YANGI KITOB MUBORAK! 

YANGI KITOB MUBORAK! 


Jondor tuman hokimi San’atillo Hikmatov tashabbusi va homiyligida yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek qalamiga mansub “Mahmud Torobiy” dramatik dostoni va A.Yakubovskiyning “1238 yildagi Torobiy qo‘zg‘oloni” risolasi “Ma’naviyat” nashriyotida chop etildi.

 Buyuk mutafakkir adib, akademik Oybek ijodida Buxoro mavzusi yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. “Mahmud Torobiy” dramatik dostoni urush davrining talabi bilan tez yozilishi va sahna yuzini ko‘rib, tomoshabinlarni dushmanga qarshi mardona kurashga rag‘batlantirishi maqsadida yozilgan. Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi rahbariyati topshirig‘i bilan 1941 yilning 15 sentyabrida boshlangan “Mahmud Torobiy” opera-librettosi ustidagi ish o‘sha yilning 10 oktyabrida yakunlandi. Oybek 25 kunda 6 pardali opera-libretto (keyinchalik dramatik doston tarzida e’lon qilingan asar) ni yozib tugatdi. Oybek ijodini diqqat – e’tibor bilan kuzatgan kishi uning xalqni mustaqillik, madaniy va ma’rifiy taraqqiyot sari yetaklovchi tarixiy shaxslarga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgani va ularni o‘z asarlariga qahramon etib tanlaganini ko‘radi. Mahmud Torobiy ham Oybek uchun shunday siymolardan biri bo‘libgina qolmay, Vatan va xalq taqdiri hal etilayotgan bir vaqtda o‘z zimmasiga shu xalqni milliy ozodlik kurashi bayrog‘i ostida birlashtirishdek tarixiy vazifani olgan ulug‘ rahnamo edi. Uning nazarida, M. Torobiy nomi afsonalar bilan qurshalgan Muqanna va Xorazmshohning o‘g‘li Jaloliddindan ham kuchliroq, tom ma’nodagi xalq qahramoni edi. Oddiy bir g‘alvirchining mug‘ul qo‘shinlarini titratgan xalq qo‘zg‘oloniga boshchilik qilishida u xalqning tarix ijodkori sifatidagi kuchini ko‘rdi. Mahmud Torobiy singari kuchli shaxslarning tarix oldidagi burchini sharaf bilan o‘tashini tasvirlashga alohida e’tibor berdi. Asar 1944 yilda ilk marotaba sahnalashtirilgan. Alisher Navoiy teatri arxividagi suratlar va eskizlar shundan dalolat berib turibdi. Afsuski, ushbu asar sho‘ro davlat siyosatiga mos kelmaganligi uchun qayta sahnalashtirilmagan.

“Mahmud Torobiy” dostoni Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekning 1976 yil nashr qilingan makammal asarlar to‘plami 4-tomidan joy olgan. Mana yarim asrdan keyin (aniqrog‘i 47 yildan so‘ng) ushbu asar ilk marotaba qayta chop etilmoqda.

Jondor tuman hokimligiga ushbu xayrli ishga xayrixoh bo‘lganliklari uchun Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek uy-muzeyi direktori Oynur Toshmuhammedova va nashrga tayyorlovchilar Azalshoh Hamroyev va Mavluda Rahmonovalar tomonidan cheksiz minnatdorchilik izhor qilamiz.

Yangi tarixiy manba tarjimasi

Rus sharqshunos-olimi, akademik A.Yakubovskiyning “1238 yildagi Torobiy qo‘zg‘oloni” nomli risolasi ilk marotaba o‘zbek tiliga o‘girilib, tarjima va izohlari bilan chop etildi. Mazkur tarixiy manba BuxDU dosenti Azalshoh Hamroyev va Turon Zarmed universiteti katta o‘qituvchisi Mavluda Rahmonovalar tomonidan o‘zbek tiliga ilk marotaba tarjima qilinib nashr etildi.

Risola Alouddin Atomalik Juvayniy qalamiga mansub “Tarixi jahonkusho” ("Jahon fotihi tarixi") asari asosida tayyorlangan. Ahamiyatlisi shundaki, A. Yakubovskiy o‘z risolasida Mahmud Torobiy shaxsi va uning Vatan ozodligi yo‘lidagi say’i-harakatlari haqqoniy bahosini topgan va Alouddin Atomalik Juvayniyning “mo‘g‘ulparast” muallif sifatida yozib qoldirgan tuhmat va bo‘xtonlarini oshkora qoralangan. Akademik  Yakubovskiyning ushbu risolasi O‘zbekiston tarixining milliy ozodlik kurashi va ularning qahramonlariga nisbatan adolatni tiklash uchun qimmatli manba bo‘lib hisoblanadi. Ushbu risola yuqorida aytib o‘tilgan barcha kamchiliklarni oldini olish va kitobxonga 20 yil davomida Bog‘dod hokimi lavozimida mo‘g‘ullarga astoydil xizmat qilgan Atomalik Juvayniy kitobidagi xalq qahramoni, mo‘g‘ullar zulmiga qarshi xalqni otlantirgan Mahmud  Torobiy shaxsiga nisbatan adolatsiz ta’riflarni tahlil qilib, haqiqatni tiklashga xizmat qiladi.

Ushbu nodir kitobni BuxDU ARM iga "Sevimli kutubxonamga" sovg‘a aksiyasi doirasida mualliflar nomidan A.H.Xamrayev sovg‘a qildi. Aksiya davom etmoqda.

 

 

 


Report Page