javob beradigan yuksak axloqiy hamda ma’naviy sifatlarga ega kadrlar bo‘lib yetishishlariga imkoniyat yaratadi.

 

Sh.Sh.Olimov,

BuxDU “Pedagogika” kafedrasi mudiri, p.f.d., professor




Report Page