Joriy yilning 9 oyida xususiy sektorda ishlovchi 12 ming nafar ayolga 24,6 mlrd soʻm homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlab berildi
2022-yil 1-sentabrdan boshlab xususiy sektorda ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan toʻlash tizimi joriy etildi.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash hamda toʻlash tartibiga muvofiq ushbu nafaqa “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv” shaklda tayinlanadi.
Unga koʻra, nafaqani tayinlash uchun:
homilador ayolning xususiy sektorda ishlashi;
uzluksiz 6 oy ish stajiga ega ekanligi;
mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari mavjudligi mezon sifatida belgilangan.
Nafaqa miqdori minimal isteʼmol xarajatlarining 4 baravarini (bugungi kunda 2,3 mln soʻm) tashkil etadi.
Mazkur nafaqa Sogʻliqni saqlash vazirligining “Tibbiyot” axborot tizimiga tibbiyot muassasasining IT hamshirasi tomonidan homilador ayolning maʼlumotlari (mehnatga layoqatsizlik varaqasi) kiritilganidan soʻng elektron maʼlumotlar asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tayinlanadi.
Bunda, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ayolning ish stajini “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali, mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarini Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasi orqali avtomatik ravishda aniqlaydi.
Mezonlarga muvofiq deb topilgan ayollarga nafaqa Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan AT “Xalq banki” orqali toʻlanadi.
Davlat budjetida 2023-yilda xususiy sektorda ishlovchi 130 ming nafar ayolga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 300 mlrd soʻm mablagʻ rejalashtirilgan.
2023-yilning 9 oyida xususiy sektorda ishlovchi 12 ming nafar belgilangan mezonlarga mos boʻlgan ayolga homiladorlik va tugʻish nafaqasi tayinlangan va 24,6 mlrd soʻm mablagʻ toʻlab berilgan. Joriy yil 9 oylik tendensiyadan kelib chiqqan holda 2023-yil yakuniga qadar xususiy sektorda ishlovchi 19 mingdan ortiq ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 40 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
2024-yilgi budjet loyihasini tayyorlashda 2023-yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingan boʻlib, keyingi yilda xususiy sektorda ishlovchi 40 mingdan ortiq (2023-yilga nisbatan 2 baravar koʻp) ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun 100 mlrd soʻm koʻzda tutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi