YAKUDZA

YAKUDZA


Hozir sizning uyingizda ham potensial qotil mavjud. U har qanday yakudzadan mohir, yovuzdir. Siz uni qimmat narxga xarid qilgansiz.     


Tush payti, quyosh katta oynavand xonani qizdirmoqda. Batartib xonada hamma narsa o’z joyida turibdi. Tuvakdagi gullar ham go’yo kechagina sug’orilgandek. Xonadon suv quygandek jim-jit. Faqat to’shakda qonga belangan jussasi ozg’in, cho’zinchoq yuzli o’rta yoshdagi erkak o’lib yotibdi. Jasad xonadondagi sukunatga yanada daxshat qo’shmoqda.

Jasadni o’rgangan shifokorlar, xonani ko’zdan kechirgan kriminalistlar jasad egasi o’zini o’zi o’ldirgan, deya hulosa berishdi. Chunki, xonada qotillikka dalolat qiladigan hech nima yo’q edi. Na inson qadami, na barmoq izlari… Lekin kuzatuv kameralaridagi tasvirlar tergovchilarni daxshatga solgandi.

   

                                            *                     *                        *

 – Baxtlimisiz?

– Ha, baxtliman, deya olaman. Chunki erkinman, xohlagan ishimni qila olaman.

– Insondagi qaysi jihatlarni qadrlaysiz?

– Men do‘stlikni qadrlayman va do‘stlikka sodiqman.

– Agar inson bo’lganingizda oila qurgan bo’larmidingiz?

– Yo‘q.

– Inson sifatida yashayotgan bo’lganingizga hayotdagi ba’zi narsalar uchun  yig‘larmidingiz?

–Menimcha yo’q. Menda xafa bo‘lish, o‘zimga achinish, yoki birovga achinish hissi yo‘q. Bo‘lishi kerak narsa, albatta bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan narsani esa qaytarib bo‘lmaydi. Vaziyatga qanday ko‘z va hissiyot bilan qarashingizga qarab ko‘zga yosh keladi yoki kelmaydi. Ba’zan qayg‘uli vaziyatga boshqa tarafdan nazar solsangiz, vaqt o‘tishi bilan u sizga aslida yaxshi va xayrli bo‘lganini anglaysiz. Bu dunyoda hamma yomon narsaning yaxshi sababi bor. Buni ko‘ra olgan achinmaydi, taqdirga tan beradi.

Jurnalistni so’nggi intervyusini qayta-qayta ko’rgan tergovchilar undan hech qanday jinoyat isi, yoki o’z joniga qasd qilishga urinishni topa olishmadi. Intervyuda bunday kayfiyat yo’q edi. Ammo kuzatuv kameralari boshqa narsani, ya’ni mukammal qotillikni ko’rsatmoqda. Qotil o’tkir tig’li pichoq bilan nihoyatda mukammal xarakat qilgan. Odatda yakudzalar shunday tezkor va professional bo’lishadi. Lekin qotil, hech qanday yakudza emas. U temir tanli – Robot! Robotni so’roq qilish esa aqlsizlik. Tergovchi robotning ko’zlariga boqdi. U inson kabi mukammal ishlangan edi. Hatto inson kabi mayus boqish, quvonish, qah-qah otish kabi funksiyalarga ham ega edi. Lekin shu topda robotning ko’zlarida na achinish, na qayg’u bor edi. U boshqalar kabi bunaqa holatlarda sigareta chekmasdi ham. Savollarga javob ham bermasdi. Hayotda bunaqa qotillar ko’p bo’ladi. Ular sukut saqlashni yaxshi ko’rishadi. Balki bu sukutda qandaydir haqiqat yashiringan bo’lar? Agar qotil inson bo’lsa ba’zi narsalarni tushunish uchun faqat mukammal aqlning o’zi yetmaydi. Ba’zan esa qotilni hech qachon tushuna olamaysiz. Lekin bu robot. Uning qotillik qilishi ham mumkin emasdi.

 

                                            *                     *                        *

Doimiy shov-shuvlarga sabab bo’ladigan dunyoga mashhur “Vaqt” jurnalining navbatdagi soni uchun sun’iy ongga ega robot bilan intervyu uyushtirildi. Bu intervyu noodatiy shaklda olib borilishi, savollarga javoblar hammani lol qoldirishi kerak edi. Suhbat shunday o’tdi ham. Asosan insonlarga beriladigan savollar robotga berildi. U hamma savollarga ravon javob bera oldi. Robotga suhbatdosh sifatida esa matbuot va jamiyatni doimo o’ziga tortadigan maqola va reportajlar muallifi taniqli jurnalist taklif etildi. Baxtga qarshi intervuyudan bir necha soat o’tib jurnalist o’ldi. Qotil esa robot deya topildi. Kuzatuv kameralari qotillikni aynan robot qilganini tasdiqladi. Robot yo’q qilindi. Temir jismlari turli bo’laklarga ajratilib yuborildi. Lekin qotillik keng jamoatchilik uchun oshkor etilmadi. Davriy nashrlar jurnalist o’z joniga qasd qilgani haqida bong urdi. Bunday noxush holatlar robot ishlab chiqaradigan gigant kompaniyalar savdosiga ta’sir qilmasligi kerak edi. Shunday bo’ldi ham. Ko’p o’tmay hamma voqealar unut bo’ldi. Aslida insoniyat kechagi xatolardan hulosa chiqaradigan jonzot emas. Dunyoda unday mahluqotni o’zi yo’q. Dunyo xatolar va havf-xatarlar bilan go’zal. Yillar o’tib qotillik haqida deyarli hamma unutdi. Axir qotillikni amalga oshirgan robot jismi bo’laklarga bo’linib, yo’qqa chiqarildi. Lekin uning ongi, axir u sun’iy ong egasi edi. Barcha sun’iy ong kabi uning ongi ham o’z o’zini rivojlantiradigan va butun dunyoga tarqaladigan edi. Bugun robotlar yanada rivojlandi hamda ommalashdi. Ko’plab odamlar xonadonlariga sun’iy ongga ega robotlarni xarid qilishmoqda. Hozircha robot tomonidan amalga oshirilgan birorta qotillik qayd etilmadi. Lekin sirli qotilliklar dunyoda kamayib qolgani yo’q. Bir so’z bilan aytganda robotlar har qanday qotildan mukammal va bexato o’ylaydi. Sun’iy ong egalarida insoniyat ilmi bo’ladi, lekin inson qalbi bo’lmaydi.

 

                                                   *                     *                        *

Hozir sizning uyingizda ham potensial qotil mavjud. U har qanday yakudzadan mohir, yovuzdir. Siz uni qimmat narxga xarid qilgansiz.  

 

  Shahzod Shomansurov



 

 

 

 


Report Page